Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobur biologiyaga qiziqqanmi?

Bolalar, siz tarix va adabiyot darslari orqali buyuk davlat arbobi, shoir va adib Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi bilan yaxshi tanishsiz. U zotning shoh asari hisoblanmish “Boburnoma”dan parchalar o‘qigansiz va o‘ylaymizki, bobokalonimizning biz uchun ibratli hayoti, oltinga teng mulohazalari sizda katta taassurot qoldirgan.

“Boburnoma” keng qamrovli, qomusiy asar. Sportga qiziqqanlar undan, albatta, sportga oid, san’atga mehri baland o‘quvchilar san’atga doir qiziqarli ma’lumotlar topa oladi. Buni qarangki, Bobur Mirzo hazratlarining biologiya va geografiya fanlariga ham qiziqishi kuchli bo‘lgan ekan. Bunga asarda keltirilgan bir-biridan ajoyib va g‘aroyib lavhalar, qiziqarli ma’lumotlar guvohlik beradi.

“Boburnoma”ni ilk bor o‘qiganimda sizlar tengi o‘spirin edim va “Qanday ajoyib kitob, qahramon o‘z hayotini shunday hikoya qilib berishi ham mumkin ekan-da!” deya hayratlanganman. Keyinchalik “Vaqoye” (muallifning o‘zi asarini shunday nomlagan, “Vaqoye” – “Voqealar” degani) faqat bir inson yoki sulola hayoti hikoya qilingan asar emasligi, unda yurtimiz tarixi, madaniyati aks etganini angladim.

Yaqinda ushbu mumtoz asarni yana bir karra sinchiklab mutolaa qildim. O‘-ho‘, bu gal shunchalik zavqlandim, ma’naviy lazzat topdimki, faqat kitob o‘qiydigan bolalargina buni his eta oladi!

Asarda qaysi joy yoki hudud to‘g‘risida so‘z borsa, albatta, o‘sha yerning geografik joylashuvi, iqlimi, hayvonot olami, o‘simliklari haqida ma’lumot beriladi.

Uning “To‘qqiz yuz uchinchi (1497–1498) yil voqealari” bo‘limida Samarqand shahrining geografik o‘rni va tabiati shunday aks ettiriladi: “Yer yuzining aholi yashaydigan qismida Samarqandcha latif shahar kamroqdir. Beshinchi iqlimdandir. Uzunligi 99 ramzi nujumiy daraja (gradus), 56 daqiqa, eni 40 daraja (gradus) va daqiqadir. Shahri Samarqand, viloyatini Movarounnahr deydilar...”

Mazkur parchalar buyuk bobomizning geografik bilimlari kengligini ko‘rsatadi, albatta va bundan ajablanmasa ham bo‘ladi. Zero, istalgan tarixchi qo‘lidagi manbalardan foydalanib, hududlarga ta’rif berishi mumkin. Ammo, Bobur Mirzoning boshqalardan farqi shundaki, u hech qachon bilganlari bilan cheklanib qolmaydi, aksincha, izlanadi, yangiliklar qidiradi. Masalan, Samarqand shahrini Amir Temurga qadar Sohibqirondek ulug‘ podshoh poytaxt qilmagan edi, deya xabar berar ekan, “Qal’asining devorini ustidan qadamlab o‘lchab chiqishni buyurdim. O‘n ming olti yuz qadam chiqdi”, deya muhim tarixiy ma’lumotni qanday aniqlaganini aytadi. Asarda, shuningdek, Movarounnahrning Buxoro, Kesh (Shahrisabz), Qarshi, Karmana, Qorako‘l, Shovdor kabi viloyat va tumanlari haqida ham qiziqarli xabarlar bor.

Kitobni mutolaa qilar ekanman, Boburchalik biologiya fanini, xususan, uning o‘simliklarni o‘rganuvchi botanika hamda hayvonot dunyosini tadqiq etuvchi zoologiya sohalarini sevuvchi inson bo‘lmasa kerak, degan xulosaga keldim.

47 yilgina umr ko‘rgan, shuning ham ko‘p qismini jang-u jadallar, sargardonliklar bilan o‘tkazgan insonning qachon vaqt topib, ilmiy izlanishlar olib borganini ko‘z oldimga keltirib, hayratga tushdim.

Deylik, bundan 500 yillar oldin Yer yuzining biror qit’asida jonivorlarni maxsus o‘rganib, ular haqida kitob yozish hech kimning xayoliga kelmas edi. Bobur Mirzo esa, bu paytda davlatchilik ishlaridan ortib, o‘zi hukmronlik qilgan Hindiston o‘lkasi tabiati, hayvonot va nabotot (o‘simliklar) olamini chuqur o‘rganib, ular haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan.

“Tog‘ va daryolari, o‘rmon va sahrolari, shahar va viloyatlari, hayvon va o‘simliklari, odamlari va tili, yomg‘iri va shamoli – hammasi boshqacha, biznikiga o‘xshamaydi”, – deya bu o‘lkani o‘zining jonajon Vatani – Movarounnahr bilan qiyoslar ekan, Hindistonda uchraydigan hayvonlar va o‘simliklar, qushlar va daraxtlarni tavsiflaydi.

Muallifni ajablantirgan va qiziqtirib qo‘ygan jonivorlardan biri – karkidon. U xuddi fil kabi ulkan jonivor, deb yozadi u. “Kattaligi uchta ho‘kizga teng keladi”. Ammo bunday ma’lumotlarni keltirishda, o‘z odatiga ko‘ra, hech qachon faqat eshitganlariga tayanmaydi, balki o‘zi ko‘rgan, kuzatgan, tekshirganlariga suyanib, so‘z yuritadi. Masalan, ayrimlar unga karkidon filni shoxi bilan ko‘taradi, deyishadi. Lekin zukko, hamisha aqlga tayanib fikrlaydigan bobomiz bu gapga ishonmaydi. To‘g‘ri, karkidon juda kuchli hayvon, fildan ko‘ra yirtqichroq ham, lekin, filni shoxi bilan ko‘taradi, degan gaplar unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, deya lofchilarning gapiga qo‘shilmasligini aytadi. (Haqiqatan ham, fil bilan karkidon orasida farq katta. Eng yirik filning og‘irligi 7 tonnagacha, karkidonniki esa 2,5 tonnagacha bo‘ladi).

Umuman, Bobur ushbu ikki hayvonni ko‘p o‘rganib, ularni o‘zaro solishtirgan. Aniqlashicha, fil yuvvoshroq va qo‘lga tez o‘rganadi. Undan xo‘jalikda, harbiy ishlarda foydalanish mumkin. Faqat ancha ko‘p – ikki tuyaning yemishini yeydi. U “katta va tezoqar suvlardan og‘ir yukni osonlik bilan ko‘tarib o‘ta oladi”. Karkidon esa “fildek itoatkor va bo‘ysunuvchan emas”, hatto picha tajovuzkor ham.

Shunday deya Bobur bir safar ovda Maqsud ismli xos soqchining otini karkidon bir nayza bo‘yi uloqtirganini aytadi. Shundan ham bu jonivorning qanday jahldor va kuchli ekanini payqash mumkin.

Ammo qiziq: bu ikki ulkan maxluq duch kelib qolsa, bir-biriga qanday muomala qiladi? Qiziquvchan Boburshoh navkarlari yordamida bir necha filni haydab, karkidonga ro‘baro‘ qiladi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, ular bir-biriga o‘zaro dushman emas. Har holda, karkidon fillarga e’tibor bermay, indamay o‘tib ketadi...

Olim, shuningdek, Hindistonda uchraydigan maymun, kiyik turlari, yovvoyi ho‘kiz hamda bizning yurtlarda uchramaydigan nilagov (ko‘kho‘kiz), ko‘tahpoy (kaltaoyoq), nuvl degan jonivorlar haqida ham ma’lumot beradi. Nuvlni “Qunduzdan biroz kichikroq. U daraxtlarga chiqadi”, deb ta’riflaydi.

Hindistonda daraxtda yashaydigan bir sichqon turi bo‘lib, pastga tushmoqchi bo‘lsa, hayratlanarli tarzda tez va chaqqon sakrar ekan. Bu jonivorni gilahriy deb atashadi, deydi muallif.

To‘tilar haqida ko‘p g‘aroyib gaplar eshitgansiz. Ba’zilari odamga o‘xshab gapiradi ham deyishadi, a?

“Boburnoma”da qushlar haqida ham qiziq ma’lumotlar ko‘p. Masalan, to‘tilarning sakkiz turi haqida hikoya qilinadi. Muallifning aytishicha, ularning uch turiga gapirishni o‘rgatish mumkin. Yana bir turi haqida “ular gapirishni ham bilar emish”, deya xabar beradi.

Qadrli o‘quvchilar! Mazkur misollar “Boburnoma” atalmish ulkan dengizdan bir tomchidek gap! Chunki uni qancha o‘qimang, har gal o‘zingiz uchun kerakli jihatlarni, yangiliklarni kashf etaverasiz. Eng muhimi, bu kitob orqali jonajon Vatanimiz tarixi, xalqimizning ko‘p ming yillik madaniyati, bebaho qadriyatlari, ota-bobolarimizning yuksak insoniy fazilatlari to‘g‘risidagi bilimlaringizni boyitasiz, dunyoqarashingiz kengayadi, ona tabiatga mehringiz ortadi.

Bu so‘zimiz bilan sizni shu kunlarda qutlug‘ 534 yilligi nishonlanayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz ijodiga, u zotning betakror “Boburnoma” asariga nisbatan qiziqishingizni oshira olgan bo‘lsak, o‘zimizni baxtli his etardik.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.