Kitob mening hamrohim
Bu yozgi ta’til har yilgidan ham maroqli o‘tdi. O‘quv yili so‘ngida ustozim bizga vaqtimizni mazmunli o‘tkazish, tafakkurimizni boyitish uchun ko‘proq badiiy kitob o‘qishimiz kerakligini ta’kidladi. O‘quv yili boshlanganda o‘qigan asarlarimiz yuzasidan munozaralar o‘tkazilishini aytdi. Bu men uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki kitob o‘qish jon-u dilim. Sinfdoshlarim oldida uyalib qolmaslik uchun onam bilan ych oy davomida o‘qiydigan kitoblarim ro‘yxatini tuzdim. Ta’til vaqti bo‘lishiga qaramay, maktabda o‘tkazilgan “Kitob – mening do‘stimsan” ko‘rik-tanlovida qatnashib 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, tuman miqyosida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Kitobsevar tengdoshlarim bilan bahs boylashishga astoydil bel bog‘ladim. Javonimni badiiy kitoblar bilan boyitdim. Natija esa, yomon bo‘lmadi. Tumanda g‘olib deb topildim va planshet bilan taqdirlandim. Bu meni yanada ko‘proq kitob o‘qishga undadi. O‘quv yili boshlanib darslar, qo‘shimcha topshiriqlar ko‘paygan bo‘lsa-da, badiiy kitob o‘qishga, undagi ayrim lahzalarni konspekt qilishga vaqt topayapman.
Behro‘zbek BaHriddinov,
Samarqand viloyati Payariq tumani 53-maktab 8-sinf