- Rukn: Sheʼrlar
- 420 marta ko‘rilgan
Kitob javoningizga
Kitobsevar bolalar, eshitmadim demanglar. Siz “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarida, boshlang‘ich sinf darsliklarida she’rlarini mazza qilib o‘qigan, osongina yodlab olgan sevimli shoiringiz Azamat Xudoyberganov o‘quvchilarga yana bir sovg‘a tayyorladi. Bolajon shoirning “O‘zbekiston” nashriyotida “Sirli sovg‘a” nomli to‘plami chop etildi. Shoirning “Sonlar sayrga chiqdi”, “Uyatchang chuvalchang” nomli kitoblaridagi she’rlarini o‘qigan bolalar uning nihoyatda kuzatuvchanligiga, tabiatdagi, bolalar hayotidagi qiziq holatlarni kutilmaganda juda quvnoq, chiroyli she’rlarga aylantira olishiga qoyil qolishgan. Biroq, bir ko‘rinishda oddiygina tuyilgan bu she’rlar zamirida juda chuqur mantiq yotadi. U bolani o‘ylashga, xulosa qilishga o‘rgatadi. Quyida e’lon qilingan she’rlarni o‘qisangiz, fikrimizga qo‘shilasiz.
***
TULKIVOYNING HASRATI
Buncha shirin bo‘lmasa
Bu xo‘rozning ovozi.
Yaqinroqdan tinglashga
Qo‘ymaydi afsus, tozi.
Pisib boray deyman-u
Goho dumim berar pand.
Alamimdan shu sabab
Yeyman doim xo‘rozqand.
***
SHOLGʻOM
Soyabondir yaprog‘im,
Ildizim yer tagida.
Kattarib ketganim rost
Chol-kampir ertagida.
Balki ertak bo‘lmasdim,
Bunday semirmaganda.
It, mushuk tortmaganda,
Sichqon kemirmaganda.
***
“ARZIMAS” HOLAT
Ko‘zoynak taqib bobom,
Gazetasin o‘qirdi.
Buvim orom kursida
Menga paypoq to‘qirdi.
Otamlar-chi berilib,
Televizor ko‘rmoqda.
Ukam beshikda yotib,
So‘rg‘ichini so‘rmoqda.
Opam va kichik singlim –
Ikkisi birgalashib,
Oshxonada yurardi,
Oyimlarga qarashib.
– Xo‘sh, o‘zing-chi, – deysizmi?
E, so‘ramang, qayoqda.
Arzimagan “ikki” deb,
Turibman tik oyoqda.
Azamat XUDAYBERGANOV