“Hazrat Haziniy” to‘garagi a’zolari ijodidan
Karimaxon Ashurova rahbarlik qilib kelayotgan “Hazrat Haziniy” to‘garagini nafaqat Bag‘dodda, balki butun Farg‘ona viloyatida yaxshi bilishadi.
100 dan ortiq iqtidorli yoshlarni ijod qozonida qaynatib, qalamini charxlayotgan iste’dod maktabi mana 18 yildirki faoliyat yuritib kelmoqda. To‘garak bog‘ida “hosil bergan” she’rlardan eng saralarini sahifamizda e’lon qilyapmiz.
Do‘ppi
O‘zbeklarning faxrisan,
Turli xillaring bor-a.
Yuz yillar o‘tsa hamki
Urfdan qolmaysan sira.
Xizmating ko‘pdir menga,
Avaylab seni o‘pdim.
Soyabon ham kerakmas,
Boshimda bo‘lsang, do‘ppim.
Abdumalik XURSANALIYEV,
1-maktab 6-sinf
Chumchuq
Chidar jazirama yozning kuniga,
Qishning qahratonin ko‘zga ilmaydi.
Umrining boricha bir joyda yashar,
Ba’zi nomardlarning ishin qilmaydi.
Na qarg‘aga o‘xshar, na qaldirg‘ochga,
U tanho qush erur, asl dovyurak.
Vatanga qandayin sodiq bo‘lmoqni
Aslida chumchuqdan o‘rganmoq kerak.
Jasurbek NABIYEV,
43-maktab 8-sinf
Buzoqcha
Sho‘xligi tutib
Qorni to‘q buzoq.
Qo‘radan chiqib
Yugurdi uzoq.
Ortidan quvlab
Shamoldek yeldim.
Somonxonadan
Yetaklab keldim.
Endi to‘polon
Qilmaydi shayton.
Chunki bo‘ynida
Bir quloch arqon.
Ra’noxon NO‘MONJONOVA,
22-maktab 6-sinf
Qalbdagi oftob
Seni o‘qib xayolimga
Kelar yangi g‘oyalar.
Ezgulikka chorlaydi
Ertag-u hikoyalar.
Oftobga o‘xshataman,
Doim seni, kitobim.
Shuning uchun deyman-da:
“Qalbimdagi oftobim”.
Saidbek ABDURASHIDOV,
14-maktab 6-sinf
Yashamoqning o‘zi baxt
Yashnab turgan chamanda,
Shunday go‘zal maskanda,
Ozod va hur Vatanda,
Yashamoqning o‘zi baxt.
Mehr jo‘shadi qonda,
Uni saqlayman jonda.
Shunday aziz makonda
Yashamoqning o‘zi baxt.
Otabek AKBAROV,
16-maktab bitiruvchisi