Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktablarda shaxmat darsi: xabaringiz bormi?

O‘tmish sahifalariga ko‘z yugurtirsak, shaxmat buyuk bobolarimiz hayotida muhim o‘rin tutganligiga amin bo‘lamiz. Zero, aql charxiga mengzalgan shatranj (shaxmat) ularning nafaqat shuurini boyitgan, balki ko‘plab muhorabalarda asosiy dastur bo‘lib xizmat qilgan.

Tarixchi Ibn Arabshoh o‘zining “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) asarida bobomiz Amir Temurning shaxmatga munosabati haqida shunday deydi: “Temur har handay hunar va kasb bo‘lmasin, agar unda biron fazilat va sharofat bo‘lsa, shu kasb egalariga g‘oyatda mehr qo‘ygan edi...

...U o‘z fikrini peshlash maqsadida muttasil katta shatranj o‘ynardi. Bu shatranj taxtasining eni o‘n bir, bo‘yi o‘n (xona)dan iborat edi. Unda ortiqcha ikki tuya, ikki jiraf, ikki taliy’a (oldingi), ikki zubaba (chivin), vazir va boshqa toshlar bor edi...”

Tarix – ko‘zgu. Bizga ibrat bo‘lgulik o‘tmish voqealarining sanog‘i ko‘p. Ammo hozir-chi? Tan olib aytishimiz lozimki, so‘nggi yillarda xalqimiz, ayniqsa, sizdek yosh avlod hayotida shaxmatning o‘rni va ahamiyati bir qadar kamayib borayotganligi, afsuski, bor gap. Orangizdan hatto shaxmat donalarining nomini to‘liq bilmaydigan, ularning harakat yo‘nalishlari haqida dastlabki tasavvurga ega bo‘lmagan tengqurlaringiz ham topiladi. Istaymizmi, yo‘qmi, bugungi manzara shu.

Mazkur holatni izga solish, o‘quvchi-yoshlar qalbida shaxmatga mehr uyg‘otish maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab xayrli ishga qo‘l urilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ya’ni, shu yilning 9-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qabul qilingan qaroridir. Xo‘sh, bu bilan nima o‘zgardi?

Avvalo, xalqimiz orasida shaxmatni ommalashtirish borasida huquqiy asos yaratildi. Qonuniy kuchga kirgan ko‘plab tamoyillar negizida bu sport turining yanada rivojlantirish bo‘yicha bir nechta katta loyihalar boshlab yuborildi. Sizning-chi? Sizning hayotingizda bu qarorning ahamiyati qanday kechmoqda?

To‘ppa-to‘g‘ri... shaxmat maktab darslariga alohida fan sifatida kiritildi.

Bu xushxabardan kimningdir xabari bor-u, kimningdir esa yo‘q. Chunki qo‘llanilgan imtiyozdan hozircha barcha maktablar-u o‘quvchilar foydalana olmaydi. Nima uchun, deysizmi? Keling, shu kabi ba’zi savollarimizga javob topish maqsadida Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi 81-maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Rohila opa Hamroyeva so‘zlariga quloq tutaylik:

– Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur Qarorga muvofiq majburiy maktab dasturlari doirasida respublikamizdagi 150 ta maktabda tajriba shaxmat darslari joriy etildi. Dars asosan 2-sinf o‘quvchilariga o‘tiladi. Sababi shaxmatni o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturlarini tayyorlash, fanning moddiy-texnik bazasini tashkil etish biroz vaqt talab etishi, tabiiy. Kelgusida barcha maktab o‘quvchilarini shaxmat darslariga to‘la qamrab olish nazarda tutilgan.

Bizning maktabda ham yangi o‘quv yilidan boshlab tajriba tariqasida shaxmat darslarini o‘tish yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilarimizning shaxmatga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi juda baland.

Ko‘rib turibsizki, agar maktabingizda hali shaxmat darslari o‘tilishi boshlanmagan bo‘lsa, kelgusi yillardan albatta, siz ham shaxmat darsida qatnashasiz. Buning uchun sizdan biroz sabr qilish talab etiladi xolos. Yaxshisi, shaxmat o‘ynashni biladigan biror do‘stingiz yoki sinfdoshingizdan uning hech bo‘lmasa, boshlang‘ich qoidalarini o‘rganib turing. Shunda darslarni o‘zlashtirish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.