Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Ijod hayratlari” nomli to‘garak a’zolarining ijod namunalari

Ustozim

Ilm-u fanda ziyoda,

Aqli donish,  bilguvchi.

To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib,

Doim qo‘llab turguvchi.

 

Bilmaganim o‘rgatib,

Bilganimni oshirar.

Ta’lim berar tinmayin,

Qalbimda olam kular.

 

Qadri baland men uchun,

Ular sabab parvozim.

Baxtimga sog‘ bo‘lsinlar,

Mehribonim, ustozim!

 

***

Buvijonim

Doim g‘amim yeguvchi,

G‘amxo‘r insonim mening.

Mehr-la qo‘llaguvchi, 

Suyanchim, tog‘im mening.

 

Bu dunyoda yagona,

Boyligimdir o‘zlari.

Oftobdayin erkalab,

Dilga yoqar so‘zlari.

 

Buvijonim,  buvijon.

Yuz yoshlarga to‘lsinlar.

Baxtimizga hamisha

Sog‘-salomat bo‘lsinlar.

 

Dilafro‘z HAMIDOVA

 

 ***

Tipratikan

Hushyor, sergaksan doim,

Shoshasan aslo kulmay.

Tutmoqchi bo‘lgan onim,

Qochasan tinim bilmay.

 

O‘zgacha ko‘rinasan,

Garchi tikanlaring bor.

Bilmayman boshginangda

Ne o‘y-xayollaring bor?!

 

***

G‘aroyib fil

Xartuming uzun buncha,

G‘aroyibsan, sen buncha?!

Haybatli bo‘lsang hamki

Nega qo‘rqoqsan, buncha?!

 

Hayvonlarning ulkani,

Holing tushunolmayman.

Filcham,  ko‘zlaring g‘amgin,

Sababin bilolmayman.

 

Gulnoza MAMARAHIMOVA

 ***

Sho‘x quyon

Mening to‘rtta quyonim bor edi. Bir kuni ularning ichidagi eng kichkina va sho‘x quyonim yo‘qolib qoldi. Uni rosa qidirdim. Lekin topolmadim. Ertalab dalaga borib qarasam, o‘sha yo‘qolgan quyonim daladagi barcha sabzilarning  bargini yeb qo‘yibdi. Uni bu ishidan juda jahlim chiqdi. Axir, sabzilar bargsiz o‘sa olmaydi-ku!

Noiloj  sabzilarni  akam bilan kavlab oldik-da, uyga olib kelib, oyimga berdik. Oyim esa bizga kechqurun juda mazali palov pishirib berdilar.

Sabzilarning po‘chog‘ini esa quyonlarimga berdim. Ular qirtillatib, darrov paqqos tushirib olishdi.

Sho‘x quyonimning “qilmishi” sabab biz yil davomida bozordan sabzi sotib oldik. Lekin eng muhimi, biz quyonlar uchun ham ko‘proq sabzi ekishimiz kerakligini tushundik.

 

Husan SAIDAMINOV,

8-sinf o‘quvchisi

 

 ***

Saboq

Ukam bilan ko‘chada quvlashmachoq o‘ynab yurgan edim. Kutilmaganda ukam meni turtib yubordi.  Jahl bilan uni  urishgan edim,  u atayin qilmaganini aytdi.  Lekin men ukamni kichkina ekanligiga ham qaramay, gaplariga quloq solmadim...  Shu voqea sabab ukam bir necha kun arazlab yurdi. Men ham uni ko‘chaga chiqqanimda chaqirmay, hech bir o‘yinga qo‘shmay, ajratib qo‘ydim. Keyin bilsam,  bu ishimdan ukamning dili yomon og‘rigan ekan...

Bir necha kun o‘tib, ko‘chada o‘ynayotganimda qattiq yiqildim. Oyog‘imdagi  chidab bo‘lmas og‘riq bilan shifoxonaga bordik. Oyog‘im singan ekan – gipslab qo‘yishdi.

Bir yarim oy davomida maktabga borolmadim, ko‘chada o‘ynolmadim. Yurolmay uyda yotgan paytim ukamni nohaq ranjitganimni tushunib yetdim va undan astoydil kechirim so‘radim.

Chunki men birovning dilini og‘ritish, o‘ziga yomonlik qilish ekanligini tushungandim.

 

To‘xtamurod ISLOMOV,

8-sinf o‘quvchisi

***

Va’da

Onam  maktabdan kelganimdan so‘ng sigir bilan buzoqchaga  qarab turishimni tayinladilar.  Men ularga endi o‘t bermoqchi edim, shu payt o‘rtoqlarim futbol o‘ynagani chaqirib qolishdi.  O‘yinga shunchalik qiziqib ketganimdan sigir bilan buzoqqa qarash butunlay yodimdan ko‘tarilibdi...

Oyim uyga kelib mendan “Sigir bilan bolasi qani?!” deb so‘radilar. Nima deyishni bilmay dalaga yugurdim,  lekin topa olmadim. “Endi nima qilamiz?! Axir sigirimiz borligi uchun har kuni sut,  qatiq,  qaymoq yer edik-ku”.

Shu payt qo‘shni amaki kelib molimiz ularning dalasida ekanini aytdi. Men xursand bo‘lib  ukam Husan bilan borib, ularni olib keldim...

Kechki payt e’tiborsizligim uchun dadamdan rosa gap eshitdim. Xatoyimni tan olib, ota-onamdan uzr so‘radim.

 

Hasan SAIDAMINOV,

8-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.