“Gulxan”da xanda (2017-yil 12-son)
***
Bolalar qorbobodan so‘rashibdi:
– Qorbobo, nega qorqizingiz yo‘q?
– Eh, bolalarim, qorqizim sizlarning maqtov, shirin gaplaringizdan erib ketdi.
***
Dilshod oyisiga dedi:
– Oyi, mening dadam qorbobodan qo‘rqadilar-a?
– Nega unday deyabsan? – so‘radi oyisi.
– Chunki har yangi yil kechasida qorbobo kelsa dadam yo‘qolib qoladilar-ku.
***
Dars vaqtida Kozim to‘polon qilgani uchun o‘qituvchisi burchakka turg‘izib qo‘yibdi.
– Sen shu ahvolda katta bo‘lsang, kim bo‘lasan? – debdi jahl bilan ustozi.
Shunda Kozim:
– Men katta bo‘lsam, quruvchi bo‘laman! Burchagi yo‘q sinf xonalar quraman, – debdi.
***
O‘qituvchi “Yashash uchun kurash” mavzusida dars o‘tmoqda.
– Aytinglar-chi, kimsasiz orolga o‘zingiz bilan nima olib ketgan bo‘lardingiz?
– Men och qolmaslik uchun juda ko‘p shirinliklar va ovqatlar olib ketgan bo‘lardim, – dedi Ravshan.
– Men esa zerikmaslik uchun qiziqarli kitoblar, telefonim bilan birga qo‘shimcha quvvatlagichlarini olib ketar edim, – dedi Shuhrat.
– Men orolga Ravshan bilan Shuhratni olib ketar edim, – dedi shunda Jasur o‘rnidan turib.
***
O‘qituvchi o‘quvchilarga debdi:
– Bugun sizlardan imtihon olaman.
– Kalkulyatordan foydalansak bo‘ladimi? – dedi Qodir.
O‘qituvchi:
– Ha, bo‘ladi.
Yana bir o‘quvchi:
– Mendeleyev jadvalidan-chi?
– Albatta, mumkin. Demak, yozib oling imtihon mavzusi “Ikkinchi jahon urushi”.
Hilola HAMDAMOVA tayyorladi.