Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehnatga “rahmat”

Malika aslida telefonda gaplashishni unchalik xush ko‘rmaydi. Undagi o‘yinlarga ham ko‘p qiziqmaydi. Ammo qachon qarama, qulog‘ida naushnik – qo‘shiq eshitgani-eshitgan. Qo‘yib bersang, kun bo‘yi qulog‘idan uzmaydi. Kimdir u-bu narsa so‘rasa ham, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlasa ham miq etmay o‘tiraveradi. Bu ham mayliku-ya, katta yo‘ldan o‘tayotganda mashinalar signaligayam “e’tibor qilmayapti”. Bir marta mashina urib ketishiga sal qolgan. Mashinasini arang to‘xtatishga ulgurgan haydovchi unga rosa baqirdi. Ikkala qulog‘ida naushnik, baland ovozda qo‘shiq tinglab ketayotgan Malika esa haydovchining vajohatini payqamadi ham.

Simli ovoz uzatkichlar juda mo‘rt bo‘ladi, shekilli, chuvalanib, bir pasda ishlamay qolgach, Malika yugurib borib, do‘kondan yangisini sotib oladi. Qarabsizki, bir oyda xarid qilingan naushniklarining puliga ikkita yaxshi kitob olish mumkin.

Kitobdan Malika bilan birga akasi, singlisi, dugonasi uzoq yillar foydalansa bo‘ladi. Ammo quloqni qomatga keltirib, eshitish va miya faoliyatiga zarar keltiruvchi bu simli moslamalar ishlamay qolgach, axlat qutilarni to‘ldirishga xizmat qiladi xolos. Malika naushnik uchun sarflagan mablag‘iga dadasi biror kommunal to‘lovni amalga oshirishi yoki zarur ehtiyoj uchun ishlatishi mumkin edi...

Unga oyisi “keraksiz chiroqlarni o‘chirib yur”, deb hech o‘rgatolmaydi. Ba’zan kattalar ishda bo‘lganida chiroqlar kun bo‘yi ham yonib turaveradi. Hovliga suv sepayotganda jo‘mraklarni ochib-yopaverishga erinadi. Muzlatkichdan tez-tez xabar olib turmagani uchun yelim xaltada qolib ketgan yeguliklar “ko‘zdan panada” aynib qoladi. Agar Malika bularning hammasiga mehnat qilib topgan pullarini sarflaganida, ehtimol, tejab ishlatarmidi?! Isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan xonadondan baraka xafa bo‘lib, chiqib ketarkan.

Yoki masalan, Azimjonni olaylik. Uni hech uydan topib bo‘lmaydi, ko‘chaga oshiqaveradi. Ayniqsa, yuqori sinfga o‘tganidan beri, oshna-og‘aynisi ko‘paygan, hadeb darvozasi taqillayveradi. Bu bola o‘rtoqlari bilan vaqtni qayerda o‘tkazarkan, deb qiziqsam, mahalla boshidagi bilyardxona ularning “gurungini qizdiradigan guzar”ga aylanib bo‘libdi. Soatiga pul to‘lab o‘ynaladigan bu o‘yingohga kelishni Azimjon sira kanda qilmaydi. U buncha pulni har kuni qayerdan olarkin, deb hayron bo‘lsam, dadasidan “sinf fondi uchun”, “sinf xonani ta’mirlashga”, “singan oyna uchun zarurat yuzasidan” so‘rab olarkan. Sho‘rlik dadasi o‘g‘lim ustozlaridan gap eshitmasin, yelkasi qisilmasin, deb so‘ragan pulini beraverarkan. Azimjonning dadasi avtoservisda mashinalarni tuzatadi, qo‘llari doim qoramoy bo‘lib yuradi. Shuhrat aka, ish o‘rganadi, deb o‘g‘lini ham avtoservisga olib ketishi mumkin, ammo u hali voyaga yetmagan, darslarini qilsin, kelgusida o‘qimishli odam bo‘lsin, deb ayaydi-da. Shuning uchun o‘zi allamahalgacha ishlaydi. Afsuski, Azimjon dadasining cho‘ntagi uchun ham, ishonchi uchun ham, oilasi uchun ham dushmanlik qilayotgani haqida o‘ylamaydi.

Oila – bizni voyaga yetkazadigan, himoya qiladigan, qo‘llab-quvvatlaydigan kichkina vatan. Biz ham uni qadrlashimiz, zarar keltirmasligimiz, naslimiz sha’nini yuksaklarga ko‘tarishimiz kerak. Toki ko‘rganlar “otangga rahmat”, desin.

 

Qo‘sh sahifani Umida SADATOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.