Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navoiyning nabirasi

– Oyijon, maktabimizda til bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlovda bizning “Zukko” jamoamiz g‘olib bo‘ldi, – xonaga quvonib kirib keldi Zamira.

– Zo‘r-ku, tabriklayman, qizim. O‘zi bayramga puxta tayyorlandingiz-da. Til haqida tanlagan maqol va hikmatlaringizning ko‘pchiligi men uchun ham yangilik bo‘ldi, – dedi oyisi qizini bag‘riga bosib.

– G‘olib sifatida qanday sovg‘a olganimizni aytaymi? – jilmaydi Zamira.

– Aytaqol.

– Qo‘g‘irchoq.

– Voy, oltinchi sinf o‘quvchilari qo‘g‘irchoq o‘ynar ekanmi? – hayratini yashirmadi Salima opa.

– E, oyijon, bu oddiy qo‘g‘irchoq emas, bizni o‘ylashga, fikrlashga undaydigan, she’riyat bilan tanishtiradigan malika qo‘g‘irchoqlar.

– Malika qo‘g‘irchoqlar?

– Ha, Navoiy bobomizning “Xamsa” asaridagi “Sab’ayi Sayyor” dostonini o‘qigansiz-a?

– O‘qiganman.

– Bu qo‘g‘irchoqlar shoh Bahromning yettita qasrida unga ertak so‘zlaguvchi yetti iqlim malikalari... Qo‘g‘irchoqning maxsus tugmachasini bossangiz, Navoiy g‘azallarini shunday chiroyli qilib o‘qishadiki...

– Buncha yaxshi. Qo‘g‘irchoqlar o‘zbekcha gapirib, o‘zbekcha she’r o‘qir ekan-da, baraka topsin. Shunday aqlli qo‘g‘irchoqlarni kim yasabdi?

– Ustozimizning aytishicha, yosh tadbirkor Oygul Tojiddinova. Ustoz Oygul opamizni bizga Navoiyning nabirasi, g‘azal san’ati shaydosi, deb tanishtirdilar.

Oygul opa san’at maktabida o‘qigan. Miniatyurachi rassom, hunarmand ekan. Malikalarning liboslari nusxalarini ham Oygul opa o‘zi yaratibdi, o‘zi tikibdi. Uning “Oygul orzusi” nomli firmasi bor ekan. U yerda bolalar trikotaj kiyimlari ishlab chiqarilar ekan. Yakshanba kuni u yerga ekskursiyaga boramiz. Siz ham boring, balki menga sport formasi olib berarsiz.

– Yaxshi taklif, balki tadbirkor qiz bilan hamkorlik qilarmiz. Axir men ham dizaynerman-ku.

Zamirani quvontirgan, Salima opaning diliga cho‘g‘ tashlagan yosh tadbirkor Oygul Tojiddinovani nafaqat Andijonda, butun mamlakatda yaxshi tanishadi. Oygul Izboskan tumanidagi maktabda o‘qib yurganida chizgan rasmlari bilan ustozi Arofat opa To‘raqulovaning e’tiboriga tushdi. Chunki u nafaqat tabiat, balki odamlar suratini ham yaxshigina chizayotgan edi-da. Ustozining maslahati bilan Foziljon aka qizini Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabiga olib bordi. Oygul chizgan rasmlarni ko‘rgan rassom Jasur Qo‘chqorov uni shogirdlikka oldi. Jasur aka miniatyura uslubida ishlar ekan. Oygul ustozining bu san’at haqidagi har bir yo‘l-yo‘rig‘ini diqqat bilan o‘rgandi.

– Oygul qizim, barakalla, sen ancha uquvli shogird chiqding. Shu ishni davom ettiraver. Sen Andijonda miniatyurada ishlaydigan yagona qizsan. Endi biz sen bilan bir ish qilamiz. Seni tanlovga tayyorlaymiz.

– Qanaqa tanlov? – hayron bo‘ldi Oygul.

– Sen kabi o‘quvchilar qatnashadigan “Kamalak yulduzlari” tanloviga.

– Qaysi ishlarim bilan qatnashaman?

– Tanlovga yangi asar bilan borasan. Shaxmatni milliy shaklda qutisi bilan birga yasaysan. – Ustozi unga bu borada ancha ma’lumotlar berdi. Oygul bu ishning nechog‘lik qiyinligini tasavvur qilmagan ekan. Avval shaxmat uchun taxta tanlashdi. Oygul uni o‘n kun tekislab, silliqladi. Keyin shaxmat kataklarini chizdi. Kataklar atrofiga esa milliy naqshlar, ipak yo‘li karvonlari, ov manzarasini tasvirladi. Bu biroz osonroq kechdi. Ammo shaxmat donalariga shakl berish, har birini qadimgi sipohlar libosida tasvirlash uchun Oygul naq 6 oy vaqt sarfladi. Qo‘llari shilinib azob berganda ko‘zda yosh bilan ustozidan xafa bo‘ldi. Biroq mashaqqatli mehnat samarasini ko‘rsatdi. U 2014-yilda tanlovning Respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Bu Oygulning g‘alabalar sari qo‘ygan ilk qadami edi. 2015–2016-yilda “Tashabbus” respublika tanlovida “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasida, 2016-yilda “Kamalak yulduzlari” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu yilning fevral oyida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston birgalikda tashkil qilgan “Innovatsion g‘oya” bahsida qatnashib sertifikat oldi. Yoshlar ittifoqining eng faol a’zosi sifatida qurultoyda qatnashib, o‘z tajribalari haqida tengdoshlariga hikoya qilib berdi.

Oygul ertaklarni yaxshi ko‘rardi, ayniqsa, “Oygul bilan Baxtiyor” ertagini. U yasagan ilk qo‘g‘irchoq qiz bir tomchi suvdek Oygulga o‘xshardi. Quvonib ketgan Jasur aka shogirdining bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Hunarmand shogirdiga maxsus dastgoh sovg‘a qildi. Yosh hunarmand rassom qiz endi gapiradigan o‘zbek qo‘g‘irchoqlarini yasay boshladi. Shu jarayonda u muhandis ham bo‘ldi. Qo‘g‘irchoqdan-qo‘g‘irchoqqa mexanik funksiyalarni ko‘paytirib bordi. Avval qo‘g‘irchoq faqat salom bergan bo‘lsa, keyin raqsga tushdi, so‘ng qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib g‘azal o‘qidi. Bu qo‘g‘irchoqlar chet elliklarni ham qiziqtirib qoldi. Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan an’anaviy “Atlas” festivalida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ham qo‘g‘irchoqlarga xaridor bo‘lishdi. Hademay Oygulning “o‘zbek qizaloqlari” nafaqat o‘zbek bolalarining, balki chet ellik qizaloqlarning ham erkatoyiga aylanadi.

Oygul Izboskan transport kasb-hunar kollejining 3-bosqichida o‘qiyapti. Sevimli ishini ham davom ettirmoqda. Kollej direktori Abdujabbor aka Mansurov tinib-tinchimas tadbirkor o‘quvchisi uchun alohida ustaxona ochib berdi. Oygul “Anor” kolleksiyasida adras matoga tasvirlagan “Baxtli oila”, qovoqqa ishlagan “Darvesh” rasmlari hamda o‘zi tikkan bolalar milliy kiyimlari bilan ishtirok etib, Badiiy akademiyaning diplomi bilan taqdirlandi. Rassom qiz bugun ham izlanishda. U shoira Zulfiya qiyofasidagi qo‘g‘irchoqni yaratdi. Shoiraning she’rlarini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva o‘qigan. Bu qo‘g‘irchoq adabiyot muallimlariga eng qulay ko‘rgazmali qurol bo‘lishiga ishonamiz. Shu kunlarda yosh tadbirkor rassom qiz Avstraliyaga borib o‘qish va malaka oshirish taraddudida. Biz yuragida Vatani, millati, milliy san’atimizga bir olam muhabbat bilan ijod qilayotgan Oygul Tojiddinovaning oydin orzulariga parvoz tilaymiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.