Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iqror

Har kuni ertalab boshim qattiq og‘rib, o‘zimni lohas his qilaman. Buvim esa “Bu hammasi uyqudan kech turish va kam harakat qilishdan. Qiz bola epchil, chaqqon bo‘lishi lozim”, deya ta’kidlaydilar. Choyni xush ko‘ruvchi buvim har gal choynak ko‘tarib kirsam, meni maqtovlarga ko‘mib tashlaydilar...

Bu gal ham hozir maqtov eshitaman, degan o‘yda choyni ohista quyib uzatdim. Buvim choyni bir ho‘pladi-yu yuzi tundlashdi:

– Qanaqa choy damlading, Malika?

– Ko‘k choy, buvijon! Rangi ochroq bo‘libdimi? – dedim hayron bo‘lib.

– Yo‘q, yaxshi, o‘zing ham bir ichib ko‘r, keyin bilasan, – dedi buvim qoshlarini chimirib.

Choyni ichib ko‘rsam naq namakobning o‘zginasi-ya. Obbo, choy bilan tuz yonma-yon turgan edi. Xayol bilan choyning o‘rniga tuz solib damlabman-ku! Aybimni berkitish uchun choynakni qo‘limga oldim-da:

– Hozir sizga zo‘r choy damlab kelaman, buvijon, – dedim. Buvim esa cho‘ntagimning yonidan ko‘rinib turgan qo‘l telefonimga ishora qilganicha:

– Bu ahvolda choy o‘rniga murch yoki achchiq qalampir solib kelsang ham ajablanmayman. Sen qizga o‘zi qachon aql kiradi-ya?! – dedi bosh silkib...

“Shu buvimga hech bir ishim yoqmaydi-da. Erta tur, ko‘cha, hovli supur. Supurganingda, qozon boshida turganingda, albatta, boshingga ro‘mol o‘rab olgin. Shim emas, uzunroq kiyim kiy, egilganda yon-veringga qarab sergak bo‘l. Ko‘ylagingni yoqasi yopiq bo‘lsin... Hech nasihatlari tugamaydi-da o‘ziyam. Har kuni bir soatlik doklad yoki ma’ruzalari tayyor turadi. Kattalar yoshlarni tushunishmaydi, deb shuni aytishsa kerak-da”. Malika o‘zini chalg‘itish uchun qulog‘iga quloqchinni taqqanicha qo‘shiq eshita boshladi.

Ertasiga eshik qo‘ng‘irog‘i ovozidan uyg‘onib ketgan Malika oyna tirqishidan kim ekan deya, ajablanib qaradi. Qishloqdan buvisining uzoq qarindoshlari kelganini ko‘rib, “Tavba, shunday kallayi saharlab ham birovnikiga mehmonga kelishadimi? Biz mehmonga bormoqchi bo‘lsak ertalabdan kechgacha hozirlik ko‘ramiz-ku”, deb ko‘rpasini yana boshiga tortdi.

Suhbat chog‘ida Xosiyat buvi qishloqdagi yangiliklarni eshitib dili yayradi. Ketishga chog‘lanmoqchi bo‘lgan Feruza opa xijolat bo‘lib:

– Qizim Nodira bu yil kollejning 1-bosqichini tamomladi. O‘qishlari a’lo. Hozir ta’til bo‘lgani uchun meni holi-jonimga qo‘ymay yetaklab keldi. Shaharda zamonaviy pardalar tikishni o‘rgatadigan kurslar bor ekan. Qo‘ng‘iroq qilib manzilini aniqladik. O‘quv kursi uch oy davom etarkan. O‘zingiz bilasiz, men ham har kuni ishdaman. Kelishilgan holda shu uch oylik o‘quv mashg‘ulotini bir oyda o‘rgatadigan bo‘lishdi. Shunday qilmasak ro‘zg‘or ishlarida qiynalib qolamiz. Shu bir oy sizlarnikidan qatnab o‘rgansa degandim... – dedi. Xosiyat buvining chehrasi yorishib ketdi:

– Bemalol. Hech xijolat bo‘lmang. Malika bilan o‘rtoq bo‘lib zerikishmaydi, – dedi.

Malika uyqudan turib Nodiraga sinchiklab qaradi. Bildiki, ikkalasining yoshi deyarli bir xil ekan. Nodira ancha quvnoq, kirishimli, o‘zi bilib uy yumushlariga ko‘maklasha boshladi. Uni kuzata turib Malikaning xayolidan, “Buvimga shunga o‘xshagan qizlar juda yoqsa kerago-ov”, deya o‘yladi. Darhaqiqat, Nodira hammaga yoqib qoldi. U erta tongda turib ko‘cha va hovlilarni supurar, nonushta tayyorlar, arzimagan masalliqlardan turli xildagi shirinlik, salat va taomlar tayyorlardiki, uydagilarning barchasi kichik mehmonga tahsinlar aytishardi. Uy yumushlarini bajarayotganda boshiga, albatta, ro‘mol o‘rab olardi. Buvim Nodirani kuzatar ekan, “Qizlarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari ko‘p ekan-da”, dedi. Unga mehr bilan qarab turgan buvimdan jahlim chiqdi:

– Namuncha o‘sha qarindoshingizni maqtamasangiz. Baribir u shahar qizlaridek bo‘la olmaydi. Kiyinishda, yurish-turishda... Buvim esa parvosizgina:

– O‘xshamaganiyam durust, – dedi. Buvim, oyim, dadam, hattoki ukalarim ham Nodirani yaxshi ko‘rib qolishdi. Xuddiki men uyda yo‘qdek. Hech kim menga bormisan, nima qilyapsan, nega xafasan, demaydi. Hamma e’tibor Nodiraga qaratilgan. Ayniqsa, buvim bilan bir xonada turishi, ularning qizg‘in suhbatlari g‘ashimni keltirardi. Nodira hammasiga ulgurardi. Uy ishlariga ko‘maklashishga ham, o‘quv kursiga borib kelishga ham...

Bir kuni o‘quv kursiga ketishga tayyorlanayotgan Nodirani zimdan kuzatdim. Tartib bilan o‘rilgan uzun soch, silliq qilib dazmollangan oddiygina, lekin bejirim ko‘ylak, poshnasi uncha baland bo‘lmagan tufli. Ortidan kuzatib qolar ekanman, ich-ichimdan uning nozik va chiroyli ekanligini his qildim, ammo buni tan olgim kelmasdi. Men xohlasam bundan-da ishchan va chaqqon bo‘la olaman, dedim. Kechki payt vaqtli turish maqsadida soat millarini 6: 00 ga to‘g‘rilab qo‘ydim. Soat jiringi eshitilishi bilan shoshib o‘rnimdan turdim-da hovliga chiqdim. Qarasam, Nodira allaqachon uyqudan turgan, ko‘cha va hovlilarga suv sepibdi. Shunday qilib u hovlini, men esa ko‘chani supuradigan bo‘ldik.

Uyga kirganimda Nodira hovlini supurib bo‘lgan, nonushta tayyorlayotgan ekan. Ustidagi kiyimi, ro‘moli ham boshqa. Kiyimini o‘zgartirishga ham ulguribdi-ya. Hamma nonushtaga o‘tirganida men changdan tarashaday qotib qolgan sochimni taray olmay xunob edim. Dasturxon boshida Nodiraning uzun sochlari tovlanib turganini ko‘rdim-u, ro‘mol o‘rash soch parvarishi uchun, tozalik uchun ham zarur ekanligini tushundim...

Choyni yangilash uchun chaqqonlik bilan o‘rnidan turgan Nodirani ortidan kuzatar ekan, buvim:

– Malika, senga tiktirib bergan ko‘ylaklarimni hech birini kiymayapsan. Yap-yangi turibdi. Birortasini Nodiraga sovg‘a qilsang bo‘larkan. Bichimingiz bir-biringizga to‘g‘ri kelarkan, – deb qolsalar bo‘ladimi.

– Buvijon, axir ular menga atab tikilgan, o‘zim kiyaman, Nodiraga boshqa tiktirib beraqolaylik, – dedim qizg‘anayotganimni sezdirmaslik uchun.

Xullas, Nodiradan ortda qolmaslik uchun javonimda taxlanib yotgan ko‘ylaklarimni oldim. Hammasini dazmollab bir qator qilib shkafga ilib qo‘ydim. Bu safar soat qo‘ng‘irog‘ini 5: 00 ga qo‘ydim. Erta tongdan ko‘ylagimni kiydim-da, boshimga buvim bergan ro‘molni o‘radim. Hamma joyni chinnidek yaraqlatdim. Nonushta tayyorlayotgan Nodira menga qarab jilmaydi-da:

– Biram chiroyli bo‘lib ketibsanki, o‘rtoqjon, – dedi. Men esa ich-ichimdan Nodiradan minnatdor edim. “Rahmat”, dedim samimiylik bilan. Barvaqt uyg‘onganim uchun o‘zimni qushdek yengil his qildim. Buvimning so‘zlari rostligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Ana-mana deguncha Nodiraning bir oylik o‘quv kursi tamom bo‘lganini sezmay qolibmiz. Uni qishloqqa kuzatar ekanmiz, go‘yoki uyimiz huvillab qolgandek bo‘ldi... Buvim menga qarab:

– Nodira ajoyib qiz ekan. Qo‘shnilarimiz ham qizlariga Nodirani o‘rnak qilib ko‘rsatishdi. Sen mensimagan qiz hammani lol qoldirdi, – dedilar. Men aytgan gaplarimdan afsusda:

– Yo‘q, buvijon. Nodira mehnatkash, zamonaviy va madaniyatli qiz. Qayerda bo‘lmasin, hammaning o‘z o‘rni bo‘lsin ekan, – dedim.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.