Metroda ko‘rishguncha
O‘zbekistonliklar, yer osti qasri, deb faxrlanadigan Toshkent metrosi bunyod etilganiga bu yil 40 yil to‘ldi. Metro shahar transportining eng qulay tezyurar va ishonchli vositasi. Yo‘lida to‘xtatuvchi belgilar, svetaforlar yo‘q, hamisha yashil chiroq.
Uning to‘liq nomi metropoliten bo‘lib yunoncha metropolis – bosh shahar, markaz ma’nosini bildiradi. Dastlabki metro Angliya poytaxti London shahrida 1863-yilda qurilgan. Keyinchalik yirik markaziy shaharlar Nyu-York, Parij, Tokio, Madrid, Moskva, Tbilisi, Bokuda metro qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Metro transporti bo‘yicha AQSH jahon miqyosida birinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatning 32 shahrida metropoliten bor. Birgina Nyu-York metrosida 24 ta yo‘nalish bo‘lib, u 468 ta bekatdan iborat.
Dunyodagi eng uzun metro esa Shanxay shahrida barpo etilgan. U “atigi” 434 kilometr.
Ziyoratchilarga xizmat qiladigan yagona metro Makka shahrida bo‘lib, uning uzunligi 18 kilometrdan sal oshiqroq.
Odatda poyezdlarni haydovchi boshqaradi. Lekin 74,6 kilometr uzunlikdagi Dubay metrosida poyezdlar avtomatik tarzda boshqarilar ekan.
Noyob transport vositasi bo‘lgan metro qurilishi g‘oyat murakkab. Shuning uchun dunyodagi 200 mamlakatdan atigi 71 tasidagina metro xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Biz ana shu qudratli davlatlar sirasidanmiz. Chunki markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib 1977-yili Toshkentda metro bunyod etilgan. Murakkab muhandislik majmuasi bo‘lgan bu metropolitenning uzunligi 12,2 kilometrni tashkil etib 9 ta bekatni o‘z ichiga olgan edi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bizning yerosti saroyimiz bezatilish jihatidan dunyodagi eng chiroyli metropolitendir.
Bugungi kunda metromiz 3 ta – Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlarida harakatlanadi. Uzunligi 39 kilometr, bekatlar soni 39 ta. U kuniga 180-200 ming yo‘lo‘vchiga xizmat qiladi.
Hozir metroning yangi yo‘nalishi bo‘yicha qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Toshkent shahri bo‘ylab yer usti halqa metro liniyasi dastlabki bosqichida metropolitenning “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan 8 ta bekatdan iborat qismi bunyod qilinadi. Keyinchalik u “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel” bekatlari orqali yana “Do‘stlik” bekatiga tutashtiriladi. Ya’ni shahrimizning gir atrofini o‘rab olgan yaxlit halqa yaratiladi. Bu metro yo‘lining uzunligi 52.1 kilometrni tashkil etadi. Yo‘nalishning 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tsa, 6 kilometri yer ustida bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yaqin yillarda Toshkent shahrini faqat metroda ham kezib chiqsa bo‘ladi. Metroda ko‘rishguncha.
Muhabbat HAMIDOVA