Daraxtlar o‘tmishdan so‘zlaydi
Biror kesilgan daraxtni ko‘rganingizda uning tanasidagi xalqalarga ko‘zingiz tushganmi? Mutaxassislar fikricha, bu xalqalar soniga qarab daraxt yoshini aytib berish mumkin ekan. Shuningdek, bu xalqalar biz uchun boshqa muhim ma’lumotlar ham bera oladi. Masalan, kesilgan daraxt tanasi orqali u yashab o‘tgan davr mobaynida ob-havo qanday bo‘lganini aniqlash mumkin. Qanday, deysizmi? Misol uchun, namlik va issiqlik yetarli bo‘lgan bo‘lsa, daraxtning xalqasi keng, aksincha – ya’ni quruq va qattiq yerda o‘sgan bo‘lsa, ensiz ko‘rinish olar ekan. Olimlar bunday muhim yangilik yordamida yer yuzidagi eng keksa daraxtlar yillik xalqasini o‘rganishmoqda. Va buning natijasida oxirgi besh ming yillikda kechgan iqlim sharoiti qanday bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar.