Muxbir safarda yoxud mehr uchrashuvlaridan lavhalar
Jurnal mushtariylari bilan uchrashish, ularning o‘y-xayollari, xohish-istaklari bilan yaqindan tanishish biz ijodkorlarga doimo ilhom bag‘ishlaydi, qanot bo‘ladi. Kelgusi faoliyatimizni yanada kengaytirish barobarida, tahririyat va o‘quvchi o‘rtasida o‘zgacha iliqlik paydo bo‘ladi. Aytishadi-ku, mehr ko‘zda, deb.
O‘tgan kuz oylarining so‘nggi, qish faslining dastlabki haftalari ana shunday mehr uchrashuvlariga boy bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joylarda o‘tkazilgan, o‘z nomi bilan “Matbuot kunlari” ta’rifiga to‘la mos bu kabi suhbatlar yurtimizning deyarli barcha go‘shalarida bo‘ldi. Maqsadimiz, jurnalxonlar, ustozlar bilan ko‘proq muloqot qilish, ta’lim maskanlarida yaratilayotgan sharoit va olib borilayotgan ezgu amallarning jonli guvohi bo‘lish edi.
Safarimiz diyorimizning oltin go‘shasi – Farg‘ona vodiysidan boshlandi. Har bir hududda viloyat ta’lim muassasalaridan tashkil topgan vakillar – ustozlar, o‘quvchilar bizni kutardi. Namangan shahridagi tadbir nihoyatda bahsli o‘tdi. Yon daftarimni turli fikrlar, takliflarga to‘ldirib, hamkasblar bilan Andijon sari yo‘l oldik. Andijondagi tadbirda muxlislardan maktub oldim. Mazmuni quyidagicha: “Har kuni ishdan qaytganimizda bolalarimiz “Bolajon” telekanalidan turli mazmundagi multfilmlarni tomosha qilib o‘tirgan bo‘ladi. Taklifim, telekanal ijodkorlari kechki dasturlarda, masalan soat 20:30 dan keyin bolalar matbuoti haqida ko‘rsatuv tayyorlashsa. Bolalar nashrlaridagi qiziqarli sahifalar mavzusini, bobolar haqidagi ma’lumotlarni, chop etilgan har xil badiiy asarlardan namunalar o‘qib, tahlil qilib borishsa. Farzandlarimiz har kuni biror nashr bilan yaqindan tanishib uxlasa, biz uchun ham, bolajonlarimiz uchun ham faqat foyda bo‘lardi”. Biz “Bolajon” telekanali rahbariyati bilan bog‘lanib, bu taklifni yetkazishga so‘z berdik.
Farg‘onadagi 271-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi Dilbar Xunmonova “Jurnal sahifalarida rus tilida ham maqolalar berib borilsa. O‘zbek, rus va jahon adabiyoti vakillarining yangi asarlaridan o‘quvchilar bilan birga o‘qisak, deymiz. Biz rus tilini o‘rganadigan emas, balki o‘quvchilarga qo‘l keluvchi manba, adabiyotlar izlaymiz”, – deya o‘rinli taklif bildirdi. Bu fikrni boshqa viloyatlardan ham eshitdik. Mazkur taklif muhim hisoblanganligi bois, albatta, kelgusi yil rejalarimizga kiritishni niyat qildik...
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi uchrashuvlar Nukus shahridagi iqtidorli o‘quvchilar uchun zamonaviy ko‘rinishda qurilgan yangi maktabdan boshlandi. Bu ta’lim maskani Prezidentimiz tashrif buyurib “Isuzu” rusumli avtobus sovg‘a qilgan Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat edi. Nukusliklar bilan qilgan suhbatimiz juda mazmunli o‘tdi. Iqtidorli bolalar chizgan rasmlar hamda she’riy mashqlarini olib, xushkayfiyat bilan Qoraqalpoqqa qo‘shni bo‘lgan Xorazm vohasiga yo‘l oldik.
Urganch shahridagi 5-maktabda ham iste’dodli o‘quvchilar talaygina ekan. Maktabning 9-sinf o‘quvchisi Oysha Iskandarova jurnalimiz sahifalarida kasblarga oid ma’lumotlar o‘qishni istar ekan. “Yuqori sinfga o‘tgan tengdoshlarim singari kelajakda o‘zimizga ma’qul kasbni tanlashga ikkilanamiz. Bu borada sevimli jurnalimiz bizga yordam qo‘lini cho‘zsa, undan juda minnatdor bo‘lardik”, dedi u. 8-sinf o‘quvchisi Hidoyat Ro‘zmetov ham kitobxonlik va mutolaa madaniyati haqida iliq fikrlar bildirdi: “... ko‘cha-ko‘yda yoki kimdandir to‘satdan qiziq ma’lumot qulog‘imizga chalinsa, uning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish uchun nima qilishimiz kerak? Albatta, bunday paytda kitobga yuzlanamiz. Afsuski, uyda yoki maktab kutubxonasida zarur kitob hamisha topilavermaydi. Shuning uchun eng avval, uni gazeta yo jurnaldan izlash kerak. Ma’lumotni izlash asnosida o‘quvchi o‘z-o‘zidan gazetxon, jurnalxonga aylanadi. Kelajakda kitobxonlikka imkon yaratadi”. Bu mavzuda 8-sinf o‘quvchilari Nasiba Qutliyeva, Abduvali Muhammadzaripovlar ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Buxoro – buyuk ajdodlarimiz ma’naviyati, katta qalb va iste’dodini o‘zida namoyon etgan buyuk tarixiy shahar. Shu bois, bu yerdagi mushtariylarimiz bilan o‘tgan uchrashuv ancha qizg‘in, munozaralarga boy bo‘ldi. Jondor tumanidagi 30-maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Maqsad Sovurova “Jurnal sahifalarida ulug‘ shaxslar o‘gitlarini, maqollar, tez aytish va topishmoqlarni ko‘paytirsangiz, o‘quvchilarga ancha qo‘l kelardi”, dedi. Kogon tumanidagi 1-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilrabo To‘qova esa: “Bolalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini o‘qituvchi shakllantirib borishi kerak. Qachonki, o‘qituvchi jurnalni o‘zi o‘qib bersa, o‘quvchida o‘sha nashrga nisbatan mehr ortadi. Bu ularning tarbiyasida ham muhim ahamiyatga ega”, – dedi. Mana shunday bir-biridan ajoyib fikrlardan ruhlanib, Navoiy viloyati tomon yo‘l oldik.
Bizni Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 2-maktab o‘quvchilari ajoyib tadbir bilan kutib olishdi. Ular o‘zlari mashq qilgan she’rlardan o‘qib berishdi. Turli musiqali sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Navbatdagi uchrashuvlar Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat, Karmana tumanidagi 2-maktabda davom etdi. Ustoz va o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashdik.
Ko‘hna Samarqand shahridagi 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sevinch O‘lmasova juda muhim taklif bildirdi. U jurnalda o‘smirlik davridagi psixologik o‘zgarishlar va boshqa turli holatlar mavzusidagi materiallarni muntazam o‘qib borsak, dedi.
Sayohatimiz Jizzax viloyatiga yetib keldi. Bu yerda ham bizni iliq qarshi olishdi. “Men ham, o‘quvchilarim ham mutolaa qilishni yaxshi ko‘ramiz. O‘quvchilarimning har birining o‘zi sevgan ijodkor muallifi bor. O‘zim “Gulxan” jurnalining barcha sahifalarini yaxshi ko‘rib o‘qib boraman. Undan olgan ma’lumotlarimdan dars davomida ham foydalanaman” – dedi, Arnasoy tumanidagi 20-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Surayyo Qozoqova: Sirdaryolik o‘quvchilar biz bilan dildan suhbatlashib, “Gulxan” sevimli jurnali ekanini, bundan keyin ham uning har bir sonini muntazam o‘qib borishlarini aytishdi.
Joylarda bildirilgan o‘ziga xos, xilma-xil fikrlar bilan yon daftarimni to‘ldirib qaytdim. Qayerda bo‘lsam, ular men bilan birga bo‘ldi. Tan olib aytish kerak, o‘tgan uchrashuvlarning har biri katta maqolaga mavzu. Afsuski, ularning barchasini batafsil yozishga imkon yo‘q. Ammo shunisi aniqki, bu taklif va bildirilgan fikrlar biz uchun mudom qadrli va kelgusi yil rejalarimizning xamirturishi bo‘lishi shubhasiz.
Bekmurod ABDURAIMOV,
maxsus muxbirimiz