Isteʼdodga beshik boʻlar Zominim
Shu yilning 3-iyul kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida Zominning xushmanzara va bahavo goʻshasi boʻlmish “Oʻriklisoy” oromgohida anʼanaviy Yosh ijodkorlar respublika seminari oʻz ishini boshladi.
Toshkent shahridan Zomin sari koʻrkam avtobuslarda yoʻl olgan mamlakatimizning atoqli adiblari va yosh ijodkorlari avval Jizzax shahriga kirib, adib va jamoat arbobi Sharof Rashidov, atoqli shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari poyiga guldastalar qoʻyishdi. Ularning xotirasini yod etdilar. Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti va ijodiga bagʻishlab ochilgan muzeyga tashrif ijod maydonida endigina qanot qoqayotgan yosh yigit-qizlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Seminar ishtirokchilari shundan soʻng Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshchiligida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida boʻlishdi. Maktab oʻquvchilari bilan qizgʻin muloqot boʻlib oʻtdi. “Ijod” fondi koʻmagida nashr etilgan mamlakatimiz adiblari qalamiga mansub kitoblar maktab kutubxonasiga tuhfa qilindi.
Yosh ijodkorlar respublika seminarining tantanali ochilish marosimida asosiy eʼtibor yurtimizda adib va shoirlar, qolaversa, endi adabiyot maydoniga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yosh ijodkorlarning mustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyoridan qoʻyayotgan qadamlari qutlugʻ boʻlsin” degan hikmatli soʻzlari Zomin seminarining bosh shioriga aylandi.
Seminar davomida yosh ijodkorlar badiiy adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya, publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid yoʻnalishlari boʻyicha turli guruhlarga boʻlinib, ustoz adib va shoirlardan mahorat sirlarini oʻrganishdi, tajriba almashishdi, ijodiy doʻstlar orttirishdi.
Seminarning yana bir muhim jihati, unda respublikamizdagi ixtisoslashgan maktab oʻquvchilari ham tinglovchi sifatida qatnashib, adabiyot haqidagi tasavvurlarini boyitishdi.
SOʻZ ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA
Anvar Obidjon, Oʻzbekiston xalq shoiri: – Zominga kelayotgan yoshlar orasida bevosita bolalar adabiyotiga qiziqayotganlarning yildan-yilga koʻpayib borayotgani meni quvontiradi. Avvalgi yillarda bu shoʻbada atigi 2-3 nafar yosh ishtirok etardi. Oʻtgan yili ularning soni 5 nafarga yetdi. Bolalar nasrida ijod qilayotganlar ham son va sifat jihatdan yaxshilanmoqda. Mana shu holatlar meni juda umidlantiradi. Zomin seminariga oʻxshash anjumanlar oʻzini kashf etishga intilayotgan har qanday yosh uchun katta imkoniyat, desam toʻgʻri boʻladi.
Ahmadjon Meliboyev, badiiy publitsistika yoʻnalishi raisi: – Bunday seminarlarning isteʼdodlarni kashf etishdagi ahamiyati beqiyos. Hech kim isteʼdodsiz tugʻilmaydi, har bir odamning maʼlum bir soha yoki kasbga layoqati boʻladi. Faqat unda qiziqish uygʻotish, taʼbir joiz boʻlsa, uni isteʼdodi borligiga ishontira olish, yuragini yoqa bilish kerak. Bu isteʼdodni tarbiyalash, kamolga yetkazish demakdir.
Nuriddin Ermatov, qatnashchi: Oʻriklisoy chinakam ijod darsxonasiga aylandi. Sheʼrlarini oʻqib, havas qilib yurgan katta shoirlar bilan uchrashdik. Ularnig maslahatlaridan bahramand boʻldik. Mushoiralar, doʻstona bahslar ham bizning ijodxonamizni yanada kengaytirdi.
Abdumajid AZIMOV