“She’riyat gulshani” adabiy to‘garagi a’zolari ijodidan
Uchtepa tumani 283-maktab qoshida ijodkor o‘qituvchi Muhiba Rajabova rahbarligida tashkil etilgan “She’riyat gulshani” adabiy to‘garagi bugungi sahifamiz mehmoni. Yosh qalamkashlarning eng sara she’rlaridan e’tiboringizga havola qilamiz.
Bolalik
Lolalardan to‘shaldi gilam,
Bahor taqdi chakkamizga gul.
Qaldirg‘ochning qanotlarida
Quvonchlarni tuydik men va ul,
Bolaligim – beg‘uborligim.
Shoshqin daryo bo‘lib oqdik biz,
Kimlarnidir ranjitib qo‘ydik.
Boychechakning qo‘lchalaridan
Tutib, uni dalaga yoydik,
Bolaligim – beg‘uborligim.
Yulduzxon MURODULLAYEVA,
8-sinf
Shokolad
Shokolad, marmeladni
Yaxshi ko‘radi Laylo.
Bog‘cha opasidan ham
Konfet so‘rar doimo.
Shirinlik yegan tishdan
Kariyes joy oladi.
Konfetxo‘r bolalarning
Tishi og‘rib qoladi.
Muhabbat FAYZULLAYEVA,
6-sinf
Mushugim
Mushugim bor – “miyov-miyov”,
Qo‘shni itlar unga zo‘r yov.
Qorni ochsa yolg‘ondakam
Erkalanar menga birrov.
Ovqatni ham tanlab yeydi,
Xushlamasa “miyov”, deydi.
Qorni to‘ysa, bo‘lib xushhol,
Rahmat aytar menga darhol.
Madina RAHMATULLAYEVA,
7-sinf
Ona
Ona borki, olam bor, yurt bor,
Mehr nurin sochadi quyosh.
Ona bilan ko‘ngil xotirjam,
Bizga omad doimo yo‘ldosh.
Ona borki, baxt bor, omad yor,
Xurshid nurin qizg‘anmay sochar.
Yomonlarga yo‘ldosh qilmaydi,
U tolening eshigin ochar.
Ziyoda KARIMOVA,
6-sinf
Tush
Kecha uxlayotgandim,
Ajib bir tush ko‘ribman:
Oltin aravachada
Malikaday yuribman.
Ohista qadam tashlab,
Bir qasrga kiribman.
Shohona dasturxonda
Hatto tushlik qilibman.
Bir suluv ayol kelib,
Qo‘limdan ushlab oldi.
Qarasam oyim ekan,
Attang, tush tugab qoldi.
Dilrabo AHMADOVA,
6-sinf
Kitob
Ma’naviyat bulog‘i,
So‘nmas yulduzsan.
Bobolar o‘giti-la
Buyuk, tengsizsan.
Kitobim – sen oftobim
Yo‘lim yoritgan.
Bekorchi xayollarni
Quvgan, aritgan.
Chinora FAYZULLAYEVA,
5-sinf