Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayrat eksponatlari

Muzey – jamiyat, odamlar, san’at, madaniyat, narsa va buyumlar hatto oziq-ovqatlar haqida qadim va yangi tarix yashaydigan ajoyibxona. Odatda muzeyga kirishingiz bilan sizni ko‘hna xotiralar og‘ushiga oladi. Shubhasiz, ustozingiz ota-onangiz yordamida yurtimizdagi ko‘plab muzeylar tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlarni bilib olgansiz. Bugun siz bilan birga chet davlatlardagi mahobatli, antiqa muzeylarga sayohat qilamiz”.

Dunyodagi eng yirik va mashhur muzey qaysi ekanini yaxshi bilsangiz kerak. Bu albatta Luvr muzeyi. Uning maydoni 160106 kvadrat metrga teng. Muzey turli davrlarga oid 300 mingga yaqin eksponatga ega. Luvr 1793-yilda keng ommaga xizmat qilishga mo‘ljallangan ilk muzey bo‘lgan.

Ermitaj nafaqat Rossiyadagi, balki dunyodagi ulkan badiiy va madaniy-tarixiy muzeylardan. Uning tarixi imperator Yekaterina II yig‘a boshlagan san’at asarlari kolleksiyasiga borib taqaladi. Bu yerda tosh asridan hozirgi zamongacha bo‘lgan davrga oid uch millionga yaqin san’at asarlari va madaniyat yodgorliklari saqlanadi.

Britaniya muzeyi – Buyuk Britaniyadagi bosh tarixiy-arxeologik muzey sanaladi. U o‘tgan yili tomoshabin soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi. Londonga olib kelingan arxeologik topilmalar va san’at asarlari bilan bir qatorda, har xil davrlarga mansub rasmlar, tangalar, medallar va kitoblar ham muzeydan joy olgan. Hozirgi kunda bu yerda yetti milliondan ortiq san’at asarlari saqlanadi.

1560–1581-yillarda Florensiyada barpo etilgan Uffitsi saroyi bugungi kunda Yevropaning eng yirik tasviriy san’at muzeyiga aylantirilgan. Galereyada mashhur italyan musavvirlari – Jotto, Leonardo da Vinchi, Rafael, Jorjone mo‘yqalamiga mansub asarlarni ko‘rish mumkin.

Yana shunday antiqa muzeylar bor ekanki, taajjublanmay ilojimiz yo‘q. Hech shokolad muzeyi haqida eshitganmisiz? Kema shaklida qurilgan bu muzey Reynauxafen yarim orolida qurilgan. U qandolat fabrikasida joylashmaganligi bilan boshqa shokolad muzeylaridan farq qiladi. Muzeyda shokolad qanday paydo bo‘lgani, qanday tayyorlanishidan tortib hozirgi kundagi shokolad turlarigacha mavjud. Muzeyning o‘ziga xos eksponatlaridan biri uning 3 metrli shokolad fontanidir.

Gollandiyada pishloq tarixi, rang-barang pishloqlar, pishloqqa oid har xil eksponatlar joy olgan muzey ishlaydi.

Germaniyada esa shu kungacha hammani hayratga soladigan, o‘ylantiradigan va biroz jahlini chiqaradigan g‘aroyib muzey barpo etilgan. Uni soxta muzey deb ham atashadi. Gap shundaki, bu yerdagi hamma eksponatlar qalbaki. Biroq ularni asl nusxadan ajratish qiyin. Binoning o‘zi ham qurilganiga xuddi ikki yuz yil bo‘lgandek ko‘rinadi. Lekin aslida bunyod etilganiga ko‘p bo‘lmagan ekan. Bu muzey shiori “Ko‘rgan hamma narsangga ham ishonaverma”. Muzeydan chiqishda yana bir yolg‘on bilan “siylashadi” – har bir odamga, yoshartiruvchi giyoh, deb oddiy choy yaproqchalari berishadi.

Yana Angliyada tikuv mashinasi muzeyi ham bor. U yerda 700 dan ortiq tikuv mashina turlari saqlanadi.

 

Barno LUTFULLAYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.