Sheʼriyat saboqlari
Koʻplab jurnalxonlarimizning iltimoslarini inobatga olib jurnalimizning ushbu sonidan “Ijod hayratlari” nomli rukn tashkil etdik. Sheʼr, hikoya yozishga qiziqadigan, ammo bu janrlar haqida toʻla tasavvurga ega boʻlmagan, sheʼriyat qoidalarini yaxshi oʻzlashtirmagan havaskor bolalar ushbu rukn orqali ruhiyat olami, adabiy janr sir-sinoatlaridan xabardor boʻladilar. Bu mashgʻulotlarni filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi, taniqli shoira Gulandom opa Togʻayeva olib boradilar.
Dunyoda bolalik, oʻsmirlikning sirli, ajoyib damlarini boshdan kechirmagan birorta ham kishi yoʻq. Buni chin dildan aytayapman. Hamma ham qachondir mana shu goʻzal, ayni damda inson hayotining eng muhim pallalarini boshdan kechirib, katta hayot ostonasiga qadam qoʻygan. Masalan, oʻzim ham bir paytlar chiroyli qizcha boʻlganman. 3-4 yoshlarimdayoq, tengdoshlarimga qoʻshilib dalalarda yugurib yurardim. Oʻshanda negadir koʻm-koʻk osmonga qarashga qoʻrqardim. Balki, oppoq, pagʻa-pagʻa bulutlar ustimga yopirilayotganday tuyulgani uchundir. Yoki yoz paytlarida bogʻimizda gullarga, yoʻngʻichqalarga qoʻnib yurgan turfa rang kapalaklar meni hayratga solar, ularni tinmay quvlardim. Keyin xonqizi degan hasharot bilan doʻstlashib qolgandim. Qoʻlimga qoʻndirib olsam, hadeganda uchib ketavermasdi. Buvimning aytishicha, bir paytlar uning onasi hovuzdan suv olib kelaman deb, ketganicha qaytib kelmagan ekan. U hamon suvga ketgan onasini kutar, shuning uchun bolalarning kaftiga chiqib qolsa, uchib ketmasdan oʻsha yerda oʻzini xavfsiz sezar ekan.
Ayniqsa, yomgʻirdan soʻng paydo boʻladigan rang-barang kamalakni, quyosh chiqishi va botishini tomosha qilish, daraxt barglaridan gerbariylar yasash, erta tongda atirgulning yuzidagi koʻz yoshiday titrab turgan shabnamlarni tomosha qilish, hovlilarni bezab turgan nomozshomgullarning namxush hidlari ostida kitob oʻqish... Qarang, bolalikning qanday goʻzal olami bor. Toʻgʻri, men bugungi suhbatimizda siz bilan adabiyot haqida, sheʼriyat va uning eng muhim jihatlari haqida soʻzlashni maqsad qilganman. Ammo, hozirgi soʻzlarim ham mavzuga bevosita aloqador. Aziz doʻstlarim, adabiyot, sheʼriyat birinchi oʻrinda dunyoni bor boʻyicha tomosha qilish, goʻzallikdan hayratlanish va qalban joʻr boʻlishdan boshlanadi. Men shoir uchun eng muhimi, hayotni boricha qabul qilish, har bir narsa yoki atrof-muhitdagi ashyoda goʻzallik va maʼno borligini tan olish lozim, degan boʻlar edim. Chunki yozuvchi Oybek aytganidek, “Adabiyot turmushni aks ettiradi, turmushdagi voqealar, hodisalar, fikr va tuygʻularni umumiylashtirib, obrazlar bilan turmushni, dunyoni anglashga tirishadi”. Mana bu satrlarga qarang:
– Opa, nima qilasiz,
Shuncha kitob-daftarni?.
Oʻynasangiz boʻlmasmi
Bundan koʻra kaptarni?
Menga bering (bilmabman
Shuncha kitob borligin)
Maklaturaga berib,
Olay “Maqtov yorligʻi”!..
Yoki qarang:
– Soching qani? – deb ammam,
Norni soʻroqqa soldi.
U-chi turib xotirjam,
Der: – Sochim uyda qoldi!..
Bu sheʼrlarni men sizdek paytlarimda yozganman. Rostdan ham hayotimda kulgili, va achinarli voqealar koʻp boʻlgan. Bir qarashda bularni sheʼrga solish osondek koʻrinadi. Lekin badiiy mushohada, kuzatuvchanlik boʻlmasa, maqsadga yetib boʻlmaydi.
Boʻlgʻusi shoir eng avvalo, juda sinchkov, kuzatuvchan boʻlishi kerak. Hayotdagi siz uchratgan har bir voqea yoki hodisa sizning sheʼringiz mavzusi boʻlishi mumkin. Lekin gap koʻrganingizni qanday boʻlsa, shunday yoritishda emas, balki hamma gap unga badiiy tus berishda. Boshqalar koʻrmagan maʼnoli qatlamlarini ilgʻay olish, uchinchi koʻz – qalb koʻzini ishlatib, oʻsha hodisadagi yorqinlik va kayfiyatni oʻquvchiga yetkaza bilish kerak. Ustoz shoira Zulfiya aytganidek, “Sheʼr – tuygʻular, hayotdan olingan taassurot va tafakkurlar mevasi!.. Sheʼr – tuygʻular farzandi. Chuqur fikrlar, yoniq, samimiy hislar farzandidir”.
Qalb koʻzi ochiq insonlarda esa tuygʻular moʻl boʻladi. Qalb koʻzi nimaligiga izoh berishga harakat qilaman. Atoqli rus yozuvchisi Aleksandr Dovjenkoda shunday satrlar bor: Qamoqxona derazasidan ikki kishi chor atrofni tomosha qilayapti. Biri yerda toʻplanib qolayotgan balchiq, koʻlmakni koʻrayapti va taʼbi buzilayapti. Ikkinchisi esa, koʻlmakda quyosh nurlarida tovlanayotgan yulduzchalarni koʻrib, qalbida quvonch paydo boʻlayapti. Chunki, ikkinchi kishi yorugʻ orzu, toza qalb bilan dunyoga nazar tashlar ekan, shak-shubhasiz, uning ishlari oldinga yurib ketishi, ertaga ozodlikka chiqishi ham hech gap emas, zero niyat xayr, oqibat xayr, deganlar. Yozuvchi ustoz Oybek yana bir oʻrinda shunday deydi: “Adabiy asarlar turmushni jonli koʻrsatib, odamlarning fikr va tuygʻulariga kuchli taʼsir qiladi. Badiiy chuqur, fikr-his jihatidan toʻla adabiy asarlar oʻquvchini uzoq vaqt bogʻlab, asir qilib oladi. Adabiyot turmushni abstrakt (mavhum) tushuntirmay, konkret (aniq) badiiy umumlashtirib, jonli anglatadi”.
Qarang, koʻlmak suvda samodagi goʻzal yulduzlarni koʻra olish uchun oddiy koʻzdan tashqari qalb koʻzi ham kerak. Goʻzallikni his qila olish, tasavvur etish ham kerak. Atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu soʻzlarini aytib oʻtish bu yerda oʻrinlidir: “Sanʼat asari chaqmoq, mushak, kamalak singari lahzani obod qiladigan umri qisqa, magʻzi puch goʻzallik emas, balki adabiyotni bezaydigan, umri boqiy va magʻzi toʻq goʻzallikdir.
...oʻqishli kitob goʻzallikdir, lekin goʻzallikda ham goʻzallik bor. Qorongʻi kechada otilgan mushak ham goʻzal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham goʻzal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar goʻzalligi koʻzni qamashtirsa ham puch goʻzallik, lekin oʻziga xos. Gulning goʻzalligi esa toʻq goʻzallik, chunki uning bagʻrida hayot bor, shuning uchun abadiy goʻzallikdir. Gʻuncha guldan ham goʻzalroq, chunki uning bagʻrida ikki hayot – oʻz hayoti va yana gul hayoti bor”.
Shu bilan bir qatorda shoir boʻlish uchun albatta, soʻz boyligi koʻp boʻlishi ham kerak. Ayrim yosh shoirlar bilan gaplashganimda, ularning soʻz boyligi kamligini sezib qolaman. Buning asosiy sababi, ular kam kitob oʻqishlarida, xalq ertak, dostonlariga beeʼtiborliklarida deb bilaman. Rus sheʼriyatining quyoshi Pushkin oʻzining shoir boʻlishida enagasi Arina Rodionovna aytib bergan alla, ertak va dostonlarning ahamiyati kattaligini bejizga taʼkidlamagan.
Bugun sizning oʻz bilimlaringizni tinmay boyitib borishingiz va dunyoqarashingizni rivojlantirishingiz uchun qanchalab Arina Rodionovna vazifasini oʻtaydigan beminnat elektron resurslar, radiokitoblar bor. Ulardan unumli foydalanish lozim deb oʻylayman.