Ichonch bergan kuch
Zarnigor Doniyorova maktabimizning 5-sinfini tugatdi. Hammamiz uni nafaqat aʼlochi oʻquvchi, balki sportchi qiz sifatida ham yaxshi taniymiz, unga havas qilamiz. Qarashlari tiyrak, qaddi – qomati kelishgan, nozik tabiatli qiz Zarnigor koʻpdan buyon badiiy gimnastika bilan shugʻullanadi. Murabbiy Lutsiya Yarulinaning suyukli, qobiliyatli shogirdi. U tuman, viloyat, hatto respublika chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib, ustoz mehnatini yuzaga chiqarmoqda, ishonchini oqlamoqda. Joriy yilning aprelida Zomin tuman hokimi kubogi uchun oʻtkazilgan viloyat musobaqasida 1-oʻrinni egalladi. Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari orasida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida oʻtkazilgan bellashuvda, Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining ochiq birinchiligida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritib, maktabimiz nomini respublikaga mashhur qildi.
Garchi badiiy gimnastika talablarini bajarish bir qarashda yengil, oson koʻrinsa-da, sportchidan juda katta kuch, gʻayrat va iroda talab qiladi.
– Dastlabki mashgʻulotlardan keyin oʻzimni shunday horgʻin, shunday ojiz sezardimki, balki boshqa qatnashmasman, deb ham oʻylardim. Ammo ustozimning mehri, ota-onamning umidi menga kuch berdi. Soatlab mashq qilishdan, butun vujudimni oʻzimga boʻysundirishdan choʻchimadim. Natijasi esa juda chiroyli boʻldi. Gʻalabalar menga yana gʻayrat, quvvat, oʻzimga ishonch beradi. Maqsadim – tinimsiz izlanib, sportimiz malikasiga aylanish, jahon chempionatlarida yangi rekordlar oʻrnatib, Vatanim sporti rivojiga farzandlik hissamni qoʻshish, – deydi Zarnigor mashgʻulot zaliga yoʻl olar ekan.
Biz yuragida ezgu orzular joʻsh urib, olgʻa intilayotgan tengdoshimizga oq yoʻl tilaymiz.
Mushtariybonu DONIYOROVA,
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi
13-maktab oʻquvchisi