Sheʼriyat saboqlari
Davomi. Boshi bu yerda.
Ana endi sheʼrning tuzilishi haqida soʻzlashsak boʻladi. Sheʼr nimadan tuzilgan? U, eng avvalo, vazndan iborat. Ularni aruz vazni, barmoq vazni va erkin (sarbast)ga ajratamiz. Arablar istilosidan keyin turkiy xalqlar sheʼriyatiga ham aruz sheʼriy tizimi kirib keladi. 9-10-asrlarda esa arab va fors xalqlari sheʼriyatida mumtoz qofiya nazariyasi yaratiladi. Bu nazariya tovushlar uygʻunligiga asoslanadi. Ushbu nazariyaga koʻra, qofiya yagona tovush(harf) takroriga asoslanadi va bu harf raviy (arabchada – qofiyadagi undosh tovush) deb ataladi. Raviy soʻz oʻzagi, yasama soʻzlarda negiz oxiridagi undosh, choʻziq unli, baʼzan esa qisqa unlilarning aynan takrorlanishi tufayli yuzaga keladi. Masalan, “gul-bulbul” soʻzlaridagi “l”, “tortar-ortar” soʻzlaridagi oxirgi “r”, “vafo-jafo” soʻzlaridagi “o”, “bahona-zamona” soʻzlaridagi oxirgi “a” tovush-harflari raviy hisoblanadi. Mazkur nazariya talablariga koʻra, raviysiz qofiya vujudga kelmaydi.
XX asr boshlaridan oʻzbek sheʼriyatida barmoq vazni yetakchilik qila boshladi. Ushbu nazariyaga koʻra, qofiya tirgak tovushga asoslanadi. Qofiyalanuvchi soʻzlar tarkibidagi talaffuz usuli va oʻrni jihatdan bir-biriga yaqin barcha tovushlar tirgak tovush boʻla oladi. Qofiyaning toʻliq (toʻq), notoʻliq (och), sodda, murakkab, ochiq, yopiq, taxminiy shakllari mavjud.
Umuman, qofiya odatda sheʼriy misralar oxirida kelib, ularni ohangdoshlik, uygʻunlik va mazmuniy yaxlitlik asosida birlashtiradi.
Siz hayotda qofiyali soʻzlaydigan odamlarni ham koʻrgan boʻlsangiz kerak. Odatda ayniqsa, xalq baxshilari tilida qofiyali soʻzlar koʻp uchraydi. Qofiya birinchi oʻrinda soʻzlarning oʻzaro shakldosh kelishidir. Ammo, u sheʼrning maqsadiga xizmat qilishi shart.
Boshqacha aytganda, qofiya soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, “ergashish, izidan borish” maʼnolarini anglatadi. Sheʼriy misralarning muayyan oʻrnida ohangdosh soʻz yoki soʻz birikmalarining izchil takrorlanib kelishidir. Qofiya sheʼrning mazmuni, janri, shakli va kompozitsiyasida muhim oʻrin egallaydi.
Kishandan uzilgan tafakkur misol, /a
Ketarsan ummonda ey, yolgʻiz yelkan. /b
Yomgʻir – poʻrtanalar aylasa ishgʻol, /a
Tutolsaydim senga shu nozik yelkam. /b
“Oq yelkan” nomli bu sheʼrimda “misol”ni “ishgʻol”ga, “yelkan” ni “yelkam”ga qofiyadosh soʻz qilganman. Bu toʻliq (toʻq) qofiya sanaladi. Ammo och qofiya ham borki, unda soʻzning har bir boʻgʻini qofiyali boʻlmasa-da, qisman qofiyalanishi yoki umuman qofiyalanmasligi mumkin.
“Qoʻngʻiroqlar” sheʼrimda shunday satrlar bor:
Bugun-chi u qadim yillardan xabar, /a
Botirlar guvohi – osud uyquda. /b
Qiziq, Erta Qalbni nima uygʻotar, /a
Shoir Qoʻngʻirogʻi zanglagan uyda. /b –
Bu yerda “xabar” va “uygʻotar” qisman qofiyadosh boʻlishi mumkin, ammo “uyquda” va “uyda” soʻzlarida jipslik va shaklan tenglik yoʻq. Bittasi uch boʻgʻinli soʻz boʻlsa, ikkinchisi ikki boʻgʻinli. Ammo, sheʼrning mantiqiy tuzilishi ana shu holatni talab qilgani uchun uni shu shaklda qoldirganman. Och qofiya koʻproq qofiyasiz sheʼr janri boʻlmish “oq sheʼr”da koʻproq ishlatiladi. Qofiya hosil qiluvchi soʻzlarning ohangdoshligi oʻzak bilan oʻzak yoki qoʻshimcha bilan qoʻshimcha oʻrtasidagi uygʻunlik tufayli yuzaga keladi. Qofiya sheʼr ritmi va musiqiyligini taʼminlaydi. Sheʼr mazmunini goʻzal va taʼsirchan ifodalashga xizmat qiladi. Misralarni uygʻunlik, ohangdorlik bilan bir-biriga bogʻlaydi. Turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida qofiyaning oddiy soʻz takroridan tortib, mukammal mustaqil turlarigacha boʻlgan shakllari uchraydi.
Yana shuni alohida taʼkidlash lozimki, oʻzbek adabiyotida och qofiyadan unumli foydalaniladi. Agar sheʼrning mazmun-mohiyati taqozo etsa, hamisha toʻq qofiyaga tayanib ijod qilish lozim emas. Mana, sevimli shoiramiz Saida Zunnunova qalamiga mansub sheʼrlardan biriga diqqat qiling:
Muncha chiroyliksan, fusunkor bahor, /a
Munchalar qalblarga sirdosh, hamohang. /b
Bola chogʻimda ham etardi maftun, /c
Sendagi goʻzallik, alvon turli rang. /b
Bu yerda “hamohang” va “turli rang” soʻzlariga eʼtibor bering. Ularning ohangdorligi, uygʻunligi bir-biriga yaqin emas. Hech boʻlmaganda, ikki boʻgʻin oʻxshash qofiyali boʻlsa ham soʻzlardagi ohangdorlik, oʻzaro boʻyoqdorlik ortgan boʻlar edi. Ammo sheʼr maqsadi, ilhom jilovdorligi shu satrlarni taqozo etganligi uchun sheʼrxon bu satrlarni baribir qabul qiladi. Yoki yana bir oʻrinda qarang:
Boychechak izlardim bogʻlarda tentib, /a
Sochimga sanchardim qanday gulki bor. /b
Istardim, shu bahor qolmasa ketib, /a
Istardim, gullarga qoʻnmasa gʻubor. /b
Bu yerda tepadagi banddan farqli ravishda butun sheʼr bandi qofiyalashgan. “Tentib” va “ketib”, “gulki bor”, “gʻubor” satrlari qofiyalashtirilgan. Soʻzlardagi oʻzaro mutanosiblik, mayinlik, shoiraning uslubiga xos soʻz iforini chuqur his qilish ushbu bandning dinamikasini koʻtargan, maʼnodorligini boyitgan. Baribir agar qofiya sanʼatida soʻz boʻgʻinlari miqdoriga teng qofiyalar tanlansa, sheʼr ham oʻqimishli boʻladi, oʻquvchining koʻngil xazinasidan chuqur joy oladi. Shuning uchun iloji boricha toʻq qofiyali misrlalarni sheʼrda jamlashga intilaverish lozim. Toki shoh va shoir bobomiz Bobur aytganidek, “qofiyasida aybgʻinasi bor” sheʼrlar tugʻilmasligi kerak. Zero, sheʼriyatning asosiy maqsadi oʻquvchini oʻzi bilan goʻzal va bebaho olamlarga chorlab sayr qildirishdir.
Soʻzimni sevimli shoiramiz Saida Zunnunovaning oʻquvchiga murojaat qilib yozgan quyidagi sheʼri bilan yakunlamoqchiman:
Sheʼr yozsam hayqirgim kelar olamga,
Qalbim satrlarga sigʻmay entikar.
Dovdirab qolaman, goʻyo qalamim
Qoʻygan har nuqtaga minglar koʻz tikar.
Bu koʻzlar sizniki, aziz oʻquvchi,
Meni shoir qilgan muhabbatingiz.
Siz uchun kuylayman, sizni oʻylayman,
Qalbimda yasharkan ulugʻ otingiz...
Gulandom TOGʻAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi