Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tafakkur elementi

Kasbimiz shunaqa, qayerda milt etgan uchqun ko‘rinsa, ibrat qilib ko‘rsatgimiz, yutuqlarini yozib, maqtangimiz keladi. Chunki biz e’tirof etayotgan iste’dodlar yana yangi “buloqlar ko‘z ochishi”ga turtki bo‘ladi.

 

“Mangu yoshli moddasi”

Farrux fanlardan yaxshi o‘qirdi, lekin uning kompyuter o‘yinlariga tobora mukkasidan ketayotgani ota-onasini tashvishlantirib qo‘ydi. Buning chorasini topishga astoydil kirishgan buvisi uni hamkasbi, yaqin do‘sti, biolog olim Yorqin To‘raqulovning endokrinologiya muzeyiga olib boradi. Yorqin aka uzoq vaqt endokrinologiya sohasida izlanishlar olib borgan, buqoq kasalligini yod bilan davolashni fanga kiritgan olim bo‘lgani uchun kutubxonasida mingga yaqin kitob taxlanib turardi.

– Bu kitoblardan istaganingcha olishing mumkin, – dedi muzey xodimlaridan biri “virtual o‘yinlar ishqibozi”ning diqqatini tortmoqchi bo‘lib. Farrux kutubxonadan naq 50 ta kitobni tanlab ajratdi. Avvaliga “Eh, biror bir eksponatni so‘rasam bo‘lmasmidi”, deya afsuslandi ham. Buvisining fanlar olamining eshigini ochuvchi sehrli kalitlari yordamida qahramonimiz bora-bora texnika vositalarining fizik xususiyatlariga qiziqib qoldi. Fizika, matematikadan masalalar yechish kompyuter o‘yinlaridan ko‘ra maroqliroq ekanini tushunib yetdi. Endokrinologiya muzeyidan olib kelgan kitoblari birma-bir kelajak yo‘llarini yuksakka boshlovchi zina bo‘lib xizmat qildi.

Rang, shakl o‘zgarish jarayoni, bir moddaning boshqasiga aylanishi chindan ham qiziq. Farruxning qiziqishlari endi kimyo fani bilan uyg‘unlashib ketdi. U o‘zicha kelgusida katta olim bo‘lib ketsa, kinolardagi kabi mangu yoshlik moddasini kashf qilishni, buvisi doim yonida yurishini tasavvur qilib orziqib ketardi. Qadimgi Gretsiyada omma oldida namoyish etilgan bunday oksidlanishlar “Hemo afsun” deb atalgan. O‘sha “Hemo” bugungi kunda ximiya so‘zining asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Farrux Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdi. Uning qiziqishlarini to‘g‘ri baholagan ustozi Ra’no opa O‘rinova fan olimpiadasiga tayyorlay boshladi. Tayyorgarlik jarayoni oson kechmadi. Ba’zan masalalarning javobi haftalab topilmasdi.

Bir gal ota-onasi bilan mehmonda o‘tirganida birdan xayoliga masalaning yechimi kelib qolsa bo‘ladimi. Xursandchilikdan o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgan Farruxga mehmonlar ajablanib qarashdi. Butun fikrini kimyo fani egallab olgan Farrux litseyning 2-kursiga o‘tganida avval shahar, keyin Respublika olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi. Saralash musobaqalarida yaxshi natija ko‘rsatib, 2015-yil Armaniston poytaxti Yerevan shahrida o‘tkazilgan 49-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ishtirok etdi. Tanlov talablari nihoyatda qattiq, masalalar qiyin, raqiblar kuchli edi. Ular orasidan biror o‘ringa da’vogarlik qilish...

Nihoyat, tanlov natijalariga ko‘ra, Farrux Lutfullayev 49-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi kumush medali sohibi bo‘ldi. U hayajonini yashirolmasdi. Tabriklayotganlar orasida navbatdagi qahramonimiz Dilnora Yusufaliyeva ham bor edi.

 

Katta “uchlik”

Dilnoraning ota-onasi shifokor. Ularning uyini norasmiy shifoxona, desa bo‘ladi. Shunday muhitda o‘sayotgan qiz hech kutilmaganda, men shoira bo‘laman, deb turib olsa bo‘ladimi. Uning qiziqishlari asta-sekin jurnalistika sohasiga almashdi. Va nihoyat, raqqosa bo‘lish uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Amina Bobojonovadan milliy raqs sirlarini o‘rgana boshladi. U kimyo fanidan ham yaxshi baholarga o‘qirdi, ammo laboratoriya mashg‘ulotlariga qiziqmasdi. Biroq uning qiziqishlari, maqsadini butunlay o‘zgartirib yuboradigan bir voqea sodir bo‘ldiki, Dilnora hal qiluvchi qarorni qabul qildi. Bir kuni oyisi unga choy qaynatadigan chovgumni yaxshilab yuvib qo‘yishini tayinladi. Chovgumning ichini simli qirg‘ichda kovlab o‘tirish yoqimli mashg‘ulot emas, albatta. Nima qilsa bo‘ladi?! Shu daqiqada u qandaydir “kashfiyot” yaratgisi keldi va kimyodan bilganicha “laboratoriya mashg‘uloti” o‘tkazdi. “Ishqorli cho‘kmalar bilan nima oksidlanardi-ya?! Ruxmidi, sulfatmidi?! Ha, topdim – natriy” deya xursand bo‘lib ketdi. Natriy gidrokarbonat iste’mol sodasi tarkibida bo‘ladi. U chovgumni iste’mol sodasi solingan suv bilan to‘ldirib, qaynatish uchun olovga qo‘ydi. Qarabsizki, natija a’lo!

Laboratoriya mashg‘ulotlari tobora uni o‘ziga jalb qila boshladi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi Yunusobod akademik litseyiga o‘qishga kirdi. Bu yerda ustozlar ancha talabchan, darslar murakkab edi. Ustozi Saidakrom aka Umarov “Kimyo fani xuddi zinaga o‘xshaydi, birinchi zinani bosmay turib, keyingilariga o‘tolmaysan,”, derdi. Ustozning aytishicha, kimyo – tarix, geografiya, ingliz tili fanlari bilan ham uzviy bog‘liq. Masalan, II Jahon urushida konslagerlarda qanday gazdan foydalanganligini yoki ingliz tilida moddaning qanday nomlanishini, mamlakatlarning ma’dan zaxiralarini yaxshi bilgan odam masalaning yechimini qiynalmay toparkan. Demak, kelajakda filolog bo‘laman, menga matematikaning keragi yo‘q, degan o‘quvchi yanglishadi. Dilnora “Kimyo – mening qismatim”, degan shiorni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. U kuniga 8 soatlab dars qilardi. Chunki u bu orada Respublika saralash musobaqalaridan o‘tib, Xalqaro olimpiadaga yo‘llanma olgan edi-da. 2014-yili Moskvada bo‘lib o‘tgan 48-Mendeleyev olimpiadasi uning yig‘ib-tergan bilim, salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Nizomga ko‘ra, olimpiada qaysi davlatda o‘tkazilsa, ana shu davlatning ijtimoiy, iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqib, savollar tuziladi. Masalan, Toshkentda bo‘lib o‘tganda paxta yog‘i tarkibidagi mikroelementlar, Bokuda anor, Yerevanda sun’iy bo‘yoqlar, Moskvada Plutoni, ya’ni radiaktiv elementlar bilan bog‘liq masalalar kiritiladi. Demak, ishtirokchilar olimpiada o‘tkaziladigan davlatning ixtisoslashuvini yaxshi bilsa, musobaqaga kiritiladigan uchta bosqichning biriga yaxshi tayyorlangan bo‘ladi. Dilnora aynan mana shu jihatga e’tibor qaratdi. U 48-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining bronza medali sohibasi bo‘ldi. 2015-yil nafaqat Dilnora Yusufaliyevaning hayot kitobiga balki Vatanimiz solnomasiga ham qayd qilib qo‘yildi. Shu yili u Yerevanda o‘tkazilgan 49-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ham, nufuzi jihatidan yuqoridagi tanlovlardan kam bo‘lmagan, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan 47-Butunjahon olimpiadasida ham bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Dilnora Yusufaliyeva hozirda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida tahsil olyapti. Qahramonlarimizning yangi yutuqlari, zafarlari haqida mavridi bilan sizga yana hikoya qilib beraman.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.