San’atkor – bog‘bon
Kanadalik biolog va seleksioner olim Aksel Erlandson umrining qirq yilini ilmiy tajribalarga tayanib, o‘zi yashab turgan hududda “Daraxtlar sirki” deb nomlangan antiqa bog‘ barpo etishga sarflagan. 1884-yilda tug‘ilgan Aksel aslida qachonlardir Kanadaga ko‘chib kelgan shvedlar avlodidan. Uning oilasi ham turli daraxt va o‘simliklarni madaniylashtirish ishlari bilan shug‘ullanganlar. Bu qiziqarli mashg‘ulotlar Erlandsonni ilhomlantirib, u ham tobora ko‘kka bo‘y cho‘zib borayotgan daraxt nihollarida o‘z tajriba ishlarini boshlab yuborgan.
Yosh olim daraxtlarning o‘sayotgan tanasiga maxsus moslamalar yordamida har-xil shakllar berishga harakat qilgan. Natijada “Savat-daraxt”, “Qo‘shoyoq-daraxt”, “Narvon-daraxt” kabi noan’anaviy daraxtlar paydo bo‘lgan.
Aksel Erlandson jonli daraxtlardan noyob va betakror haykallar yaratgan san’atkor-bog‘bon bo‘lgan. Undan: “Bu kabi shedevrlarni qanday yaratgansiz?” – deb so‘rashsa, u odatda muloyim jilmayib: “Men buni daraxtlarning o‘zlaridan iltimos qilardim!” deya javob qilgan ekan.
Internet manbalari asosida Nilufar Jabborova tayyorladi.