Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qovoqlar saltanatida

Sharl Peroning “Zolushka” nomli ertagini barchangiz o‘qigansiz. Unga ishlangan filmni qayta-qayta tomosha qilgansiz. Ertakda mehribon Feya Zolushkaga bazmga borishi uchun qovoqdan yasalgan bejirim soyabonli arava sovg‘a qiladi. Qovoqning antiqa aravaga aylangani barchangizni hayratga solgani aniq. Ammo bunday hodisa faqat ertaklarda bo‘lishi ham bor gap. Biroq iste’dodli dizayner va rassom Baxtiyor aka mahorat bilan oshqovoqdan bo‘lmasa-da, tomosha qovoqdan shunday mo‘jizalar yaratayotgani haqiqat. Bunga biz Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uy-muzeyga kirganimizda guvoh bo‘ldik. Muzey tashqi ko‘rinishining o‘ziyoq sizni ertaklar olamiga chorlayotgandek tuyuladi...

Muzey mezbonlari Baxtiyor aka va Dildora opa Po‘latovalar bizni haqiqiy o‘zbekona urf-odatlar – milliy libosda, doira chalib, qo‘shiq aytib qarshi olishdi. Boshimizga do‘ppi, egnimizga milliy liboslar kiydirishdi. O‘zimizni xuddi qovoqlar saltanatida yurgandek his qila boshladik...

Hovli bo‘ylab yurar ekanmiz, go‘yo osmondan qovoqlar yog‘ilayotganga o‘xshardi. Bu qovoqlar quritish uchun ilib qo‘yilgan ekan.

– Qovoqlarning navi juda ko‘p. Ularning har birini tajriba qilib o‘stirib ko‘rganman. 30 dan ortiq qovoq navidan qaysi turi idish, qo‘g‘irchoq yasashga chidamli ekanligini yaxshi bilaman. Men uchun eng oson bosqich – qovoqni yetishtirish. Ammo, uni qaysi paytda uzish kerakligi nozik masala. Shunday paytni tanlash kerakki, qovoq ko‘m-ko‘k bo‘lmasligi, shu bilan birga hali pishib yetilmagan bo‘lishi kerak. Qovoqni muayyan haroratda kamida ikki yil davomida quritish lozim. Eng mushkul ishlardan yana biri quritilgan qovoqlarning ustidagi yupqa po‘stini ehtiyotlik bilan olib tashlashdir. Aks holda, qovoqlarga chizilgan rasmlar tezda ko‘chib tushadi, – deydi Baxtiyor aka.

Muzey ichkarisini aylanar ekansiz shakl berilgan, rasm ishlangan mingdan ortiq qovoqni tomosha qilasiz. Qizig‘i, ularning hech qaysisi bir-biriga o‘xshamaydi. Bu yerda nafaqat qovoqlarni, balki dazmol, hisoblash mashinasi, qadimiy chiroq va fonuslarning ilk nusxalarini ham ko‘rishingiz mumkin. Baxtiyor akaning aytishicha, bunday qadimiy buyumlarni qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni va hamkasblari muzeyga sovg‘a qilishgan ekan.

Baxtiyor aka bilan Dildora opa maktabda fizika va matematika fanidan bolalarga saboq berishgan. Hozirda nafaqada bo‘lishlariga qaramay, ular har kuni o‘quvchilar bilan birga.

Devorlarga osilgan turli xildagi pannolarni mohirlik va did bilan ishlanganiga guvoh bo‘ldik. Dildora opaning aytishlaricha, bunday go‘zal pannolarni Mehribonlik uylari va yordamga muhtoj maktablar uchun tayyorlab, muzey nomidan sovg‘a qilishar ekan. Bizni quvontirgan jihatlardan yana biri, chaqqon nabiralar Zilola va Farhod Hakimovlar bobosi bilan buvisiga bunday savobli ishda yaqin ko‘makdosh ekan. Ular Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktabda tahsil olishadi. Suratdagi qovoq qo‘g‘irchoqlarni ham ular birgalikda yasashgan. Tengdoshlaringizni bizga milliy qo‘g‘irchoqlari bilan birgalikda kuylab bergan qo‘shiqlari juda ham manzur bo‘ldi.

– Qovoqdan qo‘g‘irchoqlarning bosh qismini yasaymiz. Bu albatta, ehtiyotkorlik, qunt va sabr-toqatni talab etadi, – dedilar Dildora opa. – Niyatimiz, bolalarga milliy urf-odatlarimizni, axloq-odob tartib-qoidalarini o‘rgatish. Yosh avlod chet eldan kirib kelayotgan qo‘g‘irchoqlarni emas, balki o‘zimizning milliy qo‘g‘irchoqlarimizni o‘ynab katta bo‘lishsa.

“Qovoqlar uy-muzeyi”ni tashkil etilganiga 10 yildan oshdi. Shu yillar davomida maktab, litsey va chet ellardan qanchadan-qancha mehmonlar tashrif buyurgan. Shubhasiz, ular barchasi uylariga ajoyib taassurot va hayrat bilan qaytishgan. Biz bu haqda muzeyning maxsus daftarini varaqlab bilib oldik. Unga muzeyga kelganlarning hammasi bu maskan haqidagi fikr va mulohazalarini yozib qoldirishar ekan. Biz ham bu daftarga siz kabi o‘quvchilarga muzey haqida, albatta, ma’lumot beramiz, deya yozib qo‘ydik. Bu muzeyga kelsangiz, aslo afsus qilmaysiz. Sababi, bu dargohda zavqlanib ko‘rishga arzigulik betakror buyumlar bor...

Hozirgi kunda dunyo polizlarida shunday ulkan qovoqlar yetishtirilayaptiki, ertaklar rostga aylanib qolishi hech gap emas. Baxtiyor aka bizga ana shunday polvon qovoqlar haqida qiziqarli ma’lumotlarni aytib berdilar.

Belgiyalik fermer Mattias Villemayns og‘irligi 1190 kg keladigan qovoq yetishtiribdi. Fermer o‘z mo‘jizasini Germaniyaning Ludvigsburg shahrida bo‘lib o‘tgan qovoqlar vazni bellashadigan Yevropa chempionatiga olib kelibdi. Qovoq avvalgi rekordchini ortda qoldirib, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilibdi. Avvalgi rekord shveysariyalik Beni Mayyer tomonidan 2014-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, u yetishtirgan qovoqning og‘irligi 1054 kg tosh bosgan ekan.

Ana ko‘rdingizmi?! Yillar o‘tib yo‘llarimizda qovoqdan yasalgan soyabonli aravalar, ulovlar paydo bo‘lishi hech gap emas ekan. Ehtimol, qovoqmashinalarni siz ixtiro qilarsiz. Xalqimizda yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, degan naql bor. Shunday ekan, sizni qoqovlar muzeyida kutib qolamiz.

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.