Muzlar “mamlakati”
Xitoy haqida ko‘p eshitgansiz va “Gulxan” sahifalarida u yerga xayolan “sayohat” ham qilgansiz. Ammo qishda Xitoyga sayohat qilishga hali ulgurmagansiz. U yerda o‘tkaziladigan Xarbin festivali haqida eshitgandirsiz? Eshitmagan bo‘lsangiz, unda eshiting.
Yangi yil bayrami kunlarida Xarbin shahri muzdan yasalgan haykallar saltanatiga aylanadi. Xarbin shahri – Xeylunszyan viloyatining shimoliy-sharqiy poytaxti bo‘lib, Rossiya bilan chegaradosh. Har yili qish fasli boshlanishi bilan bu yerda dunyodagi eng yirik festivallardan biri bo‘lgan muz va qor festivali o‘tkaziladi. Unda turli davr madaniyatiga xos saroy va inshootlarning muz va qordan yasalgan nusxalari, haykaltaroshlar ijodiga mansub xalq qahramonlari, afsonaviy mavjudotlar, yirtqich hayvonlar va o‘simliklar kabi original eksponatlar har yili 5-yanvardan to bahor kelib, kunlar isigunicha tomoshabinlar ko‘zini quvontiradi. Ushbu Xalqaro festival 1963-yildan beri o‘tkazib kelinadi.
Bu betakror manzara yuz minglab xitoylik va chet el sayyohlarini o‘ziga jalb qiladi. Xiyobonning katta maydonida tomoshabinlar uchun ikki mingga yaqin haykal va kompozitsiya namoyish etiladi. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni esa 500 000 metr kvadratni tashkil qiladi.
Bunday san’at asarlari Sulptorlar (haykaltaroshlar) tomonidan 15 kun davomida qo‘l mehnati, yangi texnologiya va uskunalardan foydalanib yaratiladi.
Xarbinda qor muammo emas, lekin hamma qorlardan ham foydalanishavermaydi, ular muzni faqatgina Sungari – tog‘ ko‘lidagi 15 ga yaqin muz turlaridan foydalanishadi. Sulptorlar aynan dekabr muzlarini qadrlashadi. Chunki ular nafaqat shaffof, balki juda qalin bo‘lib, turli shakllar kesish uchun qulay.
Sun Island Scenic Area – bu yerda muzdan yasalgan mehmonxonadan tortib kafe, restoranlargacha topishingiz mumkin.
Songhua River ice and Snow Happy Valley nomli bog‘da har yili qishki sport o‘yinlari, baliq tutish musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Bayram so‘ngida ajoyib marosim tashkil etiladi – barcha yasalgan eksponatlar sayyohlar va tomoshabinlar tomonidan muzo‘yar boltalar yordamida buziladi.
Hilola HAMDAMOVA tayyorladi.