Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tiniq tasavvur chizgilari

Bolalik – beg‘uborlik demakdir. U hamisha samimiylikka talpinib yashaydi. Shuning uchun ham aksariyat bolalar o‘z ko‘nglida kurtak yozgan eng nafis, musaffo tuyg‘ulari, orzu-umidlari, shu bilan birga ulug‘vor maqsadlarini ham bitiklari orqali aks ettirishga harakat qiladilar. Anora Norqulovaning she’riy mashqlarini mana shunday kayfiyat ifodasi, deyish mumkin.

U poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 63-maktabning 5-sinfida o‘qiydi. Anoraning o‘ziga xos bolalarcha tiniq tasavvur ila oddiy va ravon misralarni qog‘ozga mohirona tushirganligi meni quvontirdi. Uning Vatan, ota-ona va tabiat haqidagi she’riy mashqlari bilan tanishish jarayonida har bir o‘quvchi qalbida samimiy tuyg‘ular uyg‘onishi tabiiy.

Anoraning kelajakda hassos shoir va adiblar ijodini mukammal o‘qib-o‘rganib, yuksak iste’dod sohibasi bo‘lib yetishishiga umid bildirib qolaman.

 

Orif  TO‘XTASH,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi raisi, shoir

 

Ustozlar

Bizga ilk bor qalam tutqazgan,

Hayot sabog‘iga yetkazgan,

Jaholatni qalbdan ketkazgan,

Sizga ta’zim, aziz ustozlar!

 

Bizlar sizning o‘g‘il-qizingiz,

Mehr bilan boqar ko‘zingiz,

Kuch baxsh etar har bir so‘zingiz,

Sizga ta'zim, aziz ustozlar!

 

Siz o‘zingiz muhtaram inson,

Qarz uzmoqqa topolmay imkon,

Ta’zimdamiz har on, har qachon,

Sizga rahmat, aziz ustozlar!

 

Onam allasi

Onam alla aytar ukamga,

Tinglay turib yorishar ko‘nglim.

Ohangi ham taralar mayin,

Ravon bo‘lar yanada yo‘lim.

 

Onam alla aytar ukamga,

Mehrli ohangga to‘ymayman.

Bag‘riga otaman o‘zimni,

Bo‘ynidan quchaman, qo‘ymayman.

 

She’r yozaman, yurak tilidan,

Onajonlar mudom bor bo‘lsin!

Alla  tinglab o‘sgan bolalar

Olam aro baxtiyor bo‘lsin!

 

Quyosh

Yer-u ko‘kni qizdirib,

Osmonimda porlaysan.

Nur bag‘ishlab, olamni

Yorug‘likka chorlaysan.

 

Sen nur sochganing zahot,

Yashnab ketar ekinlar.

Erkalaydi borliqni,

Shamol shashti sekinlab.

 

Mehr nuring so‘nmasin,

Doim porla, charaqla.

Zulmatlarni parchalab,

Ezgulikni sharafla!               

           

Anora NORQULOVA,

Yunusobod tumanidagi

63-maktabning 5-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.