Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olisdagi yaqin hamkorlarimiz

Malakka Malayziya mamlakatining qadimiy poytaxti. XIV-XV asrlarda hukmronlik qilgan shahzoda Mansurshoh arab savdogari bilan yaqindan do‘stlashib qoladi. Zukko savdogar shahzodaga “Nega bolalar to yurib ketgunlarigacha qo‘ldan tushmaydi?” degan savol bilan murojaat qiladi. Shunda savdogar unga quyidagi rivoyatni aytib bergan ekan.

 

Bola poshsho

Rivoyat

Qadim zamonda hech qachon qish bo‘lmaydigan ajoyib o‘lkada bir dehqon oilasi yashagan ekan. Dehqonning qishlog‘i bepoyon dalalarga, dalalar esa qalin changalzor o‘rmonlarga tutashib ketgan ekan. Achinarlisi, o‘rmonda yashovchi hayvonlar goh-gohida chakalakzordan chiqib, dehqonlarning ekinlarini payhon qilar ekan. Dehqon o‘ylab-o‘ylab buning chorasini topibdi. U ekinzor atrofini bambuk poyalaridan yasalgan mustahkam devor bilan o‘rab olibdi. Er-xotin kun chiqqandan botgunga qadar dalada mehnat qilar ekan. Shuning uchun bittagina bolasi parvarishiga ham vaqt topisholmas ekan. Bola juda nimjon ekan. Ikki yoshida ham oyoqda turolmas, faqat emaklab yurar ekan. Ota-onasi sholizorda ishlayotganda bolani bambukdan to‘qilgan savatchaga o‘tqazib ketishar ekan.

Ana shunday kunlarning birida savatda o‘tiraverib zerikkan bola sekin atrofni kuzatibdi. Qarasa, allaqanday uzun tumshuqli mitti qushcha kolibra artofga xushbo‘y ifor taratib turgan ulkan orxideya gulidan sharbat yig‘ayotganmish. Bu bolakayga juda qiziq tuyulibdi. U asta savatdan tushib qushchaga ergashib o‘rmon ichkarisiga emaklab ketibdi. Yo‘lda azim fil daraxtlariga chirmashgan chirmovuqlarda arg‘imchoq uchayotgan maymunlarga duch kelibdi. Maymunlar shu paytgacha bunaqa g‘aroyib maxluqchani ko‘rishmagan ekan. Ular bolani o‘rab olib o‘z tillarida allanimalar deb baqirishibdi. Keyin bolani ko‘tarib uylariga olib ketishibdi.

Er-xotin daladan qaytib kelib qarashsa, bola solingan savat bo‘m-bo‘sh emish. Ular zir yugurib atrofni qidirishibdi. Ovchilar, baliqchilar, dehqonlar, temirchilar ham ularga ko‘maklashibdi. Biroq bolani hech qayerdan topa olishmabdi. Bola esa maymunlar orasida yashab ulardan sakrashni, maymunchasiga chiyillashni o‘rganibdi. Daraxtlarga osilaverganidan mushaklari chiniqib, tanasi kuchga to‘libdi. Nihoyat ovchilar bolaning maymunlar orasida yashayotganidan xabar topishibdi va butun o‘rmon bo‘ylab maymunlarga tuzoq qo‘yib tashlabdi. Maymunga qo‘yiladigan qopqon qattiq yong‘oq mevasi ekan. Ovchilar uning bir chekkasidan kichkina teshik ochib qo‘yar ekan. Maymun yong‘oqdagi ana shu teshikchaga qo‘lini tiqib mag‘zini olmoqchi bo‘lganida panjasi qisilib qolar ekan. Kun o‘tgach meva qurib, teshik yanayam kichrayar ekan. Sho‘rlik maymun qopqonga tushgan qo‘lini ishlatolmay, bir qo‘li bilan daraxtga osilishga majbur bo‘lar ekan. Ana shunda ovchilar uni quvlab tutib olar ekan. Bola qopqondan qutulish chorasini izlab rosa bosh qotiribdi. Bir kuni shuni o‘ylab dengiz sohilida o‘tirsa, bir to‘p chag‘alaylar o‘sha “maymun qopqoni” – yong‘oqni suvga tiqib-tiqib qirg‘oqqa otishar, birozdan keyin kelib yong‘oqni cho‘qib mag‘zini osongina olayotganmish. Bola darhol maymunlarni sohilga chaqiribdi. Ular orasida qopqondan aziyat chekayotganlari ham bor ekan.

– Qani og‘alar, mazza qilib dengizda cho‘milinglar-chi, – debdi bola. Maymunlar sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib rosa cho‘milishibdi. Keyin xursandchilikdan daraxtlarga osilib sakrab-sakrab o‘ynashibdi. Suvda bo‘kib yumshab qolgan po‘stloq qopqonlar to‘kilib maymunlar sirtmoqdan qutilibdi. Bolaning zukkoligidan xursand bo‘lgan maymunlar sardori uni to‘daga boshliq qilibdi.

Bola va maymunlar tinch xotirjam yashayotgan ana shunday kunlarning birida sohilga qora yelkanli kema langar tashlabdi. Miltiq va to‘plar bilan kelgan bu “kutilmagan mehmon”larning niyati yaxshi emasligini bola sezib qolibdi. Chindan ham ular dengiz qaroqchilari ekan. Qaroqchilar xushbo‘y ziravorlar, tropik mevalar, sholi va guruchlarni talon-taroj qilish, hatto ishga yaroqli yigit-qizlarni asir olish niyatida ekanlar. Orol aholisining bunday qurollangan qaroqchilarga qarshilik qilishga kuchi yetmas ekan. Qaroqchilar qo‘shni orolda qo‘lga kiritgan o‘ljalarini bo‘lib olishgach, bazmi jamshidni boshlab yuborishibdi. Ularni uzoqdan kuzatib turgan bola atrofiga maymunlarni yig‘ib ahvolni tushuntirgach birgalashib qaroqchilarga hujum rejasini tuzishibdi. Bazm avjiga chiqqanida qaroqchilarning boshiga katta-katta toshlar yog‘ilibdi, dasturxonlar qum va toshlarga to‘libdi. Shu orada orol aholisi ham bolaning to‘dasiga yordamga yetib kelibdi. Kamon, nayzalar zarbidan omon qolgan ba’zi qaroqchilar arang qochib qutilibdilar. Odamlar kemani o‘lja qilib olib, asirlarni ozod qilishibdi. Bolaning maymunlar orasida yanayam obro‘si oshib ketibdi. Endi uni Maymunlar sardori yoki bola poshsho, deb atay boshlashibdi.

Oroldagi maymunlar jasoratini, unga yosh bola sarkardalik qilganini mamlakat sultoni ham eshitibdi. Bolaning taqdirini o‘rganibdi. Shundan so‘ng u mamlakatdagi yosh bolali onalar farzandi yo‘lga kirib yurib ketmaguncha dala ishlaridan ozod qilinsin, bolani qarovsiz qolishiga, yerda emaklab yurishiga yo‘l qo‘yilmasin, degan farmon chiqaribdi.

O‘shandan buyon Malayziya, Indoneziya, Singapur, Tailand, Bruney mamlakatlarida bolalarni o‘z holicha yerda emaklashiga ruxsat yo‘q ekan.

 

Savol:

1. O‘zbekiston mustaqilligini janubiy-sharqiy Osiyodagi qaysi mamlakat birinchilardan bo‘lib e’tirof etgan?

2. O‘zbekiston havo yo‘llarining samalyotlari Malayziyaning qaysi shahri aeroportiga muntazam reyslarni amalga oshiradi?

3. Malayziya haqida yana nimalarni bilasiz?

G‘oliblarga “O‘zbekfilm” kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan “Malayziya – do‘stlik rishtalari” (Muallif – Q. So‘piyev, rejissor – H. Nasimov) va “O‘zbektelefilm” studiyasida suratga olingan “Dengiz darvozasi” (Muallif – Q. So‘piyev, rejissor – Andrey Afrin) filmlari sovg‘a qilinadi.

 

Qosimjon SO‘PIYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.