Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Lanka – dunyo bolalari nigohida

Yaqinda bolaligimda eng sevib o‘ynaydiganimiz – lanka o‘yini haqidagi bir xushxabarni eshitdim-u, beixtiyor o‘sha shodumon kunlarni yodga oldim. Beg‘ubor xotiralar meni momomning eski po‘stagiga olib ketdi...

...Kuz kelishi bilan qishlog‘imizda bolalarning lanka o‘yini boshlanadi. G‘urjobtepaga mol boqishga chiqqan tengqurlar har yerda to‘p-to‘p bo‘lib olganmiz. Birin-ketin lanka tepamiz. Har o‘yinda bo‘lgani kabi bu o‘yinning ham qoidasi o‘sha – kimning kuchi ko‘pga yetar. Menga gal kelishi bilan maroq bilan lanka tepishga kirishdim. “Raqib”larim ham menga qo‘shilib sanay ketdi: bir, ikki, uch... Shunda nima bo‘ldi-yu lankamning jun po‘stagi yirtilib ketdi. “Eh, shunday paytda-ya”. Sigirim “Oqvoy”ni Orifga qoldirdim-u oyog‘imni qo‘limga oldim: qaydasan momomning po‘stagi.

Qo‘limdagi “o‘ljam”ni mahkam changallab olgancha ko‘chaga otilarkanman, ortimdan momomning odatiy tanbehi eshitiladi:

– Ha, uying bug‘doyga to‘lgur-a... Yana po‘stagimni teshib ketdingmi? Sen bolani dastingdan uyda biron tagi butun po‘stak qolmadi-ku.

Momomning jon koyitib tergashlari qulog‘imga kirmaydi. Xayolim po‘stak bo‘lagidan tezroq lanka yasash-u, o‘yinga tezroq borib qo‘shilish bilan band...

...Bolalik shu kabi beg‘ubor xotiralari bilan aziz, qadrli. Lanka kabi xalq o‘yinlari esa unga yanada zavq beradi. Keling, endi bu o‘yin haqida kengroq to‘xtalib o‘tsak.

Lanka – o‘zbek milliy bolalar o‘yini. U mavsumiy bo‘lib, asosan kuz faslida o‘ynaladi. Bobolarimiz qadimdan bolalik davrlarida lankani muntazam o‘ynab kelishgan. Lanka shunchaki oddiy o‘yin emas, balki o‘ynovchi bolani ham jismonan, ham ruhan tarbiyalovchi, chinakam ma’nodagi xalq o‘yinidir. Sharq xalqlari etnografiyasi hamda madaniy hayoti bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar fikricha, lanka o‘ynaydigan bolaning nafas ritmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilarkan. Ya’ni, bir maromda to‘g‘ri nafas olinishi natijasida qorin va ko‘krak qafasi kislorod hamda qon bilan yaxshi ta’minlanadi. Natijada yurak faoliyati yaxshilanadi. O‘yin paytida qorin, xususan, ovqat hazm qilish a’zolari faoliyati qorin mushaklari ishlashi natijasida yaxshilanib boraveradi. Bu esa o‘z navbatida ichaklar, o‘t pufagi, oshqozon osti bezi faoliyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazib, turli xastaliklardan asrar ekan. Eng asosiysi, lanka tepayotganda ovoz chiqarib sanab borish natijasida diqqat bir joyga jamlanadi hamda inson xotirasi mustahkamlanib boradi.

Endi so‘zimiz boshida aytib o‘tgan xushxabar haqida. YUNESKO ekspertlarining 2003-yildan buyon olib borgan tekshirish va kuzatishlari natijasida o‘zbek o‘yini lanka – eng foydali o‘yin, deya baholanibdi. Va jahon bolalari o‘yini ro‘yxatiga kiritilibdi. Hozirda mazkur tashkilot faollari o‘yinning mamlakatimizdagi har bir viloyat va hududlarida keng tarqalgan turlarini yana bir bor to‘plab, uning “Nizom”ini aniq ishlab chiqish hamda dunyo bolalari o‘rtasida ommalashtirish ishlarini olib borishmoqda.

Mana sizga haqiqiy mo‘jiza. Bir paytlar bobolarimiz tomonidan o‘ylab topilgan hamda hozirga qadar xalqimiz orasida yashab kelayotgan lanka o‘yini bugun dunyo nigohida. Kun kelib uni butunjahon bolalari o‘ynaydi, bellashuvlar uyushtirishadi. Shunda lanka o‘yini tarixi bilan qiziqqan xorijiy davlat vakillariga faxr bilan “bu o‘yin bizning, O‘zbekistonimizning, o‘zbek bolalarining o‘yini”, deya javob beramiz.

Bolalikdan uzoqlashging kelmaydi. Qayta-qayta bu beg‘ubor olamga sayohat qilging kelaveradi, kelaveradi:... qishloqdagi tengqurlarimiz bilan G‘urjobtepaga chiqib lanka tepamiz. O‘yinda yutamiz, yutqizamiz. Muhimi, mana shu o‘yinlar orqali kurashni, yana va yana oldinga intilishni o‘rganamiz. O‘zaro hamjihatlikka yetaklovchi bunday o‘yinlarning sog‘inchi hali-hanuz men bilan birga. Bugun momom ham, uning po‘staklari ham yo‘q. Ammo xalqimiz, sizlardek bolalar orasida lanka nomi, uning zavqu, shodliklari mudom barhayot. Kelajakda siz, bolajonlar xotirasida ham lanka nomi yorug‘ xayol bo‘lib mudom yashashiga ishonamiz.

 

F. ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.