Qachon boʻyingiz oʻsadi
Bolalar, siz tez-tez buvingiz yoki onangizdan, “bolamning boʻyi oʻsib ketibdi, bahorda olib bergan koʻylagim kuzda kalta boʻlib qolibdi!” – degan gaplarni eshitgansiz.
Bu – bor gap. Shifokorlarning maʼlum qilishicha, bolalar tanasidagi suyaklar oʻsuvchan boʻladi. Shuning uchun ham boʻyingiz tez oʻsadi, oyogʻingiz oʻlchami kattalashadi. Hammani hayron qoldirib, taʼtil chogʻida sezilarli toʻlishasiz. Chunki bola miyasidagi oʻsishni taʼminlovchi alohida hujayralar guruhi muttasil ravishda kimyoviy modda ishlab chiqaradi. Odam 25 yoshga yetgach, bu hujayralar faoliyati tugaydi. Shundan soʻng organizm oʻsishdan toʻxtaydi.
Olimlarning taʼkidlashicha, inson hayoti mobaynida uch marta jadal oʻsish pallasi kuzatilar ekan.
Birinchisi: tugʻilgan paytidan ikki yoshgacha.
Ikkinchisi: besh va yetti yosh oʻrtasida.
Uchinchisi: oʻn ikki-oʻn sakkiz yosh oʻrtasida. Bundan iloji boricha unumli foydalanishga harakat qiling. Yaʼni, bu paytda sport bilan koʻproq shugʻullaning.