Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sirg‘ali tumanidagi 104-maktab o‘quvchilari ijodidan

Uch yildirki, Toshkent shahar Sirg‘ali tumanidagi 104-maktabda “Adabiyot olamida”, “She’riyat olamida” hamda “Yosh qalamkash va notiq” to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.

Tahririyatga yuborilgan to‘garak a’zolari ijodini kuzatar ekanmiz, ularning ijodiy mahorati tobora oshib, fikr doiralari kengayib borayotganligini kuzatib quvondik. Bu muvaffaqiyatlar, avvalo, ularning badiiy kitoblarga do‘st tutinishganligi, hayotiy kuzatuvchanliklari oshib borayotganligidan, qolaversa, ustozlar mehnati samarasi, deb bildik. Quyidagi she’rlarni o‘qigach, siz ham fikrimizga qo‘shilishingiz, tabiiy.

 

Bayroq

Bayrog‘imiz ajoyib,

Juda ko‘rkam, g‘aroyib.

To‘rt xil rangda to‘rt ma’no,

Izohla, bo‘lsang dono.

Yashil rangida bog‘lar,

Moviy – tinch osmon, tog‘lar.

Qizil – tomirdagi qon,

Oq – ezgulikka nishon.

Bu ranglarning sehri bor,

Vatan kabi mehri bor.

 

Samandar XUSHVAQTOV,

6-sinf o‘quvchisi

 

Yoz

Yozni yaxshi ko‘raman,

Samarqandga boraman.

Bobom bilan buvimga,

Ko‘p yordamlar beraman.

Anhorda cho‘milaman,

Shodlikka ko‘milaman.

Do‘stlar bilan qishlog‘im

Kezib mazza qilaman.

 

Shahriyor MURODILLAYEV,

2-sinf o‘quvchisi

 

Ustoz

Bilim bog‘in kezdirgan,

Hayot yo‘lin chizdirgan,

Qalbim quyoshi ustoz,

Toping elda ko‘p e’zoz.

 

Shohsanam ELMURODOVA,

9-sinf o‘quvchisi

 

Bog‘bon bobom

Agronomlikda tanho,

Bobojonim bebaho.

Mening mehnatkash bobom

Tinim nima bilmaydi,

Navnihol yetishtirib,

Bog‘dan beri kelmaydi.

Bog‘lari biram go‘zal,

Mevalari bol-asal.

Bobom zamindek tanti,

Juda saxiy insondir.

Mehnatlari ortidan

Yurtda qadr topgandir.

 

Zebo XUDOYBERDIYEVA,

6-sinf o‘quvchisi

 

So‘z

Avval o‘yla, deganlar,

Fikrlaymiz, o‘ylaymiz.

Bizga navbat kelganda,

Odob bilan so‘zlaymiz.

Tilimizdan chiqqan so‘z,

Dilga zeb bera olsin.

Beodoblik qilma, do‘st,

Bizdan ezgu so‘z qolsin.

 

Jahonbek XOLIYOROV,

6-sinf o‘quvchisi

 

Topishmoq

O‘zi mitti ko‘k gilam,

Ifori xushbo‘y biram.

Darmondoridir asli,

Unadi bahor fasli. (Yalpiz)

 

Xonzoda AHMADJONOVA,

6-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.