Antiqa hayvonot bog‘i
Dunyoda antiqa hayvonot bog‘lari ko‘plab uchraydi. Ajablanarlisi, siz u yerda kutilmagan manzaralarga duch kelasiz: sher va mushukning bir qafasda yashashi, “uchar” maymunlar, qo‘rqinchli o‘rmon...
Sizga aytib o‘tmoqchi bo‘lgan mazkur hayvonot bog‘imiz esa barchasidan ajabtovur. Chilining Rankagua shahrida joylashgan Safari Lion Zoo deb nomlanuvchi bu hayvonot bog‘ida biron hayvon, hatto yirtqichlar ham qafasda yashamaydi. Aksincha, tomosha qilishga kelgan mehmonlar uchun maxsus qafaslar tayyorlangan. Aynan shu qafasli panjara odamlarni yirtqichlardan himoya qilib turuvchi vositadir. Sayohatning qiziq jihati shundaki, mehmonlar mustahkam po‘lat panjarali avtobusda hayvonlar yashaydigan hududni aylanishadi. Bu antiqa tomoshadan maqsad, odamlarni hayvonlarning tabiiy, yovvoyi yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishtirishdir.
Kutilmagan holat. Ammo kishini o‘ziga tortmay qolmaydi. Chunki kim ham sher yoki biron yirtqichni yaqindan, juda yaqindan tomosha qilishni, u bilan birga sayr qilishni istamas ekan?