“Gulxan” bilimdoni
1-savol: Sizga “Bahor kechasi” nomli sheʼrning tugʻilish tarixi haqida savol bermoqchimiz. “Oʻshanda, – deb yozadi savolimiz qahramoni, – men uyimizga yurib emas, uchib keldim. Keliboq yoʻl boʻyi tugʻilgan tuygʻularimni qogʻozga tushirdim. Men bu sheʼrni shunday yengil, toʻlib-toshib yozdimki, yuragimga allaqanday afsonaviy bir qudrat kirib olib, fikrlarim, qoʻllarimga kuch baxsh etayotganday edi”. Biz sizlardan mazkur esdaliklarni kim yozganligini soʻramaymiz. Ayting-chi, muallif kim bilan tasodifan uchrashib qolgandan soʻng, bunchalik ilhomlanib, mazkur sheʼrni yozgan edi?
2-savol: Hind afsonalarida ham xuddi Prometey kabi qahramon boʻlib, u ham Xudodan olovni oʻgʻirlab, odamlarga yetkazadi. Bunga jazo sifatida Xudo uni zanjirband qiladi. Garchi bir qarashda noqulay ish boʻlsa-da, ammo afsonaning jasur qahramoni zanjirlardan qutilish maqsadida bir ishni amalga oshiradi. Qanday ishni?
3-savol: Ibn Sinoga bir bemorni olib kelishadi, uning son suyagi chiqib ketgan edi. Ibn Sino bir sigirni olib, uni faqat pichan va tuz bilan boqadi. Keyin bemorni sigirning ustiga mindirib, ikki oyogʻini bogʻlab, soʻng sigirga suv beradi. Bir necha kun qattiq chanqagan sigir juda koʻp miqdorda suv ichadi, natijada uning qorni shishib, bemorning suyagi joyiga tushadi. Ayting-chi, nega Ibn Sino bemorni davolashda ushbu usulni tanlagan?
Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi.
9-sonda berilgan savollarning javoblari
1. Bular barchasi oʻzbek milliy kurashida ishlatiladigan atamalar: chala, yonbosh, halol, tanbeh, dakki va gʻirrom.
2. Mayn Rid – “Boshsiz chavandoz” asari muallifi. Asardagi boshsiz chavandoz (otga mindirilgan boshsiz odam) xuddi biz taʼriflagan “mavjudot” sifatlariga toʻgʻri keladi.
3. “Rahmat”. Kipling 5 funtni olib, oʻrniga “rahmat” degan soʻzni yozib yuboradi, ammo baribir xatga imzo chekmaydi.
4. Omad. Izoh: 1. Ayyorga omad bir marta keladi, epchilga – ikki marta. (Qalmoq xalq maqoli) 2. Yursang – omadga erishasan, yurmasang – oʻzing aybdorsan. (Tuva xalq maqoli) 3. Kimning vijdoni boʻlmasa, unga omad yor boʻlmaydi. (Qadimgi hind xalq maqoli) 4. Ayol, shamol va omad doimiy turmaydi. (Qadimgi hind xalq maqoli)