Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“She’riyat gulshani” to‘garagi a’zolari ijodidan

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 283-maktabning Muhiba Rajabova rahbarlik qilayotgan “She’riyat gulshani” to‘garagi a’zolari mehmonimiz.


 

 

Tinchlik

 

Afsonaviy Shohizinda zinalari yuksaklikka ko‘tarilib, uzoq-yaqin o‘tmishdan hikoya qilayotgandek. Ana shu pillapoyalarning tili bo‘lsa aytsin, dunyoda tinchlikdan ulug‘roq ne’mat bormikan?!

Tinchlik – har tong tinch-xotirjam o‘z dalasiga yo‘l olgan bir yelkasiga ketmon, bir yelkasiga iymon ortgan bobodehqon. Tinchlik – quyoshdan-da erta turib hovli supurayotgan kelinchak aytayotgan qo‘shiq. Tinchlik – ko‘cha-ko‘yda beg‘am o‘ynayotgan bolakayning shodon qiyqirig‘i.

O‘zbekiston atalmish qo‘rg‘onning ustunlari keksalarning duosidan, ahillikdan barpo bo‘lgan. Ko‘z tegmasin ko‘zmunchoq – Tinchligimizga!

 

Sadbarg SATTOROVA, 6-sinf

 

 

Qishlog‘im

 

Esga oldim seni qishlog‘im,

Eski bog‘im, eski bulog‘im.

Qo‘llarida issiq non tutgan

Buvijonim – nurli chirog‘im.

 

Dilrabo AHMEDOVA, 7-sinf

 

 

Kitobxon

 

Ko‘plab kitob o‘qiydi

Oqila qiz Anora.

Shuning uchun so‘zlari

Ma’noli, burro-burro.

 

Go‘zal ZAYNIDDINOVA, 7-sinf

 

 

Ko‘klam qo‘shig‘i

 

Yomg‘ir yog‘ar shitirlab,

Ko‘klam qo‘shig‘in kuylab.

Bahorga peshvoz chiqib

Gullar beradi o‘ynab.

 

Sabina ISMOILOVA, 6-sinf

 

 

Onam

 

Guldan go‘zal onajonim,

Farishtaday beg‘uborim.

Oftob havas bilan boqqan

Siz – misoli navbahorim.

 

Muhammadqodir ERGASHEV, 6-sinf

 

 

O‘qi

 

Ma’rifatga yo‘l ochib,

Ezgulik nurin sochib,

Yomonliklardan qochib,

Kitob o‘qi!

 

Begoyim NASULLAYEVA, 7-sinf

 

 

Mushugim

 

Mushukkinam Momiqoy,

Orastasan oppog‘oy.

Erkalanasan menga

Aytgin, ne beray senga?

 

Jalilbek SHARIFJONOV, 6-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.