Murabbiy daldasi
Har bir muvaffaqiyat ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Ulkan marralarni zabt etishni istagan kishi harakat va mehnat pillapoyalaridan asta-sekinlik bilan chiqmog‘i zarur. Hafsalasizlik bilan amalga oshirilgan ishning samarasi esa kutilgan natijani bermaydi. Ushbu so‘zlar bugungi qahramonimizning kundalik shioriga aylanib ulgurgan. Shahzod Boysunov 308-maktabning 10-sinf o‘quvchisi, sportning dzyudo turi bilan 6 yildan beri shug‘ullanib keladi. U 2015-yil Turkiyada o‘tkazilgan Xalqaro turnirda 3-o‘rinni, 2016-yil Rossiyaning Barnaul shahridagi an’anaviy festivalda 3-o‘rinni, 2016-yil dekabrda Tyumen shahridagi Xalqaro turnirda 4-o‘rinni, 2017-yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Kaplan batir” turnirida 3-o‘rinni egallagan.
– 10 yoshimda dadam qo‘limdan tutib, ilk bor dzyudo zaliga olib borganlar. Zalda esa murabbiy Bahodir aka Uzakberganov kutib olganlar. Men murabbiyimdan dzyudo sirlarini o‘rgandim, mahoratimni oshirishga intildim. Sinov tariqasida kichik musobaqalarda qatnasha boshladim. Har bir yutug‘im meni o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga undardi. O‘sha paytlarda xalqaro musobaqalarga qatnashish men uchun orzu edi. Tinimsiz mashqlar va ustozimning yo‘l-yo‘riqlari tufayli orzularim ushalib bormoqda, – deydi Shahzod.
Uning aytishicha, sportchining muvaffaqiyati uning o‘zigagina emas, balki murabbiyga ham bog‘liq ekan. Ikki yil avval mashg‘ulot paytida kutilmaganda qo‘li ikki joyidan sinib qoldi. Shunda Shahzod butunlay umidsizlikka tushgan. Hatto sportdan ketmoqchi bo‘lgan. Shunda murabbiyining qo‘llab-quvvatlashlari va daldasigina uni bu noto‘g‘ri qarordan qaytargan.
– Har gal bellashuvga chiqayotganimda, murabbiyim, “Sen hammadan kuchlisan, sen hech kimdan kam emassan”, deb qayta-qayta ta’kidlaydilar. Bu gaplarni eshitib o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortadi.
Maqsadim, 2018-yil bo‘lib o‘tadigan yoshlar olimpiadasiga yo‘llanma olib, Olimpiada chempioni bo‘lish. Shuning uchun birorta har kunlik mashg‘ulotni qoldirmasdan shug‘ullanmoqdaman, – deydi Shahzod.
Irodali, qat’iyatli insonlar hamisha o‘z maqsadlariga erishganlar. Shunday ekan, biz ham orzulari sari dadil intilayotgan yosh do‘stimizga omad tilaymiz.
Sevara MASHRABZODA,
Respublika televideniye va radio kasb-hunar kolleji
1-bosqich o‘quvchisi