Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jumboqli qatralar

***

Uyning ko‘chaga qaragan derazalari ochiq edi. Deraza tokchasiga ikkita jajji bolakay o‘tirib olib o‘tgan-ketganga salom berardi.

Kimdir to‘g‘ridan-to‘g‘ri alik olar, kimdir, barakalla, azamatlar, deb o‘tar, yana birov, voy buncha aqlli bolalar ekan, deb qo‘yardi.

Biroq men bu fikrga qo‘shilmadim.

 

***

Yurib ketayotgan avtobusga qo‘lida kattakon xalta ko‘targan xola yugurib chiqib oldi. Avtobus odam bilan to‘la edi. Xola turib qolgan joyga yaqin o‘rindiqda bir kampir nabirasi bilan yonma-yon o‘tirardi.

– Qo‘lingizdagi yukingizni Behzodimga beraqoling, xolasi, qiynalib ketdingiz, – dedi buvi mehribonlik bilan.

– Baraka top-ey, bolam, qo‘limni uzvoray deyotgandi, – dedi xola bolaning tizzasiga to‘rvasini qo‘ygach, qontalash barmoqlarini silab.

Lekin men bolaga bunday demagan bo‘lardim.

 

***

Orif qo‘lida palaxmon bilan simyog‘ochda junjikib o‘tirgan qushlarni nishonga olardi. Qushlar xavfni sezishsa-da, azbaroyi sovuq qotganlaridan uchib ketishga oshiqmasdi. Ana, Orif kattaroq toshni qo‘yib palaxmonini cho‘zdi... Chekkada o‘tirgan chumchiq “to‘p” etib yerga tushdi. Orif ham, tomoshabin bolalar ham o‘sha yoqqa yugurishdi.

– Qoyil, boshini uzvoribdi-ya, zo‘r mergan bo‘psan-da, o‘rtoq, – deyishdi bolalar Orifga havas bilan.

Men esa Orifga sirayam havasim kelmadi.

 

***

– Bilasizmi, oyi, sinfimizda kim zo‘r? – hovliqib so‘radi Rustam.

– Yo‘q, kim? – qiziqsindi oyisi.

– Jamshid! Nega desangiz, u hech kimdan, hatto o‘qituvchimizdan ham qo‘rqmaydi. O‘qituvchimizga ham bemalol gap qaytara oladi, – og‘zini to‘ldirib gapirardi Rustam.

Negadir, oyisi Rustamning gapini ma’qullamadi.

 

***

– Oyi, Farhod judayam qo‘rqoq ekan-a, – dedi Rustam eshikdan kirmasdanoq.

– Nega, nima qildi?

– Rahim tog‘aning bog‘idagi olmadan olmoqchiydik, Farhod egasi ko‘rib qoladi, deb kirmasdan uyiga ketib qoldi.

– Demak, Farhod hammangizdan zo‘r ekan, – dedi oyisi mamnun bo‘lib.

Oyisining nega bunday deganiga Rustam tushunmadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.