“Zarb”da zarbdor javohir
Orangizda doira chalishga qiziqmaydigan, biror-bir cholg‘u asbobini havasga bo‘lsa ham chertib ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak-a?! Buxorolik tengdoshingiz Javohir ham 5-6 yoshidayoq qo‘liga taqsimchami, tog‘orachami, nima tushsa “baka-bum-bak” qilib, o‘zicha qandaydir sadolarni taratmoqchi bo‘lgan ekan. Uning havasi-yu qiziqishidan tashqari, qobiliyati ham borligi tufayli dadasi Buxoro shahridagi Ahmad Ixtiyorov nomidagi 5-bolalar musiqa va san’at maktabiga yetaklab bordi. Javohir hozir mazkur dargohda an’anaviy ijro yo‘nalishining 6-sinfida tahsil olmoqda. San’atkor bo‘lishni maqsad qilgan Javohir shu yili 9-sinfni tamomlab Muxtor Ashrafiy nomidagi san’at kollejiga o‘qishga kirdi. Ammo u sportning boks turi bilan shug‘ullanishni ham kanda qilgani yo‘q.
Javohir Zohirovning ustozi Xalq ta’limi a’lochisi Haydar aka Xolov maktabda yosh doirachilarga saboq beradigan “Zarb” guruhini tashkil etgan. Guruhning faol va iste’dodli a’zolaridan biriga aylangan Javohir bu yil Muhiddin Qori Yoqubov nomli Respublika ko‘rik-tanlovida faxrli o‘rinni egalladi. Uning maqsadi – doira sadolarini xorijiy davlat sahnalarida ham taratish. Hozircha Javohirning zarbi tahririyatimizgacha yetib, yurtimiz bo‘ylab taralayotgan ekan, kelajakda u o‘z orzusiga erishishiga ishonamiz.
Sayyora QODIROVA