Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Seni sharaflayman, jonajon kitob

Rivojlangan davlatlarda hatto chaqaloqlarni ham kutubxonalarga olib borisharkan. Iye, chaqaloqlar qanaqa qilib kitob o‘qishadi, deb hayron bo‘layotgandirsiz?! Ular bolalar maydonchasi, xiyobonlar o‘yingohlar qatori kutubxonalarga sayohat qilisharkan. Kutubxonada emaklab yuradigan go‘daklar bo‘limi, 2-3 yoshli bolakaylar bo‘limi, maktab ostonasidagi kichkintoylar bo‘limlari mavjud ekan. Ular ixcham tokchalardan o‘ziga yoqqan rangdagi rasmli kitobchalarni olib tomosha qilishar, kitoblar bilan birga ulg‘ayisharkan. Har kuni kitob varaqlab o‘sgan bolalar kelgusida yaxshi kitobxonga aylanarkan.

Bizda ham kitobga munosabat qadimdan yuksak qadriyatga aylangan. Durrachaga o‘rab, javonda avaylangan, mutolaadan oldin qo‘llar yaxshilab yuvilgan, tavof qilingan. Buxoro madrasalarida o‘quv kursini to‘liq tugatish uchun tolib 137 ta kitobni o‘qib chiqqan bo‘lishi talab etilgan.

Adabiyotshunoslarning fikricha, dunyodagi eng yaxshi kitob – bu darslik. Darslikni yaxshi o‘zlashtirmay maktabni bitirgan o‘quvchi bir umr chalasavodligicha qolib ketadi.

Kitob nafaqat bilim manbai, yaqin do‘st, balki yaxshi shifokor ham ekan. Uni o‘qib yurgan kishilar yurak, qon-tomir, asab, oshqozon-ichak tizimi kasalliklariga ko‘p-da chalinmas ekan.

Ba’zi bolalar “kitob o‘qishga vaqtim yo‘q, mashg‘ulotlarga borishim kerak”, deydi. Yana allakimning kitob o‘qisa, uyqusi kelarmish, ayrimlar esa yoshiga mos kitob tanlay olmay behudaga kitobdan xafa.

Bilaylik-chi, atrofimizdagilar qanday o‘y-fikrlar, muammolar bilan yurishgan ekan?!

Nargiza Qo‘ldosheva, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani 56-maktab o‘qituvchisi:

Bir kuni dugonamnikiga mehmonga bordim. Uy zamonaviy jihozlar bilan bezatilgan, shinamgina. Biroq derazalarga ilingan bolalar yasagan o‘yinchoqlar ta’bimni xira qildi. Chunki turli hayvon shakllari, halqali zanjirlar kitob varaqlaridan yasalgan ekan. Dugonamdan: – bular qaysi kitoblarning varaqlari? – deb so‘radim. U esa bamaylixotir: – bular eski, keraksiz kitoblar, – deb javob qildi. Nahotki, kitobning muqovasi eskirar, ammo uning qiymati, mazmuni-chi?

Ba’zan kitob varaqlarini yirtib, pista, qurut o‘rab sotayotgan sotuvchilarni, o‘quv zalida dars qilishga erinib, kitob varaqlarini yirtib olib chiqayotgan bolalarni ko‘rib, xafa bo‘lasan kishi...

Ibrohim Rixsiboyev, Toshkentdagi 1-maktab 9-sinf o‘quvchisi:

Kitob do‘koniga kirsam, bir bola sotuvchidan Tohir Malikning “Shaytanat” asarini, yonidagi do‘sti esa Nuriddin Ismoilning “Mafiya sardori” kitobini so‘rab qoldi. Sekin yoniga borib ularning yoshini so‘radim. Birinchi bola 11 yoshda, ikkinchisi esa 13 yoshda ekanini aytdi. – Bu kitoblarni tushunib o‘qishga qiynalasiz, ular katta yoshdagi kitobxonlarga mo‘ljallangan, – dedim. – Biz detektiv asar o‘qimoqchi edik, do‘stimizning akasi shu kitoblarni tavsiya qildi, – dedi bola. – Qotillik, jinoyat olami sizning ma’naviyatingizga, shuuringizga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin, – dedim. Ularga O‘tkir Hoshimov va O‘lmas Umarbekov asarlarini, Oybekning “Bolalik” qissasini o‘qishni tavsiya qildim.

Maftuna Mahmudjonova, Toshkent shahri 261-maktab 8-sinf o‘quvchisi:

Adabiyot fanidan ochiq darsga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini sahnalashtirmoqchi edik. Sinfdoshim Muxlisa bu asarni o‘qib chiqqanini aytdi, ustozimiz xursand bo‘ldi. Muxlisa kitobni menga atigi bir kunga berib turmoqchi bo‘ldi. Bu vaqt ichida men kitobning bir necha betini o‘qib ulgurdim, xolos. Dugonam esa asarni ikki kunda ko‘rib chiqqanini aytib maqtanaverdi. Ammo ustozning asar yuzasidan bergan savollariga javob berolmay mulzam tortdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u kitobning har-har yeridan terib-terib o‘qigan ekan...

Nazira Mamatqulova, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani 40-maktab o‘qituvchisi:

Maktabimizda bir bola bor. Kitoblarni jon-dilidan sevadi. Ammo onasi ba’zan qo‘lidan kitoblarni olib, bekitib qo‘yarkan. Chunki Avaz kitob o‘qiganda butun dunyoni unutar, mollari suvsiz qolar, un tegirmondan olib kelinmay, qo‘ylari ekinlarni yeb qo‘yarkan. Avazning onasiga havasim keladi, chunki uning o‘g‘li o‘zining munavvar kelajagini belgilab qo‘ygan.

Yaqinda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida g‘aroyib tadbirning ustidan chiqib qoldik, hayajonlarimizni berkitolmay, darrov yondaftarimizni qoralashga tushdik. “Seni ulug‘layman, adabiyotim, seni sharaflayman, jonajon kitob!” nomli adabiy-ma’rifiy kecha Shayxontohur tumani hokimligi hamda kitobxonlari tomonidan tashkil etildi. Sahnada buyuk adabiyotimizning ulug‘ vakillari jajji qiyofalarda namoyon bo‘ldilar.

“Mehr ko‘p ko‘rguzdim, ammo mehribone topmadim”, – deya hazrat Navoiy obrazida g‘azal o‘qigan Sardor To‘ychiyev 343-maktabgacha ta’lim muassasasida tahsil oladi.

– Bobolarimizning qanchalik bilimdon, zakovatli bo‘lganliklarini bilib oldim, – deydi Sardor.

– Maktabimizda “Bitta kitob o‘qigan bola o‘nta televizor ko‘rgan bolaga rahbarlik qiladi” shiori ostida ommaviy kitobxonlik tadbirlari o‘tkaziladi, – deydi poytaxtimizdagi 299-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nodira Jo‘rayeva. – Hozir “Kim ko‘p kitob o‘qiydi?” musobaqasida 8-sinf o‘quvchisi Sadriddin Salohiddinov peshqadamlik qilmoqda. U o‘qigan kitoblar soni 50 tadan oshdi, – deydi Nodira opa. Shu payt “Nido” dostonining g‘amgin sahnasi ko‘z oldimizda jonlandi. Urushga ketgan ota, mung‘ayib qolgan, ammo dilbandini yorug‘ kelajak sari undayotgan ona, otasining sog‘inchi bilan ulg‘ayayotgan ko‘ngli siniq, biroq yuksak parvozlarni diliga tukkan bola... Barchaning ko‘zida yosh. Dostonning sehrli tizginiga g‘arq bo‘lib, go‘dakka nurli istiqbol tilamoqda. Ana sizga adabiyotning sinoati.

Otabek bilan Kumush, Farhod bilan Shirin, rus xalq ertaklari, hatto “Matmusaning eshagi” haqidagi hangomalar ham ro‘yxatdan tushib qolmadi. Eng qizig‘i, Vatanni, onani ulug‘lovchi misralar, go‘zal asarlar yosh jihatidan turli avlod vakillari tomonidan, ya’ni – 4 yoshdan 80 yoshgacha bo‘lgan kitobsevarlar tomonidan ijro etildi.

– Olmaning tagiga olma to‘kiladi. Jahonning eng nufuzli muzeylarida saqlanayotgan nodir va zalvorli asarlarni yaratgan olimlar-u fozillarning avlodlarimiz, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. Tadbirda, shuningdek, taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, shoira Farida Afro‘zlar ishtirok etishdi.

Sizning beg‘ubor olamingiz tilida aytganda, kitob epkinlari yelib, kitob daraxtlari gullamoqda. Demak, kitoblardan yuksak parvozlar sari qanotlar yasang. Qani, unda ketdik!

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.