Shohsupada turgan Oʻzbekistonim
Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiada oʻyinlarini katta-yu kichik, yosh-u qari cheksiz hayajon va duolar bilan kuzatib bordi. Xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilishga otlangan sportchilarimizning har bir gʻalabasi, har bir zafari, Vatan sharafi himoyasi butun Oʻzbekistonni bir bayroq ostida birlashtirdi.
Yozgi olimpiada 200 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari qatorida Oʻzbekiston sportchilari ham sportning 17 turi boʻyicha 71 ta yoʻllanma bilan qatnashdi.
Olimpiadaning dastlabki kunlaridayoq 19 yoshli taekvandochimiz Ulugʻbek Rashidov oltin medalni qoʻlga kiritib barchaga cheksiz quvonch, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. U Oʻzbekiston tarixida Olimpiada oltin medalini qoʻlga kiritgan eng yosh sportchi sifatida qayd etildi. Undan keyin Davlat Bobonov dzyudo boʻyicha bronza medalini qoʻlga kiritdi. Erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov murakkab bellashuvlardan soʻng bronza medali sohibi boʻldi. 21 yoshli ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev umumiy hisobda 430 kilogramm toshni oʻziga boʻysundirib, Olimpiya rekordini oʻrnatdi va Oʻzbekistonga ikkinchi oltin medalni taqdim etdi.
Xalqimizga uchinchi oltin medalni tuhfa etgan alp oʻgʻlon – Bahodir Jalolov finalda amerikalik bokschini taslim qilib, millionlab muxlislar, millionlab tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi.
Va nihoyat, Olimpiada soʻnggida esa Oʻzbekiston shunqorlari 3 ta oltin, 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, dunyoning 206 mamlakati orasida 32-oʻrinni egalladi. Shunday qilib, vatandoshlarimiz Osiyo qitʼasi davlatlari orasida beshinchi, MDH mamlakatlari orasida Rossiyadan soʻng ikkinchi, turkiy davlatlar orasida va Markaziy Osiyoda birinchi boʻldilar.
Olimpiada oʻyinlarini kuzatish jarayonida yurtimizdagi oʻnlab sport maktablarining oʻquvchi yoshlari yuraklarining bir chekkasiga “Kelajakda men ham Xalqaro olimpiada gʻolibi boʻlaman”, degan niyatni tugib qoʻydilar. Ishonamanki, oradan bir necha yil oʻtib, bugungi chempionlarimiz soni yana ikki-uch barobar koʻpayadi. Chunki ularni ortida qoʻllab-quvvatlab turgan mamlakatimiz rahbari – Prezidentimiz bor.