- Rukn: Sheʼrlar
- 263 marta ko‘rilgan
Elimdan ketmagin to abad, Navro‘z
Otam har bahorda qutlug‘,
pok tilak —
Hovlimizga terak ekib qo‘yardi.
Kun tig‘ida bolamga deb jonhalak,
Uy solay deb guvalaklar quyardi.
Bugun ko‘z o‘ngimdan o‘tadi bir-bir,
Qora suvoq uylar, chala imorat.
Loy changallab o‘tgan otamning umri,
Chakka teshgan kulba, chakka ezgan baxt.
Qachon hovuchimdan to‘kilgan, bilmam,
Onam yuragida qovurgan bodroq.
Otamning daladan kelishin kutib,
Tom boshiga chopib chiqqan qizg‘aldoq.
Qushlar yuragimga etadi zikr,
Ko‘ngil kabi obod bog‘lardan ko‘rkam.
Chakka teshgan tomni bilmas, ming shukr,
Loysuvoqli uylar qurmas nabiram.
Ne baxt, dunyolarga ko‘rk buyuk yurtim,
Ta’rifing aytmoqqa topmam loyiq so‘z.
Armonlari sening dardingday qadim,
Otamni eslatding qadrdon, Navro‘z.
Bu hurlik, ozodlik muzofotida,
Yurtim shavkatingga tegmasin hech ko‘z.
Yuraklarga haqning mukofotiday
Elimdan ketmagin to abad, Navro‘z!
Enaxon SIDDIQOVA,
O‘zbekiston Xalq shoiri