Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quvonchli onlar

Orzular dunyosi

 

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 100-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan bolalar ta’lim oladi. O‘quvchilar 4 mahal issiq ovqat, 250 o‘rinli yotoqxona bilan ta’minlangan. Maktab direktori O‘tkir aka Qurbonov meni faollar zaliga boshladi. Bu yerda bir guruh o‘quvchilarga “G‘uncha” jurnali rassomi Sarvar Farmonov mahorat maktabi mashg‘ulotlari o‘tayotgan ekan. Biroz vaqt o‘tgach, tadbir boshlandi. “3-dekabr – Xalqaro nogironlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kuni” munosabati bilan “Bolalarning orzular dunyosi” nomli dastur tashkil etilibdi. Jismoniy nuqsonga ega bu bolalar ijro etgan turli raqs va qo‘shiqlar, ayniqsa, akrobatik chiqishlaridan hayratga tushdim. Bu irodali, jasur ukalarimni bir-bir quchgim keldi.

– Maktab-internatimiz tug‘ma va turli sabab tufayli nogiron bo‘lib qolgan bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan, – deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shafoat Abdulhayeva. – Ular nogiron bo‘lsa ham hayotda o‘z o‘rni borligini, jamiyatga foydasi tegadigan, hayotning barcha jabhasida kerakli insonlar ekanini his qilib voyaga yetishlari uchun mana shunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turamiz. O‘quvchilarimiz paralimpiya musobaqalarining respublika, xalqaro bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

Tadbir davomida Sarvar akangiz mahorat maktabining eng yaxshi rasm chizgan g‘oliblarini aniqlab, ularni tahririyatning maxsus sovg‘alari bilan mukofotladi va “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarining yangi sonlaridan taqdim etdi.

 

Baxtimiz poydevori

 

Konstitutsiya kuni arafasida “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” nomli ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlo‘v talabiga ko‘ra, ishtirokchilar o‘zlarining huquqiy bilim va malakalarini ijodiy bayon, insho va rasmlarda ifodalashga uringan. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlarga yo‘g‘rilgan badiiy sahna ko‘rinishlari hamohangligida g‘oliblar taqdirlandi.

– Men Konstitutsiyamizning 5-moddasini Oliy majlis binosi, bayrog‘imiz va gerbimiz orqali tasvirlashga harakat qildim, – deydi Buxoro shahridagi 34-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, “Tasviriy san’at” yo‘nalishining 3-o‘rin sohibi Guli Rahimova. – G‘alabamni ustozim Nizom Boymurodovga bag‘ishladim. Kelajakda yaxshi dizayn-arxitektor bo‘lishni maqsad qilganman.

– Men, – deydi yana bir ishtirokchi, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 14-maktabning 9-sinf o‘quvchisi, “Insho” yo‘nalishida 1-o‘rinni olgan Muxlisa Qurbonova, – Vatanimiz – O‘zbekistonni “Baxt qasri” deya tasavvur qildim. Konstitutsiyamizdagi moddalar yurtdoshlarimizning baxti, iqboli yo‘lidagi mayoq deb bilaman. Bu qasrning asosiy ustuni Bosh Qomusimizdir. Men uni o‘z tasavvurimda tengdoshlarimga yetkaza olganim hamda inshomda ifodalay bilganimdan baxtiyorman. Buning uchun ona tili va adabiyot fani ustozim Saodat Abdullayeva va huquq fani o‘qituvchimiz Faxriddin Norovdan minnatdorman.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.