Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

  • 1560 marta ko‘rilgan

Xushxabar

Ijodkor, kitobsevar do‘stlar, eshitmadim demanglar, 2-aprel –Xalqaro bolalar kitobxonligi   kunida  bayramga ajoyib sovg‘a sifatida mam­lakatimiz bo‘ylab  yoqimli  xushxabar tarqaldi – O‘zbekiston Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashiga qabul qilindi!

Bu nima degani? Nega buncha  xursandchilik deysizmi? Albatta xursand bo‘lamiz-da, O‘zbekistonday, o‘zbeklarday bolajon xalq uchun, bor mahoratini  ishga solib, bolalar uchun asarlar  yozayotgan  ijodkorlar uchun katta  ijodiy imkoniyat degani-ku bu!

Bundan buyon o‘zbek  yozuvchi, shoirlari  ham ushbu kengash tomonidan ta’sis etilgan tanlovlarda qatnashishi mumkin. Demak,  endi o‘zbek adiblarining asarlarini  dunyodagi barcha millat bolalari o‘z tilida o‘qiy  oladi. O‘qibgina qolmay, o‘zbek  bolalari hayotini yaqindan taniydi. Yurtimizda qanday  mahoratli  ijodkorlar borligini bilib oladi.

– Zo‘r ekan-ku, Gulxanjon! Unday bo‘lsa, bu tashkilot haqida ham ma’lumot ber, deyapsizmi?! Marhamat! Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi 1953-yilda  Shveytsariyaning Syurix shahrida YUNESKOning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro kengashi to­mo­nidan tashkil etilgan.  Ken­gashning asosiy maqsadi bo­lalar va yoshlar adabiyotini  rivojlantirish, mamlakatlar  milliy adabiyotini xalqaro miqyosga  ko‘tarish va ommalashtirishga ko‘maklashishdir. Kengash aynan shunday maqsadga ko‘ra ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtiradi.

IBBY (kengashning  to‘liq nomi – Inter­national Board on Books for Yung People) ning O‘zbekiston Respublikasi Milliy sho‘basi AOKA tashabbusi bilan tashkil etildi.

IBBYga a’zolik bizga nima beradi? Bundan buyon O‘zbekistonning barcha ijod­­korlari, jumladan, bo­­lalar yozuvchilari, rassomlar va boshqa kitob sohasida mehnat qiluvchi kishilar xalqaro kongresslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Yana bir quvonarli tomoni, o‘zbek tilidagi bolalar adabiyotini ham jahon miqyosida taqdim etish, ijodkorlarimizni turli xil sovrinlarga, jumladan Hans Kristian Andersen nomidagi mukofot uchun nomzodini ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shu choqqacha yurtimizdan birgina O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazir bu  tashkilotning  diplomiga sazovor bo‘lgan. 

IBBY, shuningdek, har ikki yilda bir marotaba milliy sho‘balarning har biridan ko‘zga ko‘ringan yozuvchilar, illyustrator-rassomlar va tarjimonlarni e’tirof qilish maqsadida ularning eng yaxshi ishlarini IBBY Honour List ro‘yxatiga kiritadi.

IBBYning barcha a’zolari uchun alohida ahamiyatga ega voqea bu – har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining Butunjahon kongressidir. Milliy sho‘baga ega har bir davlat Xalqaro kongress mezboni bo‘lish imkoniga ega va mamlakat mezbonlikka ariza bergach, kengash ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Demak, bunday imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Milliy sho‘basida ham mavjud.

2022-yilgi IBBY Kongressiga Malayziya davlati mezbonlik qiladi. Ushbu kongressda bu yil O‘zbekiston ham qatnashadi.

Bundan chiqdi, ushbu xalqaro tashkilotga a’zolik O‘zbekistonda bolalar adabiyotining rivojlanishi uchun katta manfaat keltiradi. Bu yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish, rag‘batlantirish va targ‘ib qilish borasidagi katta qadamdir.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.