Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sharqni birlashtirgan Navro‘z

Bir necha ming yillik tarixga ega “Navro‘z”  bayrami har yili yurtimizda o‘zgacha shukuh bilan kutib olinadi. Milliy urf-odatlar asosida o‘tkaziladigan “Navro‘z” bayrami faqat bizda emas, qardosh xalqlarda ham ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi. Uni har bir xalq o‘z turmush tarzidan kelib chiqib bayram qiladi.

 

Qozog‘istonda Navro‘z – Ulis kuni (Yangi yilning ilk kuni) yoki Ulistin Uli Kuni (Xalqning buyuk kuni) deyiladi. va Qozoq xalqi uni nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘radi. Bayram arafasida hamma yerda — ko‘cha-ko‘y, mahalla-yu uylarda tozalash, obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Dasturxonlar turli noz-ne’matlar bilan bezatilib, bosh taom sifatida hayot uchun zarur yettita unsur — suv, go‘sht, tuz, yog‘, un, boshoqli o‘simliklar va sutdan tayyorlangan nauriz-koje tortiladi. Qozoqlar uchun bu mahsulotlar quvonch, omad, salomatlik, kuch-quvvat va mo‘l-ko‘lchilik ramzidir. Ular uchun bu  bayramda yetti sonining bo‘lishi juda muhim. Uning ichiga haftaning yetti kuni va nauriz-koje tarkibidagi yetti mahsulot kiradi. Ular  yettita xonadonga kirish va yetti nafar mehmon chaqirish odatiga ham amal qiladi.

Qirg‘izistonda mart oyi Nooruz deb ataladi. Bordi-yu, Navro‘z bayramida chaqaloq dunyoga kelsa, unga oy nomi beriladi. Shu kuni qor yog‘ishi esa yaxshilik alomati hisoblanadi. Qirg‘izlar bahor bayramini katta shodiyona bilan kutib oladi. Uylariga meh­monlar taklif etilib, dasturxonga su­ma­­lak tortiladi. Bir-biridan arazlagan insonlar yarashib, olingan qarzlar egasiga qaytarilishi odatga aylangan.

Turkmanistonlik yoshlar bahor sayliga chiqib, milliy xalq o‘yinlarini o‘ynaydi. Shu kuni ot choptirishning birinchi mavsumi boshlanadi. Shuningdek, bo‘ribosarlar o‘rtasida ilk janglar ham aynan shu kunlarda bo‘lib o‘tadi. Navro‘z kunlari bu o‘lkada yana ikkita bayram – “Ayollar kuni” va “Onalar kuni” ham keng nishonlanadi.

Tojiklar bahor bayrami munosabati bilan bir-birining uylariga “Navruz muborak bod!”, “Navruzaton piruz bod”, deb kirib boradi. An’anaga ko‘ra, dasturxonda “s” harfidan boshlanadigan yetti xil taom tortiladi. Bundan tashqari, stolga ko‘zgu, shamlar va turli ranglarga bo‘yalgan tuxumlar qo‘yiladi. Ularning bari ramziy ma’noga ega bo‘lib, shamlar — insonni yovuzliklardan saqlovchi yorug‘lik bo‘lsa, tuxum va ko‘zgu eski yilning tugab, yangi yilning kirib kelganini anglatadi.

Ozarbayjonda Navro‘z eng qadimiy va sevimli ayyom bo‘lib, bayramning birinchi kunida erta tongdan daryo yoki buloqqa boriladi. Suv sepish ularning sevimli an’analaridan biridir.  U yerda barcha yaqinlari, do‘st-birodarlarini yangi yil bilan qutlab, chiroyli tilaklar bildiradi, bir-birini erta tongdan tayyorlagan shirinlik yoki qand bilan siylaydi. “Tongal” deb ataluvchi katta gulxan yoqib, yosh-u qari xursandchilik qilishadi. Unda, albat­ta, yetti xil taom bo‘lishi kerak. Bayramning bosh taomi — yong‘oqli xamirdan tayyorlangan shakyarbura bo‘lib, u oy shaklida pishiriladi. Pahlava, bug‘doy va rangli tuxumlar ham dasturxon to‘ridan joy oladi.

Afg‘onistonda shu kuni barcha yangi kiyim kiyib, do‘stlari va yaqinlari uchun sovg‘a hozirlaydi. Dasturxonda, albatta, sersuv, quritilgan meva-chevalar va ulardan tayyorlangan sharbat bo‘lishi shart. Oiladagi farzandlar soniga qarab, shuncha miqdorda tuxum qaynatiladi va turli ranglarga bo‘yaladi. Odatga ko‘ra, afg‘onlar  21-mart — Navro‘z bayramida ko‘chaga chiq­maydi, sababi kirib kelayotgan yilda biror ko‘ngilsizlik bo‘ladi, deb hisoblashadi. Shuningdek, yil omadli kelishi uchun aynan shu sanada yig‘lash, asabiylashish va bolalarni jazolash man etiladi.

Turkiyada Navro‘z 23-martda nishonlanadi. 22-mart — bayram oldi kuni esa xalq turli tansiq taomlar pishirib, Navro‘zga tayyorgarlik ko‘radi. Bayram kuni barcha yangi kiyimlar kiyib, o‘tganlarni, qariyalar va bemorlarni ziyorat qilgani borishadi. Bayram kuni ko‘chalarda folklor jamoalarining qo‘shiqlari yangrab, ramziy ma’noga ega olov va maxsus “o‘t sochib turuvchi” ajdaholar yordamida turli tomoshalar ko‘rsatiladi. Turk urf-odatlariga ko‘ra sharob, o‘stirilgan arpa doni yoki pita-nonlar va tangalar sog‘lik, uzoq umr ko‘rish timsoli hisoblanadi.

 

Hilola Abdurasulova tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.