Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yurt qorovuli

Bir zamonlar Hirot shah­riga Mirzo Husayn Boyqaro degan kishi podsho edi. Mirzo Husaynning shahar chetida katta bir bog‘i bo‘lib, unda Sotiboldi degan kishi qorovullik qilar edi.  Mirzo Husayn kunduzi yurtni so‘rar, kech tushdi deguncha, ust-boshini o‘zgartirib, hech kimga bildirmay, Sotiboldining oldiga borar ekan. Ular ikkovlashib ulfatchilik qilishar ekan.

–    Sotiboldi, sen bog‘ga qorovulsan, – derkan Mirzo Husayn oshnasiga qarab, – men bo‘lsam yurtga. Sen bog‘ni qo‘riqlasang, men yurtni. Mana, hozir ikkimiz bir kishimiz. Ulfatchilik qilib, otamlashib o‘tiribmiz. Men bilan bunday ulfatchilik qilishingni hech kim bilmasligi kerak. Og‘zingni bo‘sh qo‘yib, biror kimsaga aytib qo‘ysang, seni ham, aytgan kishingni ham o‘ldirtirib yuboraman.

Sotiboldi o‘la-o‘lgunicha hech kimga aytmaslikka so‘z beribdi.

Mirzo Husaynning dono vaziri Alisher Navoiy bular o‘rtasidagi do‘stlikni bilar, lekin hech kimga aytmas ekan.

Kunlardan bir kuni Karim bobo degan o‘tinchi daladan o‘tin terib, sotgani bozorga ketayotgan ekan, podshoning odamlari ko‘rib qolib, o‘g‘ri deb ushlashibdi-da, oyog‘ini yerga tekkizmay saroyga olib kelishibdi. Mirzo Husayn so‘ramay-netmay, Karim boboni o‘limga hukm etib yuboribdi. Shu payt qayoqdandir Alisher Navoiy kelib qolibdi. “Bu o‘tinchi Karim boboga o‘xshaydi-ku?” debdi shoir. Boboga yaqinroq borib qarasa, haqiqatdan ham o‘sha kishi. So‘ng:

–    Ha, bobo, bu yerda nima qilib yuribsiz? – deb so‘ragan ekan, bobo:

–    Ey, shoir, sababsiz saroyga kelarmidim. O‘g‘ri deb ushlab kelishdi. Shahanshohi bokaram o‘limga hukm qildilar. O‘limimni kutib turibman. Umrimda biron marta o‘g‘rilik qilsam ham mayli edi, – deb ko‘ziga yosh olibdi.

“Bobo gunohsiz, bechoraning gunohini so‘rab olish kerak. Ammo qanday qilib? Bu ishga men unnay desam, Husayn Mirzo yo‘q deyishi turgan gap. Chunki kuni kecha ikki kishining gunohini tilab olgan edim, – debdi o‘ziga o‘zi vazir, – yaxshisi Sotiboldining oldiga boraman. Zora u biror chora topsa”, deb o‘ylabdi-da, bog‘ga qarab jo‘nabdi. Shoirni ko‘rgan Sotiboldi xursand bo‘lib ketibdi.

–    Sotiboldi aka, – debdi Alisher Navoiy, – sizning oldingizga zarur ish bilan keldim. Tez bo‘ling. Bir gunohsiz bechorani o‘limdan saqlab qolish kerak.

 

– Qanday qilib? – debdi hayron bo‘lib u.

–      Hayron bo‘lmang. Bu ish sizning qo‘lingizdan kelishini bilib, atayin keldim. Gap bunday, – deb  so‘zini davom ettiribdi shoir, – Mirzo Husaynning  oldiga Karim boboni o‘g‘ri deb olib kelishibdi. U kishi umrida o‘g‘rilik nimaligini bilmagan odam.

–    Qanday qilib bir bog‘ qorovuli Mirzo Husayndek sultonning oldiga bora  oladi. Sizdek shoirning qo‘lidan kelmagan ishni mendek noshud  qorovul bajara olarmidi? – debdi Sotiboldi.

–    Bu ish sizning qo‘lingizdan keladi. Menga kelsak, kuni kecha ikki begunohning gunohini so‘rab, Mirzodan iltimos qilgan edim. Bugun ham iltimos qilsam, Sultonning yo‘q deyishi turgan gap. Buning ustiga, bugun Mirzoning fe’llari andak joyida emas. Sizdan bu ishni iltimos qilishimning boisi bor: o‘zlarining Husayn Mirzo bilan tunlari ulfatchilik qilib yurishlaridan birmuncha xabardorman.

Alisher Navoiyni aldab bo‘lmasligini bilgan Sotiboldi:

–    Obbo, shoir-ey! Ziyrakligingizga hamma vaqt qoyil qolaman, – debdi. Keyin: – Husayn Mirzo bilan mening o‘rtamdagi xufiyona ulfatchilikdan qachon xabar topgansiz? – deb so‘rab qolibdi.

–    Bunga ancha vaqt bo‘ldi.

–    Hech kimga aytmadingizmi?

–    Yo‘q.

–    Sir saqlashingizga qoyil, – Sotiboldi shunday debdi-da, birga borib podshodan Karim boboning gunohini so‘rab olishga rozi bo‘libdi.

–    Faqat bir shartim bor, debdi u, – saroyga meni o‘g‘ri deb haydab borasizlar. U yog‘ini o‘zimga qo‘yib berasiz.

Navoiy darrov ikki sarbozni chaqirib kelibdi-da, Sotiboldini o‘g‘ri deb saroyga haydab boribdi. Pod­sho bog‘ qorovulini  tanimaganga olibdi.

Husayn Mirzoni ko‘rgan Sotiboldi unga qarab shunday debdi:

–    Sultoni bokaram, men bog‘ qorovuli Sotiboldiman. O‘g‘ri deb ushlab, bu yerga olib kelishdi. Umrimda bir marta o‘g‘rilik qilgan bo‘lsam, Xudo ursin. Bundan picha oldin sherigimni ham bu yerga olib kelishgan ekan. Meni ham o‘limga hukm qilishingizdan oldin bir iltimosim bor, shunga yo‘q demasangiz. Keyin mayli, o‘g‘ri  bo‘lmasam ham, o‘g‘ri deb, hukmingizni chiqaravering.

–    Ayt iltimosingni, – debdi podsho.

–    Shu orada o‘zini yurt qorovuli, deb yurgan bir oshnamiz bor. Shu oshnam bilan uchrashib, bir nafas suhbatlashishga ruxsat bersangiz.

Bu so‘zni eshitib, Husayn Mirzo nima deyishni bilmay, o‘ylanib qolibdi. “Yurt qorovuli menman”, deb aytay desa, atrofidagi butun vazirlar, ulamolar o‘ltirishibdi. O‘limga hukm qilingan  gunohkorning oxirgi iltimosini bajarmaslik ham mumkin emas. Nima qilarini bilmay qolibdi. Oxiri:

–    Sen-ku gunohkor emas ekansan. Mayli, sening gunohingni kechsam kechay. Sendan oldin  bu yerga keltirilgan o‘g‘riga nima aloqang bor? – debdi.

–    Yurt qorovuli, men va ana shu keltirilgan bobo – uchovlon ulfatchilik qilar edik. Karim bobo ovqat pishirish bilan band bo‘lib, bizga ko‘rinmas edi. Bordi-yu gapimga ishonmasangiz Karim bobo bilan yurt qorovulini chaqirtiring.

Husayn Mirzo o‘ylanib-o‘ylanib:

– Bor,  ikkovingning ham gunohingdan o‘tdim, – deb yuboribdi. Karim bobo bilan Sotiboldi saroydan shoshib-pishib chiqib ketishibdi. Alisher Navoiy Sotiboldining donoligiga qoyil qolibdi.

 

Omonulla MADAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.