Kashfiyotlar olamida
“Ta’til faqat dam olish emas. O‘z kuchini, bilimini sinash, uni namoyish qilish uchun yaxshigina imkoniyat ekan”, deyishdi Respublika “Barkamol avlod” texnik ijodiyot markazida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov ishtirokchilari. Men yosh iqtidorlar – “Yilning eng yosh ixtirochisi” respublika ko‘rik-tanlovida bir-biridan antiqa ixtirolar kashf qilgan o‘quvchilar bilan tanishgach, ularning yuqoridagi fikriga to‘la qo‘shildim. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan – turli tillarda gapirayotgan robot, aqlli qo‘g‘irchoqlarni ko‘rib bu kashfiyotlardan siz ham xabardor bo‘lishingizni istadim.
Ozoda Ubaydullayeva – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 18-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. U ishlatishga yaroqsiz buyumlardan bolalar uchun qalamdon, gultuvaklar yasashni yaxshi ko‘radi. Qoraqalpog‘iston televideniyesida ikki yildan beri “Mohir qo‘llar” ko‘rsatuvining boshlovchisi. U tengdoshlariga tikuvchilik sirlari bilan birga karton va yelim idishlardan turli buyumlar yasashni o‘rgatmoqda. Tanlovga Ozoda uy ishlariga yordam beradigan “Cho‘tka robot”i bilan qatnashayotgan ekan. Ozodaning qo‘g‘irchoq roboti oddiy yelim qutidan tayyorlangan, u changyutkich vazifasini bajararkan. Oyoq qismiga cho‘tka o‘rnatilgan robot batareya yordamida harakatlanadi. Qorin qismiga joylashtirilgan tugmachani burasangiz bas, oyoq ostidagi mayda chiqindilarni tozalashga kirisharkan. Ixtirochi qiz kelajakda miyasiga joylashgan fayldan o‘qib, oshxona yumushlarini birma-bir bajaradigan aqlli qo‘g‘irchoq yaratish niyatida ekan.
Asilbek Eshnazarov – Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Tuman “Barkamol avlod” texnik ijodiyot markazining faol a’zosi. Asilbekning qo‘shnisi fermer. Fermer amakining egatlarni kultivatsiya qiladigan traktori va kombayni bor. Lekin u kishi yer maydoni katta bo‘lgani uchun ko‘p ishga ulgurmaydi. Asilbek qo‘shnisiga qanday yordam berish mumkinligi haqida o‘ylay-o‘ylay, oxiri topdi. Dehqonlarning ishlarini biroz yengillashtirish maqsadida “Kartoshka ekuvchi traktor” ixtiro qildi. Bu ishchan traktor bir vaqtning o‘zida jo‘yak olib, o‘g‘it sepib, urug‘larni yerga ko‘markan. Ana shunda dehqonlar og‘irini yengil qilgan ixtirochi bolakay bilan faxrlanib yursa, ajab emas. To‘g‘ri, bu “traktor” hozircha oddiy karton qog‘ozdan yasalgan. Ammo Asilbek bu g‘oyani amalga oshirish uchun kelajakda traktor zavodida o‘z loyihalarini taqdim etib, modelning haqiqiysini yaratish niyatida.
Yana bir ixtirochi – qashqadaryolik tengdoshingiz Dilnigor Ochilova. U ulg‘aygach, o‘qituvchi bo‘lmoqchi. Maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun dangasa, ko‘p dars qoldiradigan bolalarni yoqtirmaydi. O‘quvchilarga darsni qiziqarli va tushunarli o‘tib, a’lochilar sonini ko‘paytirmoqchi. Ana shu orzusi amalga oshishi uchun ham “Istiqlol g‘unchalari” nomli elektron o‘yin qurilmasini yaratdi. Qurilma uch qismdan iborat. U o‘quvchilarning aql charxini sinashda ancha qo‘l kelarkan. Ya’ni doira shaklidagi qurilmaga 12 vt batareya o‘rnatilgan bo‘lib, tovushingiz orqali harakatlanadi. Doiradagi ko‘rsatkichga “ishla” buyrug‘ini bersangiz bo‘ldi, turli fan va mavzularga oid savollar bo‘ylab yo‘lga tushadi va ularning birida to‘xtaydi. Qurilma mili to‘xtagan savollarga javob berish uchun ikkinchi qismda yashiringan amallarni bajarasiz. Topshiriqni qay darajada bajarganimni qanday aniqlayman deb, o‘ylab qoldingizmi? Bu borada sira tashvishlanmang. Dilnigor bu haqda ham puxta o‘ylagan. Aniq javoblar variantini uchinchi qismga joylab, o‘quvchilar vazifani qanchalik to‘g‘ri yoki xato bajarganini bilib borishlari mumkin. Uning aytishicha, bu usul barcha tengdoshlariga manzur bo‘ladi. Sababi, o‘quvchilarga bo‘sh vaqtini mazmunli va qiziqarli o‘tkazish uchun intellektual o‘yinlardan foydalanish ko‘proq yoqarkan. Dilnigor G‘uzor tumanidagi 77-maktabning 8-sinfida o‘qish bilan birga fizika fanidan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ham qatnamoqda.
Pult yordamida harakatlanadigan robotni ko‘rganmisiz? O‘zini Bahodir Yusufxonov, deb tanishtirgan yana bir ixtirochi o‘quvchi tanlovda pult tugmachasi orqali boshqariladigan roboti bilan qatnashmoqda. U Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 28-maktabning 8-sinfida o‘qiydi. Chiqindilarni tashishga mo‘ljallangan bu robot zavodlarda ishchi kuchini tejarkan. Bahodirning bunday robot yaratishiga nima turtki bo‘ldi ekan, deb o‘ylab turganimda, u gugurt cho‘plaridan yasalgan dala hovli maketini ko‘rsatdi. Mohirlik bilan ishlangan bu maket muallifi ham Bahodir ekan. Registon maydoni, qovoqlarga chizilgan miniatyuralar, bolalar o‘yingohlari, shaxmat donachalari, keksalar uchun choyxona va supalarni ham did bilan yasagan ixtirochi ukamizga qarab, yashavor, Bahodirbek, deb yubordim.
Tanlov kechgacha davom etdi. Respublikamizning barcha hududlaridan tanlovga kelgan ixtirochilarning orzu-istaklarini tinglab, vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish tuyg‘usi porlab turgan ko‘zlariga qarab, yurtimiz kelajagi mana shunday sog‘lom fikrli, izlanuvchan yoshlar qo‘lida ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Iroda UMAROVA