Prezident maktabida o‘qiyman
Yurtimizda ta’lim tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar, “Temurbeklar maktabi”, buyuk shoiralarimiz nomidagi Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyat olib bormoqdaki, u yerdagi iqtidorli, qobiliyatli, bilimga chanqoq o‘quvchi-yoshlar yuksak marralarni zabt etmoqdalar.
Respublikamiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 20-fevral kuni “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston respublikasi shuningdek, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari shaklida tashkil etiladi.
O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM–ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Texnology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Matematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktablariga qabul Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti imtihon kengashi tomonidan o‘tkaziladi. Xalq ta’limi vazirligi hamda Kembrij universiteti “Cambridge Assesment international Education” brendi ostida faoliyat olib boruvchi imtihon kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Maktabda asosiy fanlar xorijiy pedagoglar tomonidan ingliz tilida olib borilgani uchun ham o‘qish jarayonida ingliz tilini bilish juda zarur.
Yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.
Ta’kidlanishicha, bu maktablar qobiliyatli bolalar uchun o‘ziga xos ijtimoiy lift vazifasini o‘taydi. Chunki bu kabi sharoitda o‘qigan bolalarga kelajakda katta imkoniyat eshiklari ochiladi. Ushbu maktabga kira olmagan taqdirda ham ingliz tilini bilish kelajakda muvaffaqiyatga erishishga jiddiy turtki bo‘ladi.
Prezident maktabiga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Prezident maktabi bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi beriladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatini beradi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o‘quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me’yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
Gulxanjon