So‘zlarning sirli olami
Kundalik hayotda ko‘p so‘z va iboralarni ishlatamiz: “assalomu alaykum”, “maktab”, “dars”, “kompyuter”, “mashina”... Keyingi paytlarda lug‘atimiz “smartfon”, “fleshka”, “infografika” singari yuzlab xalqaro so‘zlar bilan boyidi. Ular tilga olinganda gap nima haqida ketayotganini darrov ilg‘aymiz: fleshka bu – fleshka, smartfon – o‘sha hamma biladigan jihoz... Og‘zaki muloqotda har bir so‘zni tushunib qo‘llaymiz, albatta. Lekin ularning asl ma’nosini tarixiy va lug‘at kitoblardan izlab ko‘rsak, g‘oyatda qiziq, hatto ajabtovur ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin.
Quyida nafaqat ona tilimizda, balki dunyo xalqlari tilida ko‘p qo‘llanadigan so‘zlarning etimologiyasi, ya’ni asl ma’nosi, kelib chiqish tarixiga oid ma’lumotlarni taqdim etarkanmiz, Sirli so‘zlar olamiga qiladigan bu sayringiz xayrli bo‘lishini tilab qolamiz.
Sochlari jamalak mersedesxonim
Ha, adashmadingiz, sarlavha Germaniyada ishlab chiqariladigan mashhur avtomobil rusumi haqida! Unda nega “sochlari jamalak” deb ta’riflangan, deysizmi? Eshiting.
Butun dunyoda eng zo‘r avtoulovlardan biri sifatida tan olinadigan mashina avvaliga “Daymler” deb atalgan, negaki, uning asoschisi nemis olimi Gotlib Daymler edi. Bu ixtirochi jahonda birinchi bo‘lib to‘rt g‘ildirakli avtomobil yasaydi va zavodida ishlab chiqara boshlaydi. Uning mashinalari o‘z davrida eng tezkor hisoblanardi, ya’ni ular soatiga 18 kilometr tezlikda harakatlanib, barchani hayratlantirardi!
Avtomobil ishqibozlari poygalar uyushtirar, ularda ko‘pincha “Daymler” g‘olib chiqardi. 1899-yilda shunday poygalardan birida avstriyalik Emil Yellinek chempionlikka erishadi va o‘z g‘alabasi sharafiga “Daymler” avtomobillarini o‘n yashar suyukli qizi Mersedes nomi bilan atashni taklif etadi. Uning taklifi inobatga olinib, mazkur zavodda ishlab chiqariladigan barcha mashinalar 1902-yil 23-fevraldan “Mersedes” deb nomlana boshlaydi.
Qizig‘i shundaki, yaqinlari Mersedes (bu nom aslida ispancha bo‘lib, marhamatli, sohibjamol, latofatli kabi ma’nolarni bildiradi) deb chaqiradigan bu qizning asl ismi Adriana Manuela Ramona Yellinek bo‘lgan. Mersedes esa ota-onasining erkalab qo‘ygan laqabi edi.
“Yaqin Sharq”mi, “Yaqin G‘arb”?...
Geografiya va jahon tarixi darslari orqali mamlakatlar tarixi, joylashgan o‘rni, nomlarining kelib chiqishi haqida o‘qigansiz. Okean va dengiz, daryolar nomi bilan ham yaxshi tanishsiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ular orasida muayyan sharoit va holat taqozosiga ko‘ra berilgan nomlar ham uchraydi. Masalan, Tinch okeani nomini olaylik.
Aslida bu ulkan okean hududida zilzila, to‘fonlar sodir bo‘lib turadi. Dahshatli to‘lqinlari uncha-muncha kemalarni ag‘darib tashlashi hech gap emas. Biroq mashhur dengizchi Fernan Magellan dunyoni aylanar ekan, eng katta okeandan tinch, osuda suzib o‘tadi va uni “Pasifico” deb ataydi. Bu portugalchadan o‘girilganda, Tinch degani edi... Mana, besh asrdirki, dunyodagi eng yirik suv hududi shu nom bilan atab kelinmoqda.
Gazeta, jurnallar va internetda Yaqin Sharq, Uzoq Sharq degan atamalarga ko‘zingiz tushgan. Yaqin Sharq deganda Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Kuvayt, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlar, Uzoq Sharq deyilganda esa, Rossiyaning sharqiy chekka hududlari tushuniladi. Ajabo, xaritaga nazar tashlasangiz, mazkur davlatlarning bari yurtimizdan janubi-g‘arbda joylashgan. Ular qanaqasiga biz uchun “Yaqin Sharq” bo‘lishi mumkin?
Gap shundaki, bu atamalarning mualliflari g‘arbliklar, ya’ni yevropaliklardir. Ular Osiyoning katta qismini Sharq deb ataydi, haqiqatan ham, ular yashayotgan joydan qaraganda aksariyat arab mamlakatlari joylashgan hudud “Yaqin Sharq” hisoblanadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, Rossiyaning sharqiy chekka qismi Yevropa davlatlari uchun “Uzoq Sharq”dir.
Kolumbiya – Kolumbning vatanimi?
Ko‘p davlatlar nomi u yerda yashaydigan xalq va millatlarning nomidan kelib chiqqan. Masalan, O‘zbekiston – o‘zbek xalqi, Hindiston – hind xalqi, Xitoy – xitoy xalqi nomidan... Lekin bilasizmi, barcha davlatlar ham o‘z xalqi nomi bilan atalmaydi. Deylik, Amerika qit’asi va Amerika Qo‘shma Shtatlari italiyalik sayyoh, geograf Amerigo Vespuchchi, Gibraltar – arab lashkarboshisi Jabal at-Toriq sharafiga shunday nomlangan. Yoki dunyoda avstral degan millat yoki xalq yo‘q, lekin Avstraliya (lotinchadan tarjima qilinganda “Janubiy yer”) degan qit’a va mamlakat bor...
Janubiy Amerikada joylashgan Kolumbiya o‘lkasi haqida o‘qiganmisiz? O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida yozilishicha, bu diyorda qadimdan hindu qabilalari yashagan va 1499-yilda ispanlar borib, u yerni makon tutgan. Ular 1530-yilda mustamlaka tartibini o‘rnatib, bu hududni Yangi Granada deb nomlagan. Uzoq yillar shu nom bilan atalgan yurt 1863-yildan Kolumbiya Qo‘shma Shtatlari, 1886-yildan Kolumbiya Respublikasi deb atalgan. Jahonda kolumb degan xalq yoki millat yo‘q, mamlakat nomi esa mashhur dengizchi Xristofor Kolumb nomidan kelib chiqqan. Chunki aynan Kolumb Amerika qit’asiga qadam qo‘ygan birinchi yevropalik sayyoh edi-da!
Darvoqe, hindu qabilalari nomi aslini olganda xato tushuncha tufayli yuzaga kelgan. Xristofor Kolumb o‘zidan besh asr oldin yashab o‘tgan o‘zbekistonlik Abu Rayhon Beruniy asarlarida yozib qoldirilgan yangi qit’aga qadam qo‘yaman deb sira o‘ylamagan edi. U ekspeditsiyasi bilan Hindistonga borish niyatida otlangan, shu bois qadam qo‘ygan joyining Hind diyori ekaniga zarracha shubha qilmagan. U yerda yashovchi mahalliy elatlarni esa hindular (“indeyslar”) deb atagan. Shu-shu, kelib chiqishiga ko‘ra turfa millat va elat vakillari bo‘lsa-da, Amerika qit’asining tub aholisi yevropaliklar tomonidan umumiy qilib, hindu qabilalari, deb atala boshlangan.
Siz bilan so‘zlarning sirli olamiga
ELMUROD akangiz sayohat qildi.