Zavqli ta’til
Go‘zal tabiat quchog‘ida joylashgan oromgohlarda dam olayotgan bolalarning zavqli ta’til damlari haqida hikoya qilish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan yana Bo‘stonliq tumaniga yo‘l oldik. Bu galgi safarimiz Xondayliq qishlog‘idagi “Barkamol avlod” oromgohidan boshlandi. Ikki yarim gektardan ortiq hududni egallagan oromgohda hozirda 150 nafar bola hordiq chiqarmoqda. Muassasaga kiraverishda ochilib turgan anvoyi gullar, manzarali daraxtlar dam olish maskaniga o‘zgacha ko‘rk baxsh etib turibdi. Oromgoh rahbari Muyassar opa Ahmadjonovaning aytishicha, bu yerdagi oshxona, yotoqxona, sport maydonchasining yozgi va qishki binosi, yozgi suzish havzasi bolajonlarga olam-olam zavq bag‘ishlamoqda. Muyassar opa suhbat davomida yana quyidagilarni gapirib berdi:
– Dam olish maskanimizda bolalarning namunali hordiq chiqarishi, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun turli sport to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Mohir qo‘llar, rassomlik, biser tikish kabi to‘garaklar o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishini ta’minlasa, mo‘jazgina kutubxona hamda bolalarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi to‘garaklar bilim doirasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng Oqtosh yonbag‘rida joylashgan “Zilola” oromgohi tomon yo‘l oldik. Eng qizig‘i, mazkur dam olish maskani bu yil 50 yoshga to‘lar ekan. Yana shunisi ahamiyatliki, muassasa hududidagi 40 metr chuqurlikdan toza va shifobaxsh ichimlik suvi chiqar ekan. So‘nggi mavsum oldidan bu yerda 355 nafar bola dam olayotganligiga guvoh bo‘ldik.
Oromgohlarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida bolajonlarga “Gulxan” jurnali va bolalar badiiy adabiyoti namunalaridan sovg‘alar ulashildi. Bu yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishish asnosida ko‘nglimiz olam-olam quvonchga to‘ldi. Va kelgusi yil uzoqroq muddat sayohat qilishni dilimizga tukkan holda ortga qaytdik.
Ma’rifat TOLIPOVA