“Gulxan”da xanda
Bolalar o‘qituvchining oldiga yugurib kelishdi.
– Ustoz, Jamol suvga tushib ketdi.
– Uni qutqargandirsiz?!
– Ha.
– Sun’iy nafas oldirdingizmi?
– Ancha urindik, ammo u qo‘limizdan chiqib, qochib ketdi.
***
Doniyor: – Dada, qilmagan ishi uchun bolani jazolab bo‘ladimi?
Ota: – Yo‘q, albatta.
Doniyor: – Onam bo‘lsalar meni jazolamoqchilar.
Ota: – Nima uchun?
Doniyor: – Dars tayyorlamaganim uchun.
***
Bir bola o‘rtog‘iga maqtandi:
– Mening dadam istagan mavzuingda gaplasha oladi.
– Buning ajablanadigan joyi yo‘q, mening dadam mavzusiz ham gaplasha oladi, – dedi o‘rtog‘i.
***
Yugurib ketayotgan ikki bolani ko‘rib Nosir o‘rtog‘idan so‘rayapti:
– Ular nega yugurishyapti?
– Kim birinchi kelsa mukofot oladi.
– Bo‘lmasa, ikkinchisi nega yuguryapti?
***
– Buva bu, otchami? – so‘radi Valijon yugurib borayotgan toychoqqa qarab.
– Yo‘q, bu toychoq, katta bo‘lsa ot bo‘ladi. Qo‘zichoq qo‘y bo‘ladi, – tushuntirdi bobosi.
– Unda “Matiz”imiz katta bo‘lsa “Captiva” bo‘larkan-da, – suyunib ketdi Valijon.
***
– Bu qanday gap, singlim? – dedi sotuvchiga xaridor. – O‘g‘limga, bir kilo deb bergan olmangiz yarim kilo chiqdi-ku!
– Shunaqami? Unday bo‘lsa siz o‘g‘lingizni ham tortib ko‘ring.
HUSNOBOD