Yomg‘ir, yomg‘ir, yomg‘irjon
Sergeli tumanidagi 300-maktabda o‘quvchilarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va rivojlantirish maqsadida “Kichik akademiya” tashkil qilingan. O‘quv yili boshida bolalar psixologik test topshiradi. So‘ngra bolalari haqida ota-onalar ham testdan o‘tishadi. Shu tarzda o‘quvchining iqtidori aniqlanadi va layoqatiga qarab kichik akademiyada faoliyat yuritayotgan:
Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash;
Yosh ijodiy izlanuvchilar bo‘limi;
Yosh ilmiy tadqiqotchilar bo‘limi;
Madaniyat va sport bo‘limlaridan biriga qabul qilinadi. Mashg‘ulotlarni mutaxassislar olib boradi. Bolalar o‘z sohalari bo‘yicha izlanishlar olib borishadi. “Madaniyat va sport” bo‘limida bolalarga raqs, musiqa, liderlik, notiqlik san’ati, badiiy ijod bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tamiz. Bugun sizlarning e’tiboringizga ijodkor o‘quvchilarimiz mashqlaridan havola qilmoqdamiz.
- Abdullayeva,
“Kichik akademiya” rahbari
Shamol bilan suhbat
Chiqarib to‘s-to‘polon,
Yurishingga men hayron.
Tomlarni taraqlatib,
Eshikni daranglatib
Ochib kirmay qochasan,
Tuproq, kulni sochasan.
Tortqilaysan gullarni,
G‘ash qilasan dillarni.
Daraxt qaddin bukasan,
Hosilini to‘kasan.
Kel, yashaylik do‘st bo‘lib,
Shamolmas sabo bo‘lib
Gullarimni o‘pib qo‘y,
Xohlagancha o‘ynab to‘y.
Sadoqat Fayzirahmonova,
5-“B”sinf
Do‘st edik-ku
Bulut yugurib zir-zir,
Ko‘z yosh to‘kdi, bu – yomg‘ir.
Shamol uni chayqatdi,
Egnimga tomchi otdi.
Qo‘ldan uchdi soyabon,
Ushlolmay bo‘ldim hayron.
Shamol quvsa bulutni,
U do‘stlikni unutib
Qildi meni shalabbo,
Cho‘mildim-ku men go‘yo.
Eh, yomg‘ir, yomg‘ir, yomg‘ir,
Do‘st edik-ku biz axir!
Sojida Rahimova,
5-“B”sinf
Bayroq
Bizning davlat ramzimiz,
G‘ururimiz, faxrimiz.
Yuksaklarda hilpirar,
Yurakka shodlik kirar.
Chempionlar, g‘oliblar,
Ko‘taradi yuksakka.
Bayroq ko‘kka bo‘y cho‘zsa,
Demak, yetdik tilakka.
Bunyod Anormatov,
7-“F”sinf
Yomg‘irjon
Yomg‘ir, yomg‘ir, yomg‘irjon,
Yog‘asan marjon, marjon.
Tomchilab ne so‘zlaysan,
Qay manzilni ko‘zlaysan?
Chaqnaydi goho chaqmoq,
Cho‘chitadi qaldiroq.
Selday quyasan ba’zan,
Yurish bo‘lmaydi oson.
Daraxtlar chapak chalar,
Bargini yuvib olar.
Musaffo bo‘lar haryon,
Ishing ham emas oson.
Sarvinoz Abduxoliqova,
5-“V”sinf