Manguga muhrlanganlar yodi
Uzoq emas, yaqin 20-25 yil avval ota-onalarimiz, yoshi ulug‘ keksalarimiz qo‘llarini duoga ochib yuzlariga fotiha tortishganda, “Biz ko‘rgan urushni, ochlik, yo‘qchilik, qahatchilik kunlarini sizlar ko‘rmanglar. Yaratganning o‘zi balo-qazolardan asrasin”, deyishardi. Hozir esa ular “Tinchlik va xotirjamligimizga ko‘z tegmasin, hech kimdan kam bo‘lmaylik, farzandlarimizning kamolini ko‘raylik, ularning tolei baland bo‘lsin”, deb duo qilishadi. Ha, yillar o‘tgani sari xalqimiz, bobolarimiz bosib o‘tgan og‘ir, zim-ziyo yo‘llarning rangi, tusi o‘zgarib bormoqda. Odatda qora ranglarni motam, zulmatga qiyoslaydilar va o‘tgan fojiali kunlarini “qora kunlar” deb eslaydilar. Hayotning beshafqat sinovlariga dosh berib, zulmat ichra nur izlagan xalqimiz, ko‘p sinoatlarniboshidan kechirgan ota-bobolarimiz haqida har qancha so‘zlasak, o‘tganlarning xotirasiga yuksak ehtiromlar ko‘rsatsak arziydi. Negaki ular 70 yildan ortiq mutelikda kun kechirdilar. Sho‘rolar bosqini, ikkinchi jahon urushi, qatag‘on yillari, afg‘on urushi, “paxta ishi”...ularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlari mamlakatimizning Bosh maydonida Xotira xiyobonidagi tarix kitoblariga zarhal yozuvlar bilan bitilgan. Yurtdoshlarimiz bu xiyobonga uzoq yillar avval yo‘qotib qo‘ygan o‘z yaqinlarining qabrini ziyorat qilmoqchidek turfa gullar ko‘tarib keladilar. Bir muddat Motamsaro ona haykali qarshisida o‘tganlarni xotirlaydilar, lablari pichirlab duolar o‘qiydilar, lavhlardagi ism-shariflarga diqqat bilan qaraydilar, izlagan insonlarining ismi-sharifini topib, qo‘llari bilan siypalab qo‘yadilar va ko‘ngillari taskin topib ortlariga qaytadilar.
Har safar poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi atrofi yashillikka burkangan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuiga borganimda ulug‘ zotlarning muborak ruhlari kezib yurganini his qilaman, ular haqida eshitganlarim, o‘qiganlarim yodimga tushadi. U yerdagi ramziy qabrni ziyorat qilgach, zinalardan pastga tushib “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga yo‘l olaman. Muzey devoridagi portretlar yoniga borib uzoq tikilib qolaman. Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy... Ularning suratlari meni yana yaqin o‘tmishga yetaklaydi, ezgu ishlarini yodga olishga, xalqimiz, millatimiz uchun chekkan jabr-u jafolarini eslashga undayveradi. Bugungi ozod va obod kunlarni orzu qilib yashagan insonlar... Umrining ayni kuch-g‘ayratga to‘liq pallasida hayotdan mahrum etilgan vatanparvar shaxslar... Shoir, yozuvchi, jadid ma’rifatparvarlari. Bu insonlarning tabarruk nomlari nafaqat tarix va xotira kitoblariga, balki xalqimizning ong-u shuuriga mangu muhrlangan.
Bugun esa siz-u biz odimlayotgan yo‘llar go‘zal va betakror maskanga, gulzorlarga-chamanzorlarga aylandi. Xalqaro hamjamiyatda xalqi baxtli yashayotgan mamlakatlar safidan joy oldi. Endi esa qalam ahli bu farovon va baxtiyor yurtga ta’rif berayotganda yorqin – oq, yashil, moviy, sariq ranglardan foydalanmoqdalar. Uyg‘onish, harakat, bahor, ezgulik bilan uyg‘un holda – tiriklik, hayot ramzini ifoda etmoqdalar. Ifodalaganda ham to‘lib-toshib, chin ko‘ngildan, jo‘shib ta’riflamoqdalar.
Zahro HASANOVA