Qora go‘zallik
Tarix davomida yuz minglab kitoblar dunyoning har bir mamlakatida nashr etilgan, ammo sanoqlisigina bir necha million nusxada sotilishga muvaffaq bo‘ldi. “Tarixda eng ko‘p sotilgan 100 ta kitob” ro‘yxatida Charlz Dikkensning “Ikki shahar haqidagi ertak”, Jon Ronald Ruyel Tolkinning “Uzuklar hukmdori” va Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari dastlabki o‘rinlarni egallagan.
Bugun siz bilan yuqoridagi ro‘yxatga kirgan asarlardan biri, dunyo bo‘ylab 50 mln.dan ortiq nusxada chop etilgan Anna Syuellning “Qora go‘zallik” asari haqida gaplashamiz. 1877-yilda yozilgan “Qora go‘zallik” muallifning yagona romani bo‘lib, hayvonlar haqidagi ilk yirik asarlar sirasiga kiradi. Ushbu kitob otlarni tushunish, yaxshi munosabatda bo‘lish va mehribonlik ko‘rsatishga undaydi.
Asar muallifi Anna Syuell yoshligida nogiron bo‘lib qoladi. Otasi ishlaydigan stansiyaga borish uchun ot-aravadan foydalanadi. Otlarga qaramligi sabab ularga bo‘lgan hurmati kuchayadi va otlarni o‘rganishni boshlaydi. Syuellning ijodga kirishi yoshligida onasi yozgan asarlarni tahrirlashda yordam berganida boshlangan. U 1871-1877-yillar orasida “Qora go‘zallik”ni yozdi va kitobni mahalliy nashriyotga sotdi. Kitob sotuvlar bo‘yicha rekordlarni yangiladi va “ingliz tilidagi oltinchi eng yaxshi bestseller” bo‘ldi. Ot hayoti haqidagi hikoyani avtobiografiya shaklida aytib berish va dunyoni otning nigohi bilan tasvirlash orqali Anna Syuell yangi adabiy zamin yaratdi.
Hikoya birinchi shaxsda “Qora go‘zallik” laqabli otning tilidan hikoya qilinadi. U onasi bilan ingliz fermasidagi tashvishsiz kunlaridan boshlab, Londonda arava tortgan og‘ir hayoti, baxtli nafaqaga chiqishi haqida so‘zlab beradi. U ko‘p mashaqqatlarga duch keladi, shafqatsizlik va mehr-oqibat haqidagi ko‘plab voqealarni aytib beradi. Har bir qisqa bobda siz otlarni tushunish va parvarish qilish bo‘yicha saboqlarga ega bo‘lasiz. Syuellning batafsil kuzatishlari va otlar xatti-harakatlarining keng tavsiflari ot parvarishlashga qiziquvchi insonlar uchun juda foydali.
Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchilar jilov, miltillovchi kabi vositalar, shuningdek, dumni kesish kabi tartib-qoidalar natijasida otlarning qanday azob chekayotgani haqida tushunchaga ega bo‘lishadi. Kitob nashr etilgandan so‘ng, ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgan otlarning dardiga hamdard bo‘lishdi va oxir-oqibatda otlarning farovonligini yaxshilashga qaratilgan islohotlar boshlandi.
Roman chiqqanidan ikki yil o‘tib, Qo‘shma Shtatlarda “Qora go‘zallik” bir million nusxada sotilgandi. Bundan tashqari, hayvonlar huquqlari faollari roman nusxalarini ot haydovchilariga va otxonadagi odamlarga tarqatishardi. Romandagi “jilov” tasviri o‘quvchilarning g‘azabini shu qadar kuchaytirdiki, undan foydalanish nafaqat Viktoriya davridagi Angliyada bekor qilindi, balki Qo‘shma Shtatlarda ham shafqatsizlikka qarshi jamoatchilik kurashi ham sezilarli darajada oshdi. Bu esa turli shtatlarda hayvonlarga nisbatan haqoratli xatti-harakatlarni qoralaydigan qonunchilikning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Roman bugungi kunda ham ko‘p e’tirof etiladi. Hayvonlar huquqlari va hayvonlar farovonligi haqida ensiklopediya yozgan Bernard Unti “Qora go‘zallik”ni “Barcha zamonlarning eng ta’sirli shafqatsizlikka qarshi romani” deb ataydi.
Asarning Jo Franklin tomonidan ixchamlashtirilgan shakli 2022-yilda o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu degani, siz ham bemalol “Qora go‘zallik” bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Kitobni, albatta, mutolaa qiling. O‘qish davomida quyida berilgan savollarga ham javob topib, telegramdagi manzilimiz @GulxanBilimdon ga yuborishni unutmang! Eng to‘g‘ri va yaxshi javob bergan o‘quvchini ajoyib sovg‘alar kutib turibdi!
Savollar:
1. Gersoginya o‘z toychog‘iga qanday maslahatlar berardi?
2. Otga “Qora go‘zallik” ismini kim qo‘yadi?
3. Qora go‘zallik yong‘indan qutqarib qolmoqchi bo‘lgan otning nomini ayting.
4. Asarda otlarga jilov taqilishining sababi nima edi?
5. Qora go‘zallik qaysi voqea sabab tizzasidan jarohat oladi?
6. Qora go‘zallik nima sababdan yarmarkaga qo‘yiladi?
7. Aravakash Gerri nega betob bo‘lib qoladi?
8. Qora go‘zallik oxir-oqibat yoshlik paytidagi qaysi do‘sti bilan uchrashib qoladi?
Shahribonu RAHMATOVA