Rassomlik tabiiylikdan boshlanadi
(havaskorlar ijodiga bir nazar)
“Assalomu alaykum, hurmatli “Gulxan” jurnali tahririyati! Biz, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanidagi 1-maktabning 3-“B” sinf o‘quvchilari, ishlaringizda omad, jurnal sahifalarini rang-barang, qiziqarli hamda mazmunli tayyorlashingizda kuch-g‘ayrat tilaymiz. Biz jurnal o‘quvchilarining soni yanada ko‘payishini istab qolamiz. Shu sababdan 2016-yil uchun jurnalga sinfimiz bilan obuna bo‘ldik. Hozir yil davomida qiziqarli sahifalarni o‘qib borishimizni o‘ylab juda quvonyapmiz. Shuningdek, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda ham jurnaldan imkon qadar foydalanamiz. Butun sinfimiz bilan maktabimizda tashkil etilgan “Zakovatli yoshlar” to‘garagi a’zosimiz. Eng sevgan mashg‘ulotimiz – rasm chizish. Sizlarga o‘z ijod namunalarimizdan yuboryapmiz”.
Aziz o‘quvchilar! Bu kabi samimiy maktublaringizni o‘qib, sevimli jurnalingiz bilan qanchalik do‘stligingizni bilib olamiz. Imkon qadar siz mushtariylarimizni qo‘llab-quvvatlashga, orzu va intilishlaringiz ro‘yobiga ko‘maklashishga harakat qilamiz. Respublikamizning barcha shahar va viloyatlaridagi tengdoshlaringiz o‘z ijod namunalarini yuborib turishadi. Eng quvonarlisi, bu xatlarning teng yarmini rasmlar tashkil qiladi. Chunki yurtimizda rasm chizishga qiziquvchi bolajonlar talaygina.
Yuqoridagi maktub mualliflaridan 3-“B” sinf o‘quvchilari Doston Qo‘shboqov, Sevinch Abdusamatova, Nozima Primqulova, Abdumajid Ochilov va Shahin Dilshodovlar chizgan rasmlar turli mavzudaligi, rang-barangligi bilan bizni quvontirdi. Shulardan Shahin Dilshodov chizgan “Bo‘g‘irsoq” rasmini ko‘rib siz ham bunga amin bo‘lishingiz mumkin (1-rasm).
Yana bir ertaksevar tengdoshingiz – Namangan viloyati, Kosonsoy tumanidagi 36–maktabning 4-“B” sinf o‘quvchisi Fazliddin Yusupov o‘z chizgan rasmini “Men sevgan qahramon” deb nomlabdi (2-rasm). Xalqimiz qadimdan mard, botir, yurtsevar o‘g‘lonlari bilan dunyoga tanilgan. Yaratgan ertaklarida ham ularning jasoratlarini, dovyurakligi-yu epchilligini, sheryurakligini ta’riflashgan. Yosh rassom Fazliddin ham ijodini shu mavzudan boshlabdi. Biz ham sizga shuni aytmoqchimiz-ki, xalqimiz bahodirlari bilan faxrlanib ulg‘aysangiz, albatta, el sevgan inson bo‘lib yetishasiz. gan inson bo‘lib yetishasiz.
Xatlar orasida “Zamonamiz qahramoni” nomli rasm ham bor ekan (3-rasm). Rasmdagi “qahramon” hammaga birdek tanish. Afsuski, u yoshlarimiz tarbiyasiga teskari ta’sir ko‘rsatayotgan, vahshiylikka, qonxo‘rlikka undaydigan kompyuter o‘yinlari “qahramoni”! Menga qolsa, uni sira-sira “qahramon” demagan bo‘lardim. Biz bunday jangari o‘yinlardan uzoq bo‘lishni maslahat beramiz. O‘zimizning milliy qahramonlarimizdan o‘rnak olaylik. Shu sabab bu rasmni yuborgan o‘quvchining ismini aytib uyaltirmaylik. O‘zi xulosa chiqarib olar...
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 9-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Dildora Murodova sportchi tengdoshlarini chizib yuboribdi. Qarang, sportchilarning yoshi ham, gavdasi ham, harakat-holati ham chiroyli tasvirlangan. Sport kiyimlarini aytmaysizmi (4-5-rasmlar)!
Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanidagi 8-maktab o‘quvchilari Muxlisabonu O‘rozboyeva, Go‘zaloy Yodgorova, Nafisa Allayorova, Ozoda Bahodirova, Mardona Yo‘ldosheva, Rohatoy Bobojonova va Umidjon Yo‘ldoshevlar o‘zlari chizgan turli mavzudagi rasmlarni yo‘llashibdi. Ularga ustozlari Arzigul Yusupova rahbarlik qilar ekanlar. Ko‘rib turganingiz navbatdagi, Muxlisabonuning “Sumalak” (6-rasm) va Umidjonning “A’lochilar” (7-rasm) nomli rasmlari bizni biroz xursand qildi. Chunki ular bu mashqlari bilan tasviriy san’atni yaxshi tushunib borayotganliklarini namoyish qilganlar.
Shuningdek, bizga ijod namunalarini yuborgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 27-maktabning 3-“D” sinf o‘quvchisi Sabrina Turdiyeva, Kasbi tumanidagi 41-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Ruslan Saidov, Kitob tumanidagi 13-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Ma’murjon Uzoqov, Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 48-maktab o‘quvchisi Alimardon Ahmadjonov, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 55-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Shirinoy Rahmatullayeva, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 4-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Azizbek Ummatov, shu maktabning 3-“B” sinf o‘quvchisi Nilufar Nasriddinova, yana shu sinfdan Muhammadjon Isomiddinov va Javohir Nazirjonovlar, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 26-maktabning 5-“B” sinfi o‘quvchisi Asadbek Barotov, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 45-maktabning 5-“A” sinf o‘quvchisi Muxlisa Boqiyevalar ham rassomlikka havas qilib, o‘z ustida izlanishayotgani ko‘rinib turibdi.
So‘zimiz so‘ngida sizdek izlanuvchan yosh ijodkor do‘stlarimizga katta muvaffaqiyatlar tilaymiz. Shuni unutmangki, qaysi san’at turini tanlamang, uning rivoji uchun tinimsiz mashq va izlanish talab qilinadi. Kitob va jurnallardagi rasmlarga qarab chizishni odat qilmang. Sababi, bu boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga xos. Yuqori sinf o‘quvchilariga esa asosan odamlar, tabiat manzarasi, predmet (natyurmort) yoki jonivorlarni aynan o‘ziga qarab chizishni maslahat beramiz. Shundagina siz haqiqiy rassomlikka dadil qadam qo‘ygan bo‘lasiz. Asosiy ish qurolingiz flomaster emas, oddiy va rangli qalamlar, akvarel, guash bo‘yoqlari bo‘lishi kerak. Chunki rassomlik tabiiylikdan boshlanadi. Muzey va ko‘rgazmalarda namoyish qilingan ustoz rassomlar ishlarining g‘oyasi, mazmuni va kompozitsiyasini tushunishga harakat qiling. Maxsus darslik va qo‘llanmalardan sohaga oid bilimlaringizni boyitib boring. Ana shunda o‘ylagan barcha orzularingizga yetishasiz.
Mirvosil ODILOV